KIRISH Iqtisodiy asosi qulchilik munosabatlarini o‘z ichiga olgan qadimgi dunyoda diplomatiya davlatlarning tashqi siyosatga doir masalalarini hal etib boruvchi muhim omilga aylanib bordi.
Quldorlik tuzumi taraqqiyotdan to‘xtab qolmadi. U bosqichma-bosqich bir nechta jarayonlarni boshdan kechirdi. Urug‘-qabilaviy munosabatlardan butkul qutilib ulgurmagan ilk quldorlik jamiyati Qadimgi Misr, Ossuriya, Xett podsholigi, Qadimgi Xitoy, Qadimgi Hindiston kabi davlatlarning shakllanishiga muhim turtki berdi. Ushbu diniy-harbiy boshqaruvga asoslangan davlatlarning tashqi siyosati asosan bosqinchilik xarakteriga ega edi. Yangi yerlarni bosib olish, qullar va chorva mollarini qo‘lga kiritish, boyliklarni talash maqsadida tez-tez urushlar sodir bo‘lar edi. Bunday urushlar xalqaro masalalarni xal etishning yagona yo‘li xisoblanardi. Quldorlik tuzumining asta-sekin mustahkamlanib borishi bilan davlatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlarga ehtiyoj sezildi. Qadimgi Sharqning yirik hukmdorlari ba'zi o‘zaro masalalarni diplomatik yo‘l bilan xal etishga alohida e'tibor qarata boshladilar. Nikoh diplomatiyasi xalqaro munosabatlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lib bordi. Lekin bosqinchilik urushlari Qadimgi Sharq dunyosida xalqaro masalalarga yechim topishda asosiy vosita bo‘lib qolaverdi.
Tovar-pul munosabatlariga asoslanuvchi rivojlangan quldorlik jamiyatlari – Qadimgi Yunoniston va Rimda xalqaro munosabatlar va diplomatiya yangi bosqichga qadam qo‘ydi.
O‘z yerlarini kengaytirish, qullarni qo‘lga kiritish, bozorlarga egalik qilish maqsadida tashqi siyosat olib boruvchi ushbu davlatlar o‘z maqsadlariga erishishi yo‘lida ittifoqlar tuzganlar, turli siyosiy diplomatik o‘yinlarni amalga oshirganlar. Bunday diplomatik jarayonlar ayniqsa Yunon-Eron, Rim-Karfagen munosabatlarida yaqqol nomoyon bo‘lganligini ko‘rishimiz mumkin.
Yunon-Rim jamiyatida zamonaviy elchilikning dastlabki kurtaklari shakllandi, diplomatik munosabatlarni tartibga soluvchi alohida davlat tashkilotlari vujudga keldi, professional diplomatlar yetishib chiqdi, diplomatiga oid bilimlar takomillashib bordi. Elchilarning daxlsizligini ta'minlashga qaratilgan, ularning huquq va majburiyatlarini ifodalovchi dastlabki qonun xujjatlari yaratildi. Yunon-Eron, Peleponess, Puni urushlari davomida nafaqat harbiy kuch-qudrat, shuningdek, diplomatiya ham urushlar taqdirini xal qiluvchi muhim kuchga aylanganligi yaqqol ko‘zga tashlandi.
Ayniqsa, Rim diplomatiyasiga oid bilim va tajribalar asosida o‘rta asrlar so‘ngida zamonaviy diplomatiya shakllandi. Xalqaro munosabatlarni tartibga soluvchi yangi me’yorlar, tamoyillar, qonun hujjatlari ishlab chiqildi. “Bo’lib tashla va hukmronlik qil” deb nomlangan Rim tamoyili keyingi davrlarda ham eskirmagan xolda dunyoga hukmronlikni da'vo qiluvchi yirik davlatlarning asosiy tamoyiliga aylandi. Yangi va eng yangi davrga kelib xalqaro munosabatlarni amalga oshirishda diplomatiya yagona yechim sifatida tan olinadigan bo‘ldi.
Birinchi va ikkinchi jahon urushi davrida, “sovuq urush” munosabatlari avj olgan yillarda va yadro urushi havfi susaymagan bugungi kunda ham diplomatiyaga bo‘lgan ehtiyoj o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Insoniyat jamiyatining saqlanib qolishi va kelgusida ham mavjud bo‘lishi xalqaro munosabatlardagi muammo va kelishmovchiliklarni faqat va faqat diplomatiya yo‘li bilan hal etishga bog‘liq bo‘lib qolganligi bugun hyech kimga sir bo‘lmay qoldi.
Hozirgi kunda jahon siyosatida ro‘y berayotgan keng qamrovli va murakkab jarayonlarni to‘liq anglab etish uchun xalqaro munosabatlar va diplomatiya tarixiga oid bilimlarga ega bo‘lish zarur. Shu nuqtai nazardan, taqdim etilayotgan o‘quv-uslubiy qo‘llanma qadimgi davrdan to hozirgi kungacha xalqaro munosabatlar va diplomatiyaga oid tarixiy jarayonlarni taxlil etishga yordam beradi.