Bog'liq XALQARO MUNOSABATLAR VA DIPLOMATIYA TARIXI LOTIN yangi
Klassik davrda xalqaro munosabatlar. Xalqaro munosabatlardagi muhim voqealaridan biri Yunoniston – Eron urushlaridir. Ushbu urushdan Eronning ko‘zlagan asosiy maqsadi aholisi ko‘p va iqtisodiy rivojlangan boy yunon polislarini zabt etishdan iborat bo‘lgan.
Yunoniston – Eron urushlarida yunonlarning vatanparvarligi va jasorati yorqin namoyon bo‘ldi va polislar birlashish zarurligi anglab yetganlar. Shu maqsadda miloddan avvalgi 481-yilda “Panellin ittifoqi”, keyinroq uning o‘rnida miloddan avvalgi 478-yilda “1-Afina dengiz ittifoqi” (Delos ittifoqi) vujudga keldi. Ushbu jarayonlar natijasida yunonlar qadimgi dunyoning eng yirik davlati sifatida namoyon bo‘lgan Axmoniylar saltanati bilan bo‘lgan to‘qnashuvda g‘alabaga erishganlar.
Miloddan avalgi 449-yilda "Kalliy sulhi” (Afina elchisining ismi Kalliy bo‘lganligi sababli ushbu bitim shunday nomlanadi) tuzilgan bo‘lib, unga ko‘ra Eron shohi yunonlarning Kichik Osiyodagi barcha polislari mustaqilligini tan olgan hamda yunonlarga qarshi harbiy harakatlar olib bormaslik majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Eron harbiy kemalariga Egey dengizida harakat qilish ta'qiqlangan. Yunon polislari Sharqiy O‘rtayer dengizi mintaqasiga dahl qilmaslik va Misrga oid masalalarga aralashmaslik majburiyatini o‘z zimmasiga olganlar.
Delos simmaxiyasi (ittifoqi) yunon shaharlarining mustahkam birlashmasiga aylangan. Ittifoqda Afinaning ustunligi ko‘zga tashlanib turgan. U yirik boy polis bo‘lib, eronliklarga qarshi urushning asosiy og‘irligini o‘z gardaniga olganligi sababli ham boshqa polislardan o‘zini ustun qo‘yishi uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Miloddan avvalgi 454-yilda ittifoqi xazinasining Delos orolidan Afinaga ko‘chirilishi ushbu ustunlikning yanada yaqqol ko‘rinishi bo‘lgan.
Afina butun Yunonistonda gegemonlik qilishga intilishi Sparta bilan munosabatlarning yomonlashishiga sabab bo‘lgan. Bu qarama-qarshilik Peloponnes urushiga (mil. avv. 431 – 404 yy.) olib kelgan. Urush Spartaning g‘alabasi bilan yakunlangach, 1-Afina dengiz ittifoqi tarqatib yuborilgan. Polislar o‘rtasidagi doimiy urushlar ularning shundoq ham tang ahvolini yanada zaiflashtirgan.
Miloddan avvalgi 399-yilda Eron va Sparta o‘rtasida urush boshlangan. Axamoniylar orasidagi sulolaviy kurashga Spartaning aralashuvi ushbu urushni keltirib chiqargan. Biroq, miloddan avvalgi 395-yilda Ahamoniylar yordamida tuzilgan ittifoq Spartaga qarshi urush boshlagan. Ushbu ittifoqqa Afina, Korinf, Fiva kirgan. Eronning kuchli ta'siri ostida tinchlik sulhi imzolangan (mil. avv. 387 y. "Antalkid" sulhi). Unga ko‘ra Eron davlati Kichik Osiyo shaharlari ustidan nazoratni qayta qo‘lga kiritgan, eronliklar flotiga Egey dengizida suzishga ruhsat berilgan, yunon polislari ustidan nazorat qilish Spartaga topshirilgan.
Miloddan avvalgi 378-377-yillarda Sparta bilan kurashish uchun Ikkinchi Afina dengiz ittifoqi tuzilgan. Levktra shahri yonidagi jangda (mil. avv. 371 y.) fivaliklar Sparta qo‘shinlarini mag‘lubiyatga uchratishgan va ushbu voqea Spartaning engilmasligi to‘g‘risidagi afsonani yo‘qqa chiqargan. Mantiney yonidagi jangda (mil. avv. 362 y.) fivaliklar sarkardasi Epaminondning o‘limidan so‘ng Fiva shahrining qisqa muddatli yuksalishi yakunlangan. Bunga Fivaning kuchayishidan qo‘rqib qolgan Afinaning fivaliklarga nisbatan g‘arazli munosabati sabab bo‘lgan. Biroq, Afinaning Ikkinchi Afina dengiz ittifoqida o‘z ustivorligini o‘rnatishga qaratilgan urinishlari ittifoqchilarning qarshiligiga uchragan va "Ittifoqchilar urushi”ga olib kelgan (mil. avv. 357 – 355 yy.). Ushbu urush ittifoqning tarqalib ketishi bilan yakunlangan.