www.ziyouz.com
kutubxonasi
159
boshlamadi. Fotihadan so‘ng Muhiddin ota:
— Ota yurtimga yo‘lim tushib edi, sizni yo‘qlamay ketolmadim. Poezdim oqshom jilar
ekan, ungacha diydoringizga bir to‘yay, — deb kelishdan maqsadini aytdi.
— Hali poezdga patta ham oldingizmi? — dedi Jalil.
— Ha, endi, safar qaridi-da.
— Jalil, xabaring bormi, uch-to‘rt kun poezdlar yurmasmishmi? Temiryo‘lchilar ish
tashlashganmishmi?
— Eshitmay bo‘ladimi? Kechadan beri Maskovdan aytib yotishibdi. Poezd bir oy yurmas
ekan.
Hazil aralash bu lutfdan mamnun bo‘lgan mehmon minnatdorlik bildirdi.
— Siz qaytganingizdan so‘ng oshnangiz keldilar. Rahmatli dadangizning qabrlariga
marmartosh qo‘ydirmoqchi bo‘ldilar. Siz aytgan ekansiz. Picha pul ham tashlab ketgan
ekansiz. Bo‘tam, sizni injitmoq niyatim yo‘q, ammo bu ish durust bo‘lmagani bois ijozat
bermadim. Ularga tushuntirmoq mumkin bo‘lmagani sababli «Toshni o‘zim
qo‘ydiraman», deb pulni oldim. Mana, — u shunday deb qo‘yin cho‘ntagidan gazeta
qog‘oziga o‘ralgan pulni olib, uzatdi. — Hozir kelayotib qurdirayotgan masjidingizni
ko‘rdim, Olloh sizdan rozi bo‘lsin. Bu pulni shu xayrli ishga ishlating.
Asadbek shu maqsadda pul qoldirmoqchi bo‘lganda Kozlov «Bitta toshga qurbimiz
yetar», deb olmagan edi. Hozir shuni aytib, qariyaning qo‘lini qaytarmoqchi ham bo‘ldi.
Lekin orada uni xijolat qilib qo‘yishi mumkinligi sababli fikridan qaytdi. Uning o‘ylanib
qolganini ko‘rgan Jalil chaqqonlik qilib, Muhiddin otaning qo‘lidan pul o‘ramini oldi.
— Juda to‘g‘ri qilibsiz, boplabsiz! — dedi u qariyaga dalda berib. — Tosh qo‘yishi nimasi?
Islomda yo‘q bunaqasi. Men bolalarimga aytib qo‘ydim. «Mabodo o‘lib qolsam tosh-posh
qo‘yib yurmalaring», dedim. Xuddi o‘lik chiqib ketmasin deganday tosh bostirib
qo‘yishadi-ya! Odam tuproqdan bo‘lganidan keyin tuproqqa qorishib yotaveradi-da,
to‘g‘rimi, taqsir?
Jalilning «chala mullaligi» tutib, mehmonni gapga soldi. Ayollarning qabristonga
borishlari haqida o‘zicha bahs ham yuritdi.
— Mana, siz, ayollar ham ziyorat qilsalar bo‘ladi, deyapsiz. Axir «Qabristonga borgan
ayollarga Ollohning la’nati bo‘lsin» degan hadis bor-ku?
— Bo‘tam, men Yaratganning ilmi sayoz bir bandasiman, — dedi Muhiddin ota vazmin
ohangda. — Shu kunlarda aytilayotgan qaysi bir hadisi sharif sahih, qaysi biri gumonli —
mening ojiz fikrim farq eta olmaydi. Siz aytgan hadisi sharifda balki ko‘mish marosimiga
borish nazarda tutilgandir, vallohi a’lam? Rivoyat qilishlaricha, arab ayollari qabristonga
borgunlaricha hamma yoqlarini yulib, qonatib tashlar ekanlar. Yana Olloh biladi, balki
shu holat nazarda tutilgandir. Yana bir fikr shuki, qabristonga faqat tahorat bilan kiriladi.
Ayollar ba’zan bu holda bo‘lmaydilar. Bo‘tam, yana bir hadisi sharif borki, unda
qabristonni ziyorat qilishga da’vat etiladi. Mozoriston qiyomatni yodga solib turadi,
deyiladi. Mazkur hadisi sharifda «faqat erkaklar borsin», deyilmaydi. Mening bilganim
shu, bo‘tam, yana ulamolardan so‘rab, o‘rganmoq joizdir.
Muhiddin ota Jalil bilan suhbatlasha turib Asadbekka bir-ikki ma’noli qarab oldi. Asadbek
bu qarashlardan qariyaning yolg‘iz o‘ziga aytmoqchi bo‘lgan gapi borligini sezdi.
Qarasaki, oshnasining gaplari hali-beri tugamaydigan, shu sababli so‘zini shartta uzdi-
da:
— Jalil, og‘ayni, otamga o‘z qo‘ling bilan bir palov damlab bergin. Sening oshingni ham
yemaganimizga ancha bo‘ldi, — dedi.
Jalil «Men qachon osh damlagan edim?» degan savol nazari bilan Asadbekka qaradi.
So‘zi bekorga bo‘linmagani, tashqariga chiqib turishi lozimligini anglab, noiloj o‘rnidan
turdi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |