www.ziyouz.com
kutubxonasi
161
Asadbek o‘zining bolaligi haqida oz bo‘lsa-da aytishi lozimligini bildi. U maktabdagi,
ko‘chadagi haqoratlarni, bir burda qora nonga zor kunlarni ko‘rganini aytmadi. Bu
kunlarni ko‘rgan birgina u emas edi.
— Onam olamdan o‘tganlaridan keyin... qimorbozlarga aralashib qoldim. Meni o‘sha
odamlar tarbiya qilishdi. Uylanganimdan keyin ko‘p o‘ynamadim. Ustozimning gapiga
kirib, tashladim. Qimorbozlarga qozilik qildim. Keyin... kooperativlar ochdik. Men
haqimda bo‘lar-bo‘lmas gaplar ko‘p. Men... namoz o‘qimasam ham Xudodan qo‘rqadigan
insonman. O‘lganimdan so‘ng do‘zaxda kuyishimni bilaman.
— Xudo saqlasin, gunohlaringizni o‘zi kechirsin. Tavba qiling, bo‘tam.
Asadbek ko‘kragida alamli faryod bosh ko‘tarayotgan edi. Uni bo‘g‘ish uchun bir necha
fursat sukut saqladi.
— Sizni bilmayman-u, ammo men sho‘ro hukumatidan butunlay noroziman. Do‘zaxda
avval shu hukumat kuyishi kerak edi.
— Durust aytdingiz, bo‘tam.
— Ota, maslahat bering. Bolalarim o‘qishni bitirgach, o‘sha yerda qolishini xohlayapman.
Bu yerga qaytmasin. Mendan keyin yomon bo‘ladi...
«Mendan keyin...» Shu ikki so‘z aytilayotganda ovozi titradi. Buni ziyrak qariya sezdi.
Uning rang-ro‘yiga qarab, «Mendan keyin» yaqin kunlar ichi sodir bo‘lishi mumkinligini
fahmlab ezildi.
Jalil osh damlashni yigitlarga topshirib, o‘zi boloxonada yigitlarga nasihat qilib
o‘tirganida Asadbekning yo‘talini eshitdi. Yo‘tal bosilavermagach, shoshilib pastga
tushdi. Xonaga kirganda Asadbek bukchaygancha yo‘talar, Muhiddin ota esa uning
yelkalarini uqalar edi.
— Do‘xtir chaqiring, bo‘tam, — dedi qariya, kirib kelgan Jalilga xavotir bilan qarab.
Asadbekni har kuni yo‘qlab, boqib turuvchi tabib hayallamadi. Ostona hatlab, mijozining
ahvoliga ko‘zi tushdi-yu, yanada shoshdi. Em ignasi bilan ketma-ket yuborilgan dorilar
ta’sir etib, Asadbek bir oz orom olgach, tabib ham yengil xo‘rsinib qo‘ydi.
— Kasalxonaga yoting, desam ko‘nmayaptilar. Nur berilmasa bo‘lmaydi.
Yo‘tal azobidan holdan toygan Asadbek bu gapni eshitib, ko‘zini ochdi. Tabibga qarab
barmoqlarini qimirlatdi-da, «Sen ketaver», degan ishora qildi. Jalil tabibni kuzatib chiqdi.
Tabib xastaning ahvoli og‘ir ekanligini ta’kidlagach, xayrlashib ketdi. Jalil hovlida turib
qoldi. Bu orada Muhiddin ota ham hovliga chiqdi-da:
— Uxladilar shekilli, bir oz orom olsinlar, — dedi.
Shunda Jalil oshnasining kasali nima ekani, kasalni hammadan yashirayotgani, o‘zining
tabibga borib kelganini aytdi. Asadbekni u yoqqa olib borish muammosidan
qiynalayotganini ham bildirdi. Ikkovlon hovlida turganlaricha reja tuzdilar. Rejaga ko‘ra
ular Asadbekning kasalidan bexabar holda, «yo‘talni tuzatadigan» tabibga borib kelishga
da’vat etadigan bo‘ldilar. Tabibning o‘jarligini bilgan Muhiddin ota ham birga borishga
istak bildirdi.
Asadbek dorining kuchi bilan peshinga qadar uxladi. U uyg‘ongach, rejani amalga
oshirish boshlandi. Muhiddin otaning birga borajagini bilgach, Asadbek ko‘ndi.
Qishloqqa yaqinlashganlarida yo‘l chetidagi «Zaporojets»ga ko‘zlari tushib, to‘xtadilar.
Reja bo‘yicha Kesakpolvon bu yoqqa odam yuborib, eskiroq mashina tayyorlab qo‘yishi,
ular qishloqqa shu arobada kirib borishlari lozim edi. Ish reja asosida bo‘ldi.
Qishning sovuq nafasi sezilib tursa-da, yerning iliq bag‘ri kechasi yoqqan qorni eritib
yuborgan, toshloq yo‘ldan yurish bir oz qiyinlashgan edi. Urinib qolgan «Zaporojets»
kuchanib bo‘lsa-da, manzilga eson-omon yetib keldi.
Abdurahmon tabibning darvozasi ochiq, loyda qolgan iz yaqin orada bu hovlidan uch
g‘ildirakli traktor chiqqanidan ogoh qilib turardi. Darvozaga yetishganda Muhiddin ota
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |