Bog'liq XALQARO MUNOSABATLAR VA DIPLOMATIYA TARIXI LOTIN yangi
Elchilik tartiblari. Antik Yunonistonda jamoalar va polislar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda maxsus vakolatlarga ega bo‘lgan elchilar ham muhim rol o‘ynaganlar. Gomer davrida ularni “keryuks”, “angelos” (habarchi) deb ataganlar. Klassik davrda esa elchilar “presbeys” (oqsoqollar) deb atala boshlangan. Presbeyslar Afina, Sparta, Korinf singari qudratli polislarda 50 yoshdan oshgan nufuzli kishilardan saylangan. Ayrim polislarda esa elchilik vazifalari bilan arxont va arxont-polemarxlar (harbiy sarkardalar) shug‘ullanganlar. Dastlab barcha elchilar teng huquqli hisoblanib, keyinchalik bosh elchi lavozimi joriy etilgan. Elchilarga alohida maosh va safar xarajatlari uchun davlat tomonidan mablag‘lar ajratilgan. Elchilarga boshqa davlatlarga jo‘nab ketishi oldidan ikkita mum taxtachadan iborat yorliq taqdim etilgan. Ushbu yorliq “diploma” deb atalgan. “Diploma” so‘zi “ikkitasini birlashtiraman” degan ma'noni anglatadi. Mum taxtachalardan biriga elchilar uchun yo‘riqnoma qayd etilgan bo‘lsa, ikkinchisida elchining vakolatlari bayon etilgan.
Elchilar qo‘shni davlatlardagi xalq yig‘inlari va oqsoqollar kengashi majlislarida bevosita ishtirok etganlar. Ularga alohida hurmat bilan munosabatda bo‘lingan. Elchilarni o‘z yurtlariga kuzatish paytida ularga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etilgan. Elchi yurtga qaytib kelgach, xalq yig‘inida hisobot bergan. Missiyasini munosib bajargan elchi davlat hisobidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlangan. Ular uchun lavr daraxti barglaridan tayyorlangan gulchambar eng oliy mukofot hisoblangan.
Elchilarning asosiy vazifalari ittifoqlar tuzish, muhim shartnomalar imzolashdan iborat bo‘lgan. Shartnomalar “ilohiy hujjat” hisoblanib, uni buzish – “xudoning qarg‘ishiga uchrash” deb baholangan. Shartnomalar bandlaridagi o‘zaro majburiyatlar qasamyod bilan mustahkamlangan. Qasamyod oliy ruhoniylar ishtirokida amalga oshirilgan. Shartnomalar ahdlashuvchi tomonlarning tillarida tuzilib, bir nusxasi davlat arxiviga yoki ibodatxona arxiviga topshirilgan. Shartnomani buzganlarga juda katta jarima solingan. Ayrim vaqtlarda ularni xudolar sharafiga qurbonlik qilganlar.
Umuman olganda, antik Yunonistonda qadimgi Sharq mamlakatlaridan ko‘ra ko‘p jihatdan huquqiy asoslarga ega bo‘lgan diplomatik munosabatlar shakllangan va takomillashib borgan. Diplomatiyaga oid dastlabki ilmiy bilimlarning paydo bo‘lishi kelajakda Rim diplomatiyasining rivojlanishiga katta ta'sir o‘tkazgan.