www.ziyouz.com
kutubxonasi
227
etib, badaniga muz yugurdi. Nazarida qo‘l qovushtirib, qayg‘uga berilganday bo‘lib
turganlar odamlar emas, balki lunjini shishirib, tilini o‘ynatib, bir hamla bilan chaqishga
tayyor turgan ilonlar edi go‘yo. «Mana shu turganlarning qay biri qachon qay birini
chaqar ekan? Mana shu turganlarning qay biri qachon odam zahrini totib o‘lar ekan?
Rostmana ilonlar chaqadiyu qochadi, ikki oyoqlilar esa to ko‘mib tashlamaguncha
tinchimaydi. Jasadni ko‘mish bilan cheklansa koshki edi...»
Shayton yetoviga kirib ketgan iymonsiz kimsalarni bundan o‘tkazib tasvirlash
mumkinmikan?!
Shu o‘rinda men o‘zimdan bir og‘iz so‘z qo‘shgim keldi. Faqat shayton yetoviga
tushganlargina shunday chaqqaylar! Iymonli kishilar bundan mustasnodirlar! Zaharning
yolg‘iz davosi iymondir. Ollohga qaytmoqlikdir. Chindan ham solih kishilar, u dunyosini
o‘ylagan zotlar bir-birini ayamaganlarini, amal, shuhrat, dunyo ketidan quvgan
kishilardek bir-birlarini chaqib o‘ldirganlarini kim ko‘rgan?! Agar inson boshi sajdaga
yetib ham, masjidga qatnab ham, hoji bo‘lib ham yomonligini qo‘ymabdi, dilozorligini
tashlamabdi — u hidoyat topmabdi. Iymoni sust kimsalardir. Ularni taqvodorlarga
tenglashtirmangiz! Tohir Malik asarining mag‘zi-mag‘zidan sizib chiqayotgan xulosa ham
shu!
Fan tilida «intuitsiya» degan atama bor. Oddiy tilda biz buni ichki his bilan sezish,
deymiz. Uni qarangki, Ollohga qaytmoqlik — najot ekanligini Xurshidjon ham uchinchi
kitobning bezaklarida o‘ziga xos talqinda tasvirlabdi. Asarda tabibga o‘z hukmini o‘tkaza
olmagan Kesakpolvon uning chopqir otlarini otib tashlashga buyuradi, otlar o‘ldiriladi.
Demakkim, «odamilon» o‘z zahrini sochdi, tabibni ruhan o‘ldirish niyatida uni chaqdi.
Qoidaga ko‘ra rasmda ham shu narsa tasvirlanishi kerak edi. Rassom esa xudoning
qudrati bilan ularga mangulik ato etibdi: o‘q otilyapti-yu,otlarga kor qilmaydi, biror
tomchi qon ham yo‘q, ko‘zlar chaqnaydi, yovqur otlar go‘yo qanot chiqarib
uchayotgandek yelib borishmoqda. Ya’nikim, imoni basalomat tabib g‘olib chiqdi. Otlar
— uning orzulari ham mangulikka daxldor.
Shaytanat olami girdobiga tushgan Elchinning majruh holati, o‘z jonini saqlab qolish
uchun sadoqatdan yuz o‘girgan Shomilning oxir-oqibatda kallasi olinib sovg‘a tariqasida
qutiga joylanishi tasviri; orzu-armonlari abadiy ko‘milgan Zaynabning achchiq qismati —
barcha-barchasi biz uchun, hayot atalmish umr yo‘lining o‘nqir-cho‘nqirlaridanmi, jin
ko‘chalariyu ravon yo‘llaridanmi ketayotgan har bir inson uchun hayotiy saboqlardir.
Umuman olganda, Xurshid Ziyoxonovday yosh bir iste’dodning asarni shunday zukkolik
bilan tushuna olishi, uning nozik tomonlarini ichki bir hissiyot bilan topib, uchala
kitobdagi voqealarni tasvirda bir-biriga bog‘lab bizga yetkaza olganligining o‘zi alohida
tahsinga sazovor!
Men «Shaytanat» saviyasi mundayroq o‘quvchilarga mo‘ljallab yozilibdi, shuning uchun
qo‘lma-qo‘l o‘qila-yotir, ularga jahon adabiyotining durdonasini bersangiz betiga
qaramaydilar deb «kuyunayotgan»larni «O‘zingiz asar davomini qanday kutdingizu qay
tariqa o‘qib chiqdingiz?» deb so‘roqqa tutgan bo‘lardim. Va shubhasiz, ular vijdonan,
ichki tuyg‘ulariga erk berganlarida edi: «Intiqlik bilan kutdigu chanqoqlik bilan o‘qib
chiqdik» degan bo‘lardilar.
Vaholanki, «Shaytanat» olami — yaqin o‘tmishdagi bizning olamimiz, bizning
voqeligimiz, bu olamni bir tirik vujud deb qaraydigan bo‘lsak, shu vujuddagi og‘riqlar,
dard-xastaliklar bizning dardu alamlarimiz. Shunday ekan, nechun biz bu dardlarga,
«dard ustiga chiqqan chipqon»larga befarq qarashimiz kerak? Tabobatda bemor dardiga
shifo berish uchun, avvalo, kasallik tub-tubigacha aniqlanib, uning ildizlari ochib
tashlanadi. So‘ng muolajaga o‘tiladi. Shuning barobarinda, «Shaytanat» dardlarimizga
shifo berishda bir vosita — malhamdir ham. Aytingchi, qaysi bir bemor dardiga davo
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |