www.ziyouz.com
kutubxonasi
9
— Otishga shaylansin!
To‘plar jangir-jungur o‘qlanadi.
— Yotilsin!
Mo‘min-mazlum tag‘in peshonasini yer qo‘yadi. Mo‘min-mazlum tag‘in quloq-chakkasini
ushlaydi.
— Otilsin!
Masjid qop-qora to‘pon bo‘ladi.
Nog‘orachilar bodratib-bodratib nog‘ora chaladi.
Shunda, bir nuroniy chol mazlumni yorib-yorib oldinlaydi. Nuroniy chol yo‘lida g‘ov bo‘lmish
miltiq-tig‘larni qayirib-qayirib oldinlaydi.
Nuroniy chol generalni ko‘zlab keladi. Nuroniy chol general etigiga kaft qo‘yadi.
General Skobelev etigi bilan nuroniy chol iyak-soqolidan itarib tashlaydi.
— Yo‘qol, sart-sobaka, etigimni harom etasan! — deydi general Skobelev. — Men, sen sart-
sobakalarni etigim poshnasiga olmayman!
Nuroniy chol dalbanglab-dalbanglab boradi-boradi — keti bilan o‘tirib qoladi.
— Kapitan Kayshovskiy! — yo‘qlaydi general. — Kayshovskiy deyman! Manavi qari sart-sobaka
kim bo‘ldi?
Kayshovskiy hadahalab-hadahalab boradi. General Skobelev uzangisi oldida mulla mushuk
bo‘ladi.
— Umarxon eshon, janobi oliylari, Umarxon eshon! —deydi.
— Eshon tugul, — deydi general Skobelev. — Muhamad Payg‘ambar bo‘lsayam, etigim
poshnasiga olmayman!
— Ajab qilasiz, janobi oliylari, xo‘p ajab qilasiz!
— So‘rangiz, qari sart-sobaka nima maqsadda etigimga osiladi?
Kayshovskiy Umarxon eshonni general Skobelev uzangisi qoshida betma-bet etadi.
— Ha-a, eshon? — deya zug‘umlaydi general. — Nima deysan?
Umarxon eshon qalt-qalt etadi. Umarxon eshon duduqlana-duduqlana aytadi:
— Taqsir... — deydi, — taqsir, men bir kam saksonda bo‘ldim...
— Aql yoshda emas, aql boshda, eshon! — deydi general Skobelev. — Men o‘ttiz yoshimda
Xivani tiz cho‘ktirdim! Mana, o‘ttiz ikki yoshimda Qo‘qonni tariqday tirqiratdim! Saksonni urib
qo‘yib, sen nimani qotirding?
— Ofarin, taqsir, ofarin, o‘ttizida er atangan, qirqida sher atanar, deydilar. Taqsir, men bir kam
saksonda...
— Masala ravshan bo‘ldi: sakson yoshimni hurmat et, demoqchisan-da? Eshon, tuzemetslar
o‘zidan bir yosh katta bo‘lsayam hurmatini bajo etadi. Bobo, deydi, momo, deydi. Opa, deydi, aka,
deydi. Tuzemetslar o‘zidan bir yosh katta bo‘lsayam siz-sizlab murojaat etadi. Tuzemetslar o‘zidan
yoshi kattalarga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom beradi, yo‘l beradi, joy beradi. Eshon, biz Ulug‘
O‘rusiyamiz! Ulug‘ O‘rusiya yosh bilan qarini bilmaydi! U o‘z oti o‘zi bilan — Ulug‘ O‘rusiya!
Bo‘ldi, endi tuzemetscha urf-odatlaringni yo‘q etamiz! Endi Ulug‘ O‘rusiya urf-odatlarini qabul
etasan!
— Taqsir, men yoshimni peshlamoqchi emas edim. Men... sakson yoshli bir mo‘ysafid, kalom
uchun ijozat tilamoqchi edim.
— Ijozat, aytingiz!
— Taqsir... Siz to‘pga tutajak dargoh masjid...
— Masjid bo‘lsa nima bo‘pti?
— Masjid Xudoi taolo dargohidur, taqsir. Xudoi taolo dargohidur.
— Ol-a, eshon, ol-a! Islom dini Turkistonga VIII asrda keldi, VIII asrda! Islom Turkistonda o‘n
asrdan ziyod hukmronlik qildi, o‘n asrdan ziyod! Bo‘ldi, yetar endi! Endi Ulug‘ O‘rusiya hukmronlik
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |