www.ziyouz.com
kutubxonasi
12
Oqpodsho tag‘in bobomiz bilan yuzma-yuz bo‘ladi. Salmoqlab-salmoqlab bayon etadi:
— Gap lo‘ndasi... Shvetsiya vaziri Falonchiev janoblari aytganlariday, bu tuproq O‘rusiya tojidagi
oliy qimmat dur, ha, dur! Aslo, aslo sening tuprog‘ing emas!
— Labbay-labbay?
— Sen bunday qaymoq tuproqqa yarashmaysan!
— Nima-nima?
— Chunki sen chuchelasan, chuchela!
— Sart-sobakasan, sart-sobaka!
— Biz sen sart-sobakalarni O‘rusiyaga jo‘natamiz!
— O‘rusiyada sening basharangday qoratuproq bor. Sen ana o‘sha qoratuproqqa yarashasan!
— Qoratuproq — sart-sobaka... Sart-sobaka — qoratuproq... Juda hamohang!
— O‘zi, bu chuchelalar qanday qilib bunday qaymoq tuproqda yaralib qoldi, Duxovskiy?
— Aytgiligi yo‘q, Nazarov, aytgiligi yo‘q. Shunday tuproqda shunday sart-sobakalarni yaratgan
xudogayam qoyil emasman.
— Qo‘yaver, Duxovskiy, bu tuproqqa endi Ulug‘ O‘ris xalqi keladi!
— Bilaman, Samaradan ikki yuzta o‘ris mujik ko‘chib keladi.
— Bizning Saratovdan bir yuz ellikta o‘ris mujik keladi.
— Mujiklarimiz hademay poezddan tushadi!
— Endi bu qaymoq tuproqda Ulug‘ O‘ris xalqi dehqonchilik qiladi!
Bobomiz nafasi ichiga tushib ketadi. Bobomiz g‘aribona-g‘aribona qadamlaydi.
— Jamoliddin ketmon, namozingni o‘qib olasan-a? — deydi Ashal no‘g‘ay. — Peshin namozingni
o‘qib olasan-a?
Ashal no‘g‘ay bosh irg‘ay-irg‘ay shunday deydi. Ashal no‘g‘ay bot-bot shunday deydi.
Ashal no‘g‘ay Oqpodshoga yuz soladi.
— Bir mo‘min banda namozini o‘qib olsin? — deydi.
— Hayda-hayda! — deya jerkiydi Oqpodsho.
— Kunpayakun masjid joyida cherkov poydevorini tashladik. Cherkov bitsin, cherkovda namoz
o‘qiydi! — deydi Oqpodsho.
— Toat-ibodatni qanda qilish yomon, — deya sarg‘ayadi Ashal no‘g‘ay. — Xudo yo‘lda biror kor-
holga giriftor etadi.
Oqpodsho sergaklanadi. Oqpodsho tevarak-boshga nazarlanadi. Oqpodsho hadiklanadi.
— Mayli, xudo yo‘lida bo‘lsa, mayli, — deydi Oqpodsho.
— Xudo yo‘lida qo‘llarini bir bo‘shatib oling, — deydi Ashal no‘g‘ay. — Qo‘lsiz namoz o‘qib
bo‘lmaydi.
Oqpodsho bobomiz qo‘llarini ozod etadi. Bobomiz obtovadan tahorat oladi. Bobomiz qibla taraf
belbog‘ yoyadi.
17
Oqpodsho yong‘oq ostilab soyalaydi.
Miltiqlari o‘nglarida turadi. Bosh kiyimlari chaplarida turadi.
Oqpodsho bobomizdan ko‘z uzmay soyalaydi.
Ashal no‘g‘ay bir bobomizga qaraydi, bir Oqpodshoga qaraydi. Qamzulini ola-ola, bobomiz taraf
odimlaydi.
— Ha, yo‘l bo‘lsin, no‘g‘ay? — deydi Oqpodsho.
— Men ham namozimni o‘qib olayin, janoblar, — deydi Ashal no‘g‘ay.
— Sen cho‘qintirilmaganmisan?
— Xudoga ming qatla shukur, musulmon farzandiman.
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |