www.ziyouz.com
kutubxonasi
22
piston...» deyishi lozim edi. Shunda u «Rossiyani shuning uchun tashlab ketyapman»,
deb bahonasini ro‘kach qilgan bo‘lardi. Lekin kutgan gap aytilmadi. Xonimcha «Bular bir
nima deyishga qo‘rqishadi», deb o‘ylab, achchiqlandi. Shu topda u gapirmay kelayotgan
ayoldangina emas, o‘zidan ham nafratlandi: «Mening qayoqqa, nimaga ketayotganimni
u bilmasa, unga tushuntirishim shartmi?..»
Odam tabiati shunday: ba’zan biron nojo‘ya qadam qo‘yadi-yu, keyin o‘zini oqlash
maqsadida bahonalar izlaydi. Birov «nimaga shunday qilding?» deb so‘ramasa ham
bahonalarini aytishga shoshiladi. O‘zi to‘qigan, ammo o‘zi ham ishonmagan bahonaga
boshqalarni ishontirmoqchi bo‘ladi. «Ishtonsizning hadigi cho‘pdan», deb balki shunga
aytilar.
Xonimcha Manzuraning qarab turishidan tutoqdi:
— Nimaga qarayapsiz? Gapim yoqmadimi, yo tushunmadingizmi?
— Tushundim... lekin...
— Nima, lekin?
— O‘zingiz rusmasmisiz?
— Xo‘sh, rus bo‘lsam-chi?
— O‘zingizning yurtingizni shunday deysizmi?
— Xo‘sh, chindan ham yuvuqsiz bo‘lsa-chi? Xo‘sh, o‘zingiz kimsiz, qozoqmisiz,
tojikmisiz?
— O‘zbekman.
— Agar O‘zbekiston shunaqa bo‘lsa, indamay yuraverasizmi?
— Xudoning o‘zi asrasin!
— Yo‘q, siz menga aniq javob bering: shu gapni aytmaysizmi?
— Tilim kesilsa ham aytmasman.
— Xo‘sh, nimaga? — Xonimcha shunday deb qutidan yana bir sigareta olib, labiga
qistirdi. — Faqat «Vatanimni sevaman» demang, bunaqa gaplarni milliard marta
eshitganman.
Manzura nima deyishini bilmasdi. Nima desin: kindik qonim to‘kilgan tuproq men uchun
muqaddas, unda ota-onam yotibdi, aziz-avliyolar yotishibdi, bir kuni o‘zim ham shu
tuproqqa qo‘shilaman, qanday qilib uni la’natlash mumkin? O‘z yurtini la’natlagan tilni
kesib, itga tashlansa, it ham bu tildan hazar qilar, yemas?
Manzuraning dilida shu tuyg‘u bor, lekin bunday so‘zlarni maromiga yetkazib ulab, ayta
olmaydi. Biroq, xonimcha unga qaltis savol berdi, javob kutyapti.
— Shunday deysiz-u, erta-indin yana shu... yuvuqsiz deganingiz joyga qaysi yuz bilan
qaytib kelasiz?
— Kim qaytib keladi? Menmi? O‘lsam ham qaytmasman. Tupurdim bunaqa joyga.
— Endi... bu yoqlarda yashamoqchimisiz?
— Ha. O‘ynashim kutib turibdi. Germaniyaga boramanu undan Parijga uchaman. Parijda
yashayman!
«O‘ynashim kutib turibdi?» Bu gapni shu tarzda behayolik bilan aytilgani Manzurani
titratib yubordi. Manzura nazoratdan o‘tayotganida bu xonimchaning bir yigit bilan
quchoqlashib, o‘pishib xayrlashganiga ko‘zi tushgan edi. «Demak, u boyoqish eri... bu
yoqda esa o‘ynashi... Voy sharmanda, yo tavba...» Manzura shunday deb o‘yladiyu
birdan yodiga Zaynabning Elchinga aytgan so‘zlari yodiga tushib oyoq-qo‘liga muz
yugurdi. «Nahotki mening qizim ham shunday bo‘lsa?!» degan fikr miyasiga yashin kabi
urilib, jonini sug‘urib olganday bo‘ldi.
Jism og‘risa chidash mumkin, ruh zada bo‘lsa, ezilsa chidamoq mushkul. Ko‘zini yumib,
ingrab yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi.
Xonimchaning boshqa gapirmay jim ketishi bir jihatdan yaxshi bo‘lsa-da, ikkinchi
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |