www.ziyouz.com
kutubxonasi
166
— Erta deganing nimasi? Men qaerda yotaman?
— Istansada yotsangiz mumkin.
Jalil qarasaki, bu yigit gap uqmaydigan. Noiloj iziga qayta boshladi. Sal nari yurgach,
yigit chaqirdi:
— Ako, hov ako!
Jalil «Xudoga shukr, insof kirib qoldi shekilli», deb o‘girildi.
— Ako, pulingiz yoningizgame? — deb so‘radi yigit u yaqinlashgach.
— Sen avval tangani top. Pul naqd.
— Erta keling.
Jalil unga bir bobillab bermoqchi bo‘ldi-yu, ishni buzmay deb tilini tiydi. U yamoqchi
aytganday bekatga bormay, masjidni izlab topib, o‘sha yerdan qo‘noq topdi. Masjid
imomi safarga ketgan, noibi ayni Jalilbop — chala mulla ekan. Ikkita chala mulla suhbat
qurganda ilmning yanada sayozlashib ketishi o‘sha kuni yana bir karra isbotlandi.
Ertasiga ham ish pishmadi. Yigit yana «Erta keling», deb turib oldi. Jalil qaytmoqchi
bo‘lganda yana «Pul yoningizgame?» deb so‘radi.
Uchinchi borishda ustaxonada beliga eski charm peshband bog‘lab, chaqaloqning
mushtini eslatuvchi burniga dumaloq ko‘zoynak qo‘ndirgan qariyani ko‘rdi.
— Kecha bir yigit o‘tiruvdi? — dedi Jalil u bilan salomlashgach.
— Sizga yigit kerakme? — deb savolga savol bilan javob berdi chol.
— Aslida menga Hayim aka kerak.
— Haym akangiz men-ku? — deb kuldi qariya. — Nabiram sizga nima dedi, ketdi,
dedime?
— Ketdi desa ham mayli, o‘ldi, dedi.
Hayim kuldi:
— Nabiram hazilga moyil. Ammo u ketdi, degan, siz o‘ldimi, degansiz, haymi?
— Shundoq-ku... lekin...
— Aka Abdurahmon amonme? Nima deydi?
Jalil tabibning gapini so‘zma-so‘z takrorladi.
— Hay, pulingiz kissangizgame?
— Ha.
— Oling.
— Qancha?
Hayim aytdi. Jalil qo‘yin cho‘ntagidan gazitga o‘rog‘liq pulni olib sanamoqchi edi,
yamoqchi urishib berdi:
— He, esingizga bir narsa, sizning. Bu yerga sanamang pulni. Boshqa joyga sanab
keling.
Jalil xoliroq ko‘chaga borib pulni sanab yana gazeta parchasiga o‘radi-da, ustaxonaga
kelib, yamoqchiga uzatdi.
— Erta keling, — dedi yamoqchi.
— Yana ertami?
— Ha, sizga osonme, bu. Xohlamasangiz boshqa yerga izlang.
— Xo‘p, xo‘p...
Jalil uni ichida so‘ka-so‘ka masjidga qaytdi.
Ertasiga yamoqchi unga balchiq surilgan tanga uzatdi. Jalil loyni artmoqchi edi. Hayim
uni to‘xtatdi:
— He, esingizga bir narsa sizning. Tegmang. Bu kriminal ish, tushunmaysizmi? Boring,
Haym aldamaydi. Haym chestniy grajdanin.
Uch kunlik xunobgarchilikdan so‘ng Jalilning bag‘riga oftob tekkanday bo‘ldi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |