www.ziyouz.com
kutubxonasi
231
— Qalb zangi? — Zelixon kulimsiradi. — Rosa zo‘r
gaplarni topib gapirasiz-da, tog‘a.
Hozir namoz o‘qiyotganingizda nima uchundir mening ham o‘qigim keldi...»
Inson ruhiy olamining behudud sarhadlarigacha kirib borishga urinish, ruhlar olamiga
sayohatlar keyinchalik Anvar, Elchin obrazlarini ochishda,
taqdirlarini chizishda,
fojialarining ildizlarini ko‘rsatib berishda juda ham qo‘l kelgan. Ro‘mondagi bu bob va
sahifalar simirib o‘qilsa-da, hech yoddan ko‘tarilmay, chuqur o‘ylarga toldiraveradi.
Hayotning nihoyati imtihon dunyosi ekani, har kim ekkanini o‘rishi, hech bir jinoyat
jazosiz, yaxshilik mukofotsiz qolmasligi teranroq anglatib borilaveradi.
Muallif
hatto xayoliy suhbatlar, tasavvur olamida kezishlar, armonli onlardagi qalb
kechinmalari tasvirlaridan ham zargarona, uzukka ko‘z qo‘ygandek
foydalanib ketadiki,
bular barchasi birgalikda badiiyatga xizmat qilgan. Ayniqsa, bu usul alohida muhabbat-la
tasvirlangan Zaynab obrazida, uning ichki olamini nazokat ila chizishda juda ham qo‘l
kelgan. Shusiz ham armonlari beadad, shusiz ham orzulari
toptalgan Zaynabning onasi-
la xayolan suhbatlarini eslang.
«— Sen bolaligingda Kumush bo‘lishni orzu qilarding.
— Orzu qilardim, oyijon.
— Kumush zaharlangan edi, shuni o‘ylamabmiding?
— Ha, zaharlangan edi.
— O‘zbek oyim qora kiygan edi-ku...
— Ha, qora kiygan edi.
— Zaharlangan Kumush qayta tirilar, deb o‘yladingmi?
— O‘yladim, oyijon.
— O‘zbek
oyim qora libosini tashlaydi, motam kunlari tugaydi, deb xayol qildingmi?
— Xayol qildim, oyi».
Shaytanat olami Zaynabni ana shunday go‘zal orzularidan,
bir umr kutib ardoqlab
kelayotgan Kumush muhabbatidan judo qildi. Nainki uni, Zelixondek, Chuvrindidek mard
yigitlarni ado qildi, bevaqt xazon qildi.
Anvarni quvg‘indi, Elchindek hofizni xarob etdi.
U olim-ku, u iste’dod-ku demadi.
Asadbek-ku qasos deb nimaga erishdi?
Eslang. Ukasidek aziz bo‘lib qolgan Chuvrindidan ayrilgan... «Asadbek qabristondan
to‘g‘ri eski shahardagi uyiga bordi. Sovuq uy. Sovuq tancha. Xuddi qirq yil avvalgi
kabi...»
U har yili o‘ttiz birinchi dekabr kuni shu uyda bo‘lardi. Bu safar kela olmagandi...
Kechikib bo‘lsa-da, «Bugun keldi. Yelkasida bir olam g‘am bilan keldi. Inson bolasiga xos
pokiza tuyg‘ularni quvgan kundan beri oradan qirq yildan oshiqroq vaqt o‘tibdi. O‘shanda
mitti yuragiga yovuzlik tuxum qo‘ygan, yovuzlikning birinchi ovozini o‘rtog‘i
Jalil eshitgan
edi.
— Ularni o‘ldiraman!..
Hozir bu ovozni o‘zi ham eshitdi. Eti seskandi...»
Seskangani rost bo‘lsin!
Yetib kelgan joyini anglagani rost bo‘lsin!
Siz ila biz esa «Auzu billahi minash-shaytonir rojiym» deya quvilgan la’nati shayton
yomonligidan Olloh panohini so‘raylik. Ilohim, har birimizni O‘zi haq yo‘liga boshlab,
boshga tashvish tushgan kezlarda chiroyli sabr etguvchilardan qilsin. Yerdagi barcha
gunoh ishlarni chiroyli ko‘rsatib qo‘yguvchi Shaytondan o‘z panohida asrasin.
© Tohir Malik
Islom.uz
ma'rifat markazidan olindi.
www.ziyouz.com
- 2007