www.ziyouz.com
kutubxonasi
160
Jalil chiqib ketgach, Asadbek «Endi bemalol gapiravering», deganday mehmonga qaradi.
Muhiddin ota bir ozgina taraddudlanib, so‘ng vazminlik bilan so‘z boshladi:
— Bir hafta bo‘ldimikin, oshnangiz keldi. Bir xavotir bilan boshpana izlab kelgan ekan.
Kimlardir izlariga tushibdilar ekan. Kimlar ekanini o‘zingiz bilar ekansiz.
«Kimligini bilaman, Xongirey!» deb o‘yladi Asadbek.
— Uning iziga tushganlar orasida sizda avval xizmat qilgan bir o‘zbek yigiti ham bor
ekan.
— Kim ekan? — deb ajablandi Asadbek.
— Ismini aytmadilar. — Mehmon Asadbekning o‘yga tolganini ko‘rib, sukut saqladi.
«Kim bo‘lishi mumkin? Balki... Hosilning odamlaridandir?..» Asadbek Jamshidning
tirikligini, Kozlov izidan tushgan chechen yigitlar qatorida yurgan bo‘lishi mumkinligini
xayoliga ham keltirmadi.
— Men uni siz ko‘rgan kulbamda qoldirib keldim. O‘n besh kunlik oziq-ovqatini
g‘amladim.
— Yaxshi qilibsiz, rahmat sizga.
— Xotini bilan qizchasini Kemerovo orqali bu yoqqa olib keldim. O‘zi kelishga unamadi.
Bu yoqlarda qo‘lga tushsa, sizga yomon bo‘lar ekan. Xotini bilan qizchasini Marg‘ilondagi
bir oshnamnikiga qo‘yib keldim. Erta-indin ularni atdan olish kerak.
— Olamiz, — dedi Asadbek o‘ychan, — shu bugunoq ishonchli joyga yetkazamiz.
— Bo‘tam, sizga aytmoqchi bo‘lgan omonat gapim shu. Endi, ijozat etsalar, bir-ikki
so‘raydurgon gapimiz ham bor.
— So‘rang, ota.
— Bo‘tam, mening ojiz fikrim balki adashayotgandir. Lekin... sizlarning ishlaringizda bir
yovuzlik ko‘ryapman.
Muhiddin ota «Bu savol bilan yurak yarasini tirnab qo‘ymadimmi», degan xavotirda
Asadbekka qarab olib, boshini egdi.
Asadbekning ham boshi egik edi. Otasining birodariga, halol-haromning farqiga yaxshi
boradigan odamga nima desin? Qanday tushuntirsin? Jahl g‘avg‘osi ila mag‘rur, aqldan
begona onlarini qanday aytsin? Vujudi vahshat ichra tor-mor bo‘lgan odam pokiza
insonga kirlangan yuragini ko‘rsata olarmi ekan?
Lekin... nimadir deyishi kerak.
Savol berildi.
Javob kutilmoqda.
Asadbek boshini bir og‘irlik, bir azob bilan ko‘tardi.
— Ota, bizning ishimiz nozik. Bir-ikkita kooperativlar ochganmiz. Do‘st bor, dushman
bor...
— Dushmanning biri ham xatar, — deb mezbon Asadbekning fikrini quvvatladi.
— Biz ba’zan hukumatni aldashga ham majburmiz. Hukumatning qoidalari chatoq,
aldamaslikning iloji yo‘q. «Odamlar qing‘ir ish qilsin» deb qing‘ir qoidalarni o‘ylab
chiqaradigan amaldorlar ham bor-da!
— Oshnangizni... hukumat ta’qib qilmadi, deyman?
— Nega bunday deyapsiz?
— Hukumat ta’qib qilsa, oilasiga tegmas, deyman.
— Ha... to‘g‘ri anglabsiz. Biz bilan kelisha olmaydigan boshqa kooperativlar bor.
Oraga sukut cho‘kdi. Muhiddin ota bir necha nafaslik sukutdan so‘ng boshini quyi
egganicha, xuddi o‘ziga o‘zi gapirayotganday bir bayt o‘qidi:
— Hayotning tarbiyatsizlik to‘foniga nishon aylab, Chunon majruh o‘lub ruhlar,
yuraklar zohidon o‘lmish.
Asadbek baytning mazmunini anglamay qariyaga qarab oldi. Sukut yana davom etib,
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |