Bog'liq XALQARO MUNOSABATLAR VA DIPLOMATIYA TARIXI LOTIN yangi
Qadimgi Ossuriya. Miloddan avvalgi I mingyillikda Yaqin Sharq xaritasi va undagi kuchlarning o‘zaro nisbati tubdan o‘zgardi. Xalqaro maydonda yetakchilik uchun yangi da'vogar davlatlar shakllandi. Ular ichida Ossuriyani alohida ajratib ko‘rsatish mumkin.
Miloddan avvalgi VIII asrning birinchi yarmi Ossuriya uchun chuqur inqiroz va tushkunlik davri bo‘ldi. Inqiroz holati uning xalqaro mavqyeiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Ossuriya davlatining tashqi siyosiy qudrati Tiglatpalasar (mil. avv. 745 - 727 yy.) davrida tiklandi. U asosiy e'tiborni g‘arb mamlakatlariga qaratdi. Janubda ham unga omad kulib boqdi. Xaldey qabilalari ustidan g‘alaba qozondi. Tiglatpalasarning o‘zi Pulu nomi bilan Bobilda toj kiygan.
Sinaxxerib (mil. avv. 705 - 681 yy) o‘z hujumlarini asosan ikki yo‘nalishda (g‘arbiy va janubiy) olib bordi. G‘arbda Ossuriyaga qarshi ittifoq tuzilgan bo‘lib, Sinaxxerib uni jangda mag‘lubiyatga uchratgan. Ittifoq ishtirokchilari birma-bir jazolangan va ular hududi Ossuriyaga qaram bo‘lib qolgan. Hukmronligining butun davri davomida Sinaxxeribning o‘y-fikrlari Bobilga qaratilgan. Ossuriyaga qarshi Bobil - Elam- Dengiz bo‘yi (O‘rta yer dengizi) arablar ittifoqi mavjud edi. Miloddan avvalgi 689-yilda Sinaxxerib Bobilni shafqatsizlarcha yakson qilib tashlagan. Sinaxxeribning o‘g‘li podsho Asarxaddon (mil.avv. 681 - 669 yy.) ham "Bobil masalasi"ni hal etishni tashqi siyosatning birinchi galdagi vazifasi deb hisoblagan. Sharqiy yo‘nalishda ham Ossuriya uchun havfli vaziyat yuzaga kelgan. Miloddan avvalgi 674 - 673-yillarda Ossuriyaning Kashtariti (Fraort) boshchiligidagi qo‘zg‘olonni bostirishga urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Natijada mustaqil Midiya podsholigi barpo etilgan va Midiyaliklar Ossuriyaga qarshi tuzgan ittifoq tuzganlar. Bu ittifoqqa manneylar, kimmeriylar, skiflar va boshqalar kirgan. Biroq Ossuriya diplomatiyasi ittifoq a'zolarini bir-biridan ajratib, ularni yengishga muvaffaq bo‘lgan. Miloddan avvalgi 674 va 671-yillarda Misr zabt etilgan ammo Ossuriyaning Misr ustidan hukmronligi mustahkam emasdi va uzoqqa cho‘zilmagan.
Asarxaddon o‘g‘li Ashshurbanapal davrida qarshilik ko‘rsatuvchilar va qo‘zg‘olonchilar ustidan shafqatsiz jazolar evaziga hamda josuslik faoliyatining mohirona tarzda yo‘lga qo‘yilganligi va tajribali diplomatik harakatlar tufayli Ossuriya gegemon maqomini vaqtinchalik saqlab qolgan. Bunga kimmeriylar va skiflar bilan tuzilgan ittifoq ham yordam berdi. Miloddan avvalgi VII asr o‘rtalarida mamlakatda siyosiy inqiroz avj olgan. Ossuriyaga qarshi yangi ittifoq shakllanib, elamliklar, xaldey-aramey knyazliklari va O‘rta yer dengizi bo‘yi qabilalari, Suriya, Finikiya va Ossuriyaning viloyatlarida keng ko‘lamli qo‘zg‘olanlar avj olgan. Ossuriya, ittifoqchilarning o‘zaro ziddiyatlaridan foydalanib, bu safar ham qo‘zg‘olonni shafqatsizlarcha bostirishga yerishgan.
Biroq, ich-ichidan yemirilgan Ossuriya Bobil va Midiyadan iborat qudratli ittifoqqa qarshi dosh berolmadi va parchalanib ketdi.
Ossuriya diplomatiyasi tarixiga oid manbalarda talaygina va rang-barang ma'lumotlar mavjud. Manbalar ichida eng yirigi qadimgi Nineviya harobalaridan topilgan Ashshurbanipalning ulkan kutubxonasi hisoblanadi.
Ossuriya va unga qaram bo‘lgan davlatlar o‘rtasida shartnomalar og‘ishmay bajarilishi lozim edi. Shartnomani tuzish marosimi sexr-jodu va turli amallar, xudolarni o‘rtaga qo‘yib qasam ichishlar bilan amalga oshirilgan. Shartnomani buzish eng tabarruk qoidalaridan xatlab o‘tishni anglatgan va shafqatsizlarcha jazolangan. Lekin shartnomalar ossuriyaliklarning o‘zlari tomonidan tez-tez buzilishi oddiy hol hisoblangan.
Turli davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni qadrlagan Ossuriya podsholari sulolaviy nikoh va hukmron xonadonlar bilan qarindoshlik aloqalarini o‘rnatishga alohida e'tibor qaratganlar. Ossuriya davlati hukmronligi davrida garovga olish amaliyoti tinchlik munosabatlarini kafolatlash, imzolangan shartnomalarga rioya qilish, Ossuriya hokimiyatiga bo‘ysunish elementlaridan biri sifatida ko‘p bora qo‘llangan. Tobe podsholar o‘z o‘g‘illarini, yaqin qarindoshlarini sodiqlik kafolati sifatida Ossuriya hukmdorlari saroyiga yuborishga majbur bo‘lganlar. Boshqa davlatlardan kelgan shoh nasliga oid qochoqlar hukmdor tomonidan juda yaxshi qabul qilingan va saroyda ushlab turilgan. Ulardan siyosiy o‘yinlar vaqtida foydalanganlar.
Ish yuritish Ossuriya davlatida ikki tilda - akkad tilining ossuriya shevasida va aramey tilida olib borilgan. Davlat nomidan muzokaralarni podsholar, shahzodalar, taxt vorislari, podsho amaldorlari olib borganlar. Oliy tabaqaga mansub elchilar “abarakku”, “rabshaku”, oddiy choparlar "mar shipri" deb nomlangan. Ossuriyada josuslik xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu ish bilan taxt vorisi shug‘ullangan.