Kutubxonachi.uz
100
hammasi falakning gardishi bilan davom etayotir. Hech qanday izsiz. Mendan keyin kimdir orbital
stantsiyani ko‘zdan kechiradigan bo‘lsa, bir narsaga ko‘zi tushishi mumkin. U ham bo‘lsa mening o‘z
hayotim haqidagi yozuvlarim, samoviy rohibning taqdir, vaqt to‘g‘risidagi, kassandra-embrionlarning
qanday qilib va nima uchun menga oshkor bo‘lib qolganligi to‘g‘risidagi memuarlardir. O’zimdan
qoldirganim faqat shu. Agar, o‘g‘lim Entoni Yunger bordi-yu bular senga ma’qul tuyulsa, ana shu
yozuvlarni men senga vasiyat qilib qoldiraman.
Qimmatli Yunger, kechirasan, senga o‘g‘lim deb murojaat qilayotirman, bu mening yurak amrim.
Taqdirimdan rozimanki, odamlar oldida seni o‘g‘lim deyayotirman. Mening hayotim shunday kechdiki,
farzandsiz qoldim va oxir-oqibatda, so‘nggi lahzalarda Entoni Yunger degan o‘g‘lim bor deb o‘ylayman.
Zal jim bo‘lib qoldi. Yana Filofeyning ovozi yangradi:
— Meni afv etasizlar, odamlar! Vidolashish paytida hammasini aytolmaysan. Lekin bir narsa haqida
indamasdan tura olmayman. Meni ko‘pincha soxta rohib, soxta Filofey deb atashgan. Ha, bu to‘g‘ri.
Hech kim meni rohib bo‘lish uchun sochimni qirqqan emas, menga hech kim Filofey deb ism bermagan.
Lekin gap cherkov marosimida emas, gap taqvodorlikdadir. Bu sohada meni to‘g‘ri tushunishlarini
so‘rayman.
Vaqt yetdi. Sizlar bilan vidolashaman. Yer kurrasini ekranlardan birida butunisiga ko‘rib turibman —
sayyoramiz koinot bo‘shlig‘ida suzib yuribdi, ikkinchi ekranda esa ayrim-ayrim manzaralar yirik qilib
ko‘rsatilayotir — unda hatto daraxtlar, o‘tlar, toshlar ko‘zga tashlanadi. Birdan qandaydir g‘alati,
hozircha tushunib bo‘lmaydigan manzara paydo bo‘ldi. Agar orbital monitordagi manzaralarni
yerdagilarga olib ko‘rsatish texnikaviy jihatdan mumkin bo‘lsa edi. Siz o‘sha manzarani o‘z ko‘zingiz
bilan ko‘rgan bo‘lar edingiz. Qarang, qarang, mana ekran mening yonimda, o‘ng tomonimda turibdi,
qarang ekranda dengiz, bu ummon — Atlantika okeani! Qarang, sohil yaqinidagi sayoz qirg‘oqqa
qandaydir dahshatli to‘lqinlar yopirilmoqda va nima bo‘layotganini ko‘rib turibsizlarmi?! Kitlarni
ko‘rayapsizmi?! Man shu kitlar, bir gala bo‘lib suzib yurishibdi. Ular tog‘larga o‘xshab okeandan suzib
chiqishmoqda, qarang, voy-bo‘y dahshat. Yopiray, Tangrining qudrati bilan kitlar o‘qday suzib kelib
o‘zini qirg‘oqqa otmoqda! Ular nimalar qilyapti? Bular o‘zini o‘zi o‘ldiradigan kitlar-ku! Ularga nima
bo‘lgan? Nima uchun suvdan chiqadi? Nima sababdan halok bo‘lishni xohlab qolishadi. Buning boisi
nimada? Kitlarni shunday qilishga nima majbur etayotir? Qandaydir yovuz kuch, qandaydir dahshat
o‘limga majbur qilayotirmi? Yoki bu keyingi qilmish-qidirmishlarimiz bilan bog‘liqmikin? O’zlarini o‘limga
mahkum qilgan kitlarning nima uchun shunday qilayotganini tushunayotgandayman. Afsuski, bu
hodisaning tub sababini chuqurroq o‘rgana olmayman, hayotning ana shu g‘aroyib jumbog‘ining sirini
bilib olish uchun endi vaqt yo‘q. Robert Bork ham xuddi shu ahvolga tushib qolgan edi. Uning maqolasini
o‘qir ekanman, tafakkurining naqadar teran ekanligini tuydim. Shu bilan birga matn ortida aytib
ulgurilmagan yana qandaydir fikr bor edi. Men bir-birimizga dilimizni ochamiz va Ruhni yangichasiga
tushuna boshlaymiz deb umid qilgan edim. Biroq bu nasib qilmadi. Kitlar ham xuddi shu ahvolga tushib
qolgan. Ularning tili bo‘lganda edi, ko‘p narsalarni bilib olgan bo‘lur edik... Lekin men uchun endi kech
bo‘ldi... ularning nolalarini eshitayotganga o‘xshayman. Kitlar meni chaqiryapti. Men kitlarga qo‘shilib
ketaman. Men ham o‘zimni qirg‘oqqa uloqtirib o‘ldiradigan kitman. Azizim Robert! Men sening oldingda
aybliman. Endi o‘zim kitlar bilan birga sening yoningga boraman. Alvido...
Shunday keyin hammaning ko‘z o‘ngida ro‘y bergan voqea tomoshabinlarni hang-mang qilib qo‘ydi.
Filofey butun dunyoning ko‘z o‘ngida, teleekranlar ro‘parasida o‘tirgan barcha kishilarning qarshisida
hayot bilan vidolashdi. Samoviy rohibning har bir harakatlari uning qarori qat’iy ekanligini ko‘rsatib
turardi. Rohibning o‘zini o‘zi o‘ldirayotganini hamma ko‘rib turdi. Va hech kim Filofeyni o‘lim
bo‘sag‘asidan qaytara olmadi...
Zalda vahimali jimlik hukm surar edi. Hech kim qimir etmas, ovozini chiqarmas edi. Barchaning nigohi
samoviy rohib hayotining so‘nggi onglari aks etgan ekranga qadalgan edi. Entoni Yunger o‘lim erkinligi
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |