www.ziyouz.com
kutubxonasi
163
«Hazrat Luqmon hakimdan so‘rabdilar:
— To‘g‘ri va aniq so‘zlashni kimdan o‘rgandingiz?
— Ko‘r odamdan, — deb javob beribdilar hazrat. — Ular bir qadam bosishlaridan oldin
avval hassalari bilan yerni paypaslab ko‘radilar. Men esa so‘z aytishdan avval
o‘ylayman». Alqissa shulki, siz o‘ylab-o‘ylab durust so‘zlar aytdingiz. Mening ko‘nglim
bundan tog‘dir.
Shu zaylda lutf almashilganidan so‘ng har ikki tomonni ajratib turuvchi noqulaylik
pardasi chetga surildi. Suhbat erkin maqom kasb etib, hatto Jalil ham «mulla» sifatida
qo‘shila boshladi. Krasnoyardagi suhbatlar chog‘ida Jalilning «mullalik» darajasini yaxshi
fahm etgan Muhiddin ota vaqti-vaqti bilan uning so‘zini kesib turishga majbur bo‘ldi.
Hamonki ular aziz mehmonlar martabasiga ko‘tarilgan ekan, Muhiddin ota o‘zlarini
tanishtirmoqni lozim ko‘rdi.
— Sizga bir qarashdayoq quvg‘indi ekaningizni yuragim sezgan, — dedi tabib. — Agar
bilsangiz kamina ham quvg‘indilardan. O‘z shahrimni tashlab kelib, bu qishloqda makon
tutganman. Bu inimning, — u Asadbekka qaradi, — ko‘p zulm ko‘rganlarini ko‘zlarining
tubi aytib turibdi. Ammo, ishqilib adashayotgan bo‘lay, ko‘zlarining sirti, ayniqsa
qorachiqlari o‘zgalarga zulm qilganlarini aytib turibdi.
Bu gapni eshitib, Muhiddin aka boshini egdi. Asadbek ham bosh egib bir oz jim o‘tirdi-
da, so‘ng tan oldi:
— Ota, adashmadingiz...
— Zamon majbur qildi ularni. Bizlar quvg‘inlarda qolganda, bular qarovsiz bo‘ldi. Kechagi
kuni Asadbek bo‘tam bilan shuni gaplashib edik. Hukumatni ko‘rarga ko‘zlari yo‘q.
Bizlarni qamoqdan ozod qilishdi, taqsir, omma farzandlarimiz ruhlari shikastlanganicha
qoldi.
— Bilaman, inim, bilaman, — dedi tabib og‘ir tin olib. — Bu gaplarga hojat yo‘q.
Bilsangiz inim, men boshqa olamman. Sovet Ittifoqi degan badbaxt davlatni dunyo tan
olgan, ammo men tan olmaganman. Sovet Ittifoqining chegarasi siz bosib o‘tgan
darvoza ostonasida tugaydi. Ostonaning bu tomoni boshqa dunyo.
— Bu davlat yuragimizdan joy ololmadi. Siz yaxshi aytdingiz, taqsir. Endi bu chegarani
yanada uzoqroqqa uloqtirish zamoni kelarmikin? Bu haromilar qachon yo‘q bo‘larkin?
— «Al-birru la yubla, vaz-zanbu la yunsa ad-dayyanu la yamutu i’mal ma-shi’ta kama
tadiynu tu‘danu»*,— dedi Abdurahmon tabib ma’noli ohangda.
Jalil hadisning ma’nosiga tushunmasa ham «qarang-a!» degan hayrat bilan bosh irg‘ab
qo‘ydi. Muhiddin aka esa bir oz o‘yga tolib so‘ng tabibga qarab dedi:
— Astaiyhzu billah, «Va loqad karromna bani Adama», — Ulug‘ qilib yaratilgan odam
zurriyodlari shayton yo‘liga kirsa shu ekan-da. Astaiyhzu billah, «Va inna alayka la’nati
ilo yavmid-din»*.
Ular ikki alloma singari suhbat yuritardilar. Jalil ularning suhbatiga o‘z fikri bilan
qo‘shilish uchun og‘iz juftlaganida Asadbek tirsagi bilan biqiniga turtib, ko‘z qarashi bilan
«Jim o‘tir» deb tahdid qildi.
Suhbat chiroyli tarzda davom etayotganda, hovlida bir odamning «Abdi!» degan baqirig‘i
eshitildi. Go‘yo jimirlab turgan ko‘lga tosh tushganday bo‘ldi.
— Dev akam keldilar, — dedi Abdurahmon tabib miyig‘ida kulib. — Aybsitmanglar,
mehmonlar. U — Xudoning erka bandasi. Mening doimiy aziz mehmonim.
Tabib mehmonni qarshilashga turganida ostonada devning chala tug‘ilgan bolasini
eslatuvchi, baland bo‘yli, to‘ladan kelgan, soch-soqoli oppoq oqargan, usti yupun odam
ko‘rindi. U ostona hatlab ichkari kirib mehmonlarni ko‘rdi-yu, bir zum to‘xtadi. Ularga
bir-bir qarab olgach, dadil yurib kelib Muhiddin ota bilan ko‘rishdi:
— Assomoykum, senga million so‘m beraman, — dedi jiddiy tikilib.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |