www.ziyouz.com
kutubxonasi
164
Bu gapni eshitgan Muhiddin ota nima deyishni bilmay, gangib qoldi.
Dev aka Jalil bilan ko‘rishayotib ham shunday dedi. Ammo barchani hayratda qoldirib
Asadbekka bunday demadi.
Abdurahmon tabibga uning fe’li ma’lum: Dev aka birovni suymasa pul va’da qilmaydi.
Boshqalarga milliondan «beraveradi». «Bu odamning nimasi yoqmadi? U ham ko‘zlarida
zulm ko‘rdimi ekan?» deb o‘yladi tabib.
Dev aka millionlarni «ulashib bo‘lgach», o‘tirib Abdurahmon tabib uzatgan choyni
xo‘rillatib ichdi.
— Abdi, — dedi u tishsiz milklari bilan non chaynab. — Mix yo‘q. Hech yerda yo‘q. Iso
Masixni mixlashga yetgan mix endi yo‘q. Hamma tilanib yuribdi. Rais ham tilanyapti.
«Sotsializm qurish uchun ehson qiling», deydi. «Puli yo‘q odam qurilish boshlamaydi»,
dedim. — Dev aka hiringlab kulgan edi, og‘zidagi choy soqolidan oqib tushdi. — Pul yo‘q,
mix yo‘q, u sotsializm quraman, deydi.
Muhiddin ota unga qarab turib ajablandi: ba’zi gaplari tuppa-tuzuk, ayrimlari almoyi-
aljoyi. Uy egasi indamay o‘tirgani uchun, ular ham gapirmadilar. Dev aka choyni ichib
bo‘lgach, piyolani to‘ntardi-da, o‘rnidan turdi.
— Abdi, mix yo‘q, sen sotsializm qurma, — deb chiqib ketdi.
Shundan so‘ng tabib Dev akaning kimligini aytib qo‘yishni lozim topdi.
— Biz bir qishloqdan edik. Qizillar kelib bizdan tilla talab qilishdi. Bularning uyini tit-pitini
chiqarishibdi. Onasi yashirib qo‘ygan bitta tangani yutib yuboribdi. Haromilar ko‘rib
qolib, ayolni homilador demasdan, qilichda qornini yorib olishgan o‘sha tangani. Dev aka
to‘rt-besh yosh ekan. O‘shandan beri shunaqa bo‘lib qolgan.
— Astag‘firulloh, — dedi Muhiddin ota.
— Yo‘g‘-e, homilador xotinni-ya? — deb ajablandi Jalil.
— Bu sizlarga cho‘pchakka o‘xshaydi, — dedi tabib. — Men ertakchi emasman.
Bilganimni gapiraman. Bizni bu yoqlarga ko‘chirishganda Dev aka ergashib keldilar.
Avval biznikida yotib yurardilar. Keyin-keyin duch kelgan yerni makon tutadigan
bo‘ldilar. Qishin-yozin yurishlari shu — sarpoychan.
Ovqat kirib taomlanishgandan so‘ng tabib Asadbekning yoniga o‘tdi.
— Qani, inim, qo‘llaringizni bering. Ismingiz nima, yoshingiz nechada?
Tabib Asadbekning kaftlariga boqdi, tirnoqlarini ezib ko‘rdi. So‘ng ikki bilagidagi tomirga
bosh barmog‘ini qo‘yib, boshini egganicha ancha o‘tirdi.
— Ichingizga sovuqlik in qurib olibdi, haydash kerak, — dedi u Asadbekning bilaklarini
qo‘yib yuborgach. — Buning ilojini qilamiz. Lekin... yana bir xastalik ilashibdi sizga.
Buning ishi qiyin. Shifo berguvchi Olloh. Ollohga tavakkul qilgumiz. Menda dori
tayyorlash uchun bir narsa yetishmaydi. Eski arobada kelganingiz bilan topar-tutaringiz
yaxshiga o‘xshaydi.
— Ayting, topamiz, — dedi Jalil.
— Topasizmi? — dedi tabib unga norozi qiyofada boqib. — Yaxshi, topib keling. Menga
tilla tanga kerak.
— Tilla tanga? Nechta? — deb so‘radi Jalil, xuddi cho‘ntagi tilla tangaga to‘la odamday.
— Bir dona. Aslida undan ozgina kukun sidirib olaman. Qolgani o‘zinglarniki.
— Oshnam tuzalsa bo‘ldi, bu yog‘idan xotirjam bo‘ling, ota. Bir emas, yuzta tanga bo‘lsa
ham topamiz.
— Inim, ikkinchi daf’a bunday deya ko‘rmang menga. Men u dunyoga mol-dunyo bilan
bormayman. Yolg‘iz Ollohga va uning rasuliga muhabbatim bilan boraman. Shu bois bu
dunyodagi boylikni, siz aytgan yuzta tangani sariq chaqaga ham olmayman.
Asadbek oshnasining biqiniga tirsagi bilan turtdi. Muhiddin ota «attang!» deganday bosh
chayqadi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |