www.ziyouz.com
kutubxonasi
25
yoqtirmasmidi, yo dang‘illama uy solishdan qo‘rqarmidi, Manzura buni bilmaydi. O‘zi esa
hech mahal bunga qiziqmagan.
«Qizlar bizning uyimizni nazarga ilisharmikin?»
Ostona hatlab ichkari kirgan Manzuraning xayoliga kelgan dastlabki fikr shu bo‘ldi.
Dunyodagi barcha ayollarda bo‘lganidek, Manzurada ham libosga qarab qo‘yish odati bor
edi. U bir qarashning o‘zidayoq, mezbonlar libosining shohona ekanini bildi. Ularnikiga
nisbatan o‘ziniki g‘aribgina tuyuldi. Agar qimmatbaho bezaklari bo‘lmasa, uni shu uy
xizmatkorlari qatoriga qo‘yish mumkin edi.
Tanishuv so‘ngida ular chekkaroqda iymanib turgan ikki qizga yaqinlashdilar.
— Mening qorong‘u osmonimni yoritib turuvchi ikki yulduzim — biri Cho‘lponoy, biri
Mushtariy, — dedi Muzaffarxon faxr bilan.
Qizlar ko‘zlarini yerdan uzmay, baravariga salom berdilar. Manzura alik olgach, doktor
Xudoyor so‘z qotdi:
— Inshoollohkim, bu yulduzlar sizning osmoningizda ham nur sochajak!
Qizlar uyalishib, o‘girildilar-da, zina tomon yurdilar. So‘ng ildamlik bilan yuqoriga
ko‘tarildilar.
Ularni ko‘rgan zahoti Manzuraning yuragi jiz etdi. Qizlar bag‘oyat go‘zal, istarali edilar.
Balki hazrat Navoiy «Ruxsorida lomai malohat, guftorida nash’ai fasohat» deb bitik
bitganlarida shunday go‘zallarni nazarda tutdilarmi, Xudo biladi. Manzura hozircha
ularning ruxsorigagina bandi bo‘ldi, hali so‘zlarini eshitgach, shunday qizlarni o‘g‘illariga
nasib etgani uchun Yaratganga shukrlar qilishi tayin.
Manzura barcha bilan bir sidra tanishib chiqqach, Guluzor begim iltifot qildi:
— Azizlarim, Manzuraxon begim ila meni ma’zur tutgaysizlar, sizlarni bir necha daqiqaga
tark etajakmiz.
Manzura mezbonga ergashib, avval shinam dahlizga chiqdi, so‘ng mo‘’jaz
mehmonxonaga kirdi.
— Bunda orom olmog‘ingiz mumkin, Manzuraxon begim. Chantalaringiz bu yerda. —
Mezbon shunday deb, yon eshikni ochdi. Manzura bir kishilik yotoqxonani, karavot
yonida turgan jomadonini ko‘rib, «chanta» nima ekanini fahmladi.
— Siz tashrifingiz ila barchalarimizni g‘oyatda sarfaroz ayladingiz, begim, biz bunda ota
yurtdan kelgan har bir vatandoshlarimizning nafasiga mushtoq yashayurmiz. Shul bois
vatandoshlar tashrifingizga peshvoz yig‘ildilar. Siz hordiq chiqaring, men picha fursat
o‘tgach, huzuringizga qaytajakman.
Mezbon chiqqach, Manzura yumshoq kursiga omonatgina o‘tirdi. U uyning hashami,
mezbonlarning takallufidan hayron, go‘yo begona yurtga, begona odamlarnikiga emas,
balki begona dunyoga kelib qolganday edi. To‘yu-ziyofatlarga borib «esonmisiz-
omonmisiz...»dan boshlab, kerakli-keraksiz gaplar bilan vaqt o‘tkazishga, ketma-ket
kiritiluvchi ovqatlarga, «oling opovsi, oling, ovsin» degan mehribonchiliklarga o‘rganib
qolgan ayol uchun bu chindan ham o‘zga dunyo edi. Shu sababli Manzura yo‘ldagi
holatini, qizi tashvishidagi xayollarini, o‘g‘illarini bag‘riga bosgan chog‘dagi mas’udlikni
bir zum unutib, o‘zini qanday tutmoqligi lozimligini o‘yladi. Guluzor begimning bu xonaga
boshlab kirishidan maqsadi yuvinib, kiyimlarini almashtirib olish uchun sharoit yaratmoq
ekanini fahmlab, o‘rnidan turdi. Shunda yotoqxona yonidagi eshikning qiya ochiq
turganiga, bu yerning yuvinish xonasi ekaniga e’tibor berdi.
Manzura yuvinib, taranib bo‘lgach, mezbonni yana o‘n daqiqa kutdi. So‘ng Guluzor
begimga ergashib, tanishuv marosimi bo‘lib o‘tgan katta xonaga qaytdi. Davra qurib
o‘tirganlar Manzuraning tashrifini jilmayib, bosh irg‘ab qo‘yish bilan sharaflashdi. Davra
to‘rida, ikki o‘g‘il o‘rtasida ikki joy bo‘sh edi. Manzura bilan Guluzor begim o‘tirishlari
hamon xizmatchi kelib qahva tutdi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |