Kutubxonachi.uz
103
terilgan Tavba-tazarruni Entoni Yungerning ixtiyoriga yuborishni iltimos qilgan. “Entoni Yunger mening
yozganlarimni nima qilsa o‘zi biladi”.
Matn sarlavhasi: “Sen bilan va sendan keyin ko‘rgan-kechirganlarim”.
So‘ngra bunday deyilgan:
“Ilgarilari kosmosdagi orbital stantsiyaga kelib qolishni xayolimgayam keltirmagan edim. Meni bu
yerga fan yetaklab keldi. Lekin kosmosga faqat ilmiy maqsadlar ilinjidagina kelmaganimni, balki
badarg‘a qilinganimni, Yerdan tashqariga o‘zimni o‘zim quvg‘in etganimni, keyichalik o‘zimni samoviy
rohib deb nomlaganimni hech kim bilmaydi. O’tmish davrlarda siyosiy yoki boshqa sabablarga ko‘ra
chet ellardan o‘z vatani — Sovet Ittifoqiga qaytmagan va shu tariqa butun dunyo ko‘z oldida buyuk
davlatning hokimlariga qarshi chiqqanlarni “o‘z vataniga qaytishdan bosh tortganlar” deb atashgan,
meni ham shunday deb atash to‘g‘ri bo‘lsa kerak.
Yo‘q, bu gal ishlar boshqacharoq. Men badarg‘a ham qilingan emasman, o‘z vataniga qaytishdan
bosh tortgan kishi ham emasman, osmoni falakka kelib qolishimni tushuntirish qiyin — bu o‘zlikka
chekinish, kosmos orqali o‘zlikka chekinishdir. Buni ruhiyatning kosmos bilan uyg‘unlashib ketishi desa
bo‘lar edi, biroq bu o‘ta balandparvoz tuyulishi mumkin. Lekin kosmosda bo‘lishim butun hayotimning
mantiqiy yakuni, taraqqiyotimning eng oliy va so‘nggi nuqtasi bo‘ldi. Bu azaliy qismat bo‘lsa ajab emas.
Bunga ishonish qiyin, lekin dunyoda nimalar bo‘lmaydi deysiz.
Mening taqdirim ham boshqalarnikidan ayricha. Shu bois ham men umrim bo‘yi bu haqda
gapirmaslikka, nasl-nasabim, to‘g‘rirog‘i tug‘ilishim sirini doimo oshkor qilmaslikka tirishdim.
Meni chaqoloqligimda adyol ustidan qop-matoga o‘rab bolalar uyining eshigi oldiga tashlab ketishgan.
Eshik oldidagi soyabonli pillapoya rus tilida “kiriltso” deyiladi. Menga bolalar uyida Kriltsov deb familiya
berishganining sababi ham shunda. Otimni Andrey deyishgan, ota ismim Andreevich ham ismimdan
olingan. Kriltsov Andrey Andreevich. Bu ayanchli voqea, menga aytib berishlaricha, 1942 yilning
oxirlarida subhidamda ro‘y bergan. O’shanda qor qalin edi. Men esa subhi sodiq paytini es-es bilaman,
desam, bunga hech kim ishonmaydi, albatta. Lekin men to‘g‘risini gapiraman. O’shanda qulog‘imga
onamning qadamlari ostida qorning g‘arch-g‘urch ovozi eshitilgan. Yodimda, onam o‘sha qish kuni,
kallayi saharda shosha-pisha qadam tashlar edi. Esimda, u bezovtalanib meni bag‘riga bosar, dam-
badam seskanib cho‘chib tushar edi, onam yuragining qo‘rqinch aralash gupillab urganini mening
norasta tanam sezar edi. U qadam tashlab borar ekan, harsillar, o‘zicha nimalarnidir gapirib-gapirib
qo‘yar, menga qarab nimalarnidir pichirlar, o‘krab yuborguday bo‘lar va ko‘z yoshini bazo‘r tiyar edi,
onam meni bolalar uyining eshigi oldiga tashlab ketish uchun ko‘tarib borayotgan paytda adyolning
tirqishidan uning yuziga ko‘zim tushdi, qor qoplagan kipriklarini, tepadagi bulutli osmonni, qor
uchqunlarini ko‘rdim. Bo‘ralab qor yog‘ayotgan edi. Aftidan u mening qulog‘imga shunday pichirladi:
“Sen yig‘la, ovozing boricha yig‘la, o‘shanda sening ovozingni tezroq eshitishadi”.
U meni eshik oldida yerga qo‘ygandan so‘ng bu qilmi-shining sir-asrorini hadeganda
tushunavermadim. Men sovuq yeya boshladim va onam qaytib kelib meni ko‘tarib olar deb kutdim.
Lekin u nariroqda qor bosgan butalar orqasida yashirinib turar va men tomonga kelmas edi. Shundan
keyin men yig‘ladim, qattiq yig‘ladim, shu asnoda eshik ochilib, kimdir keldi-da meni ko‘tarib olib ketdi...
Qorni tilga olishimning boisi shuki, keyinchalik eshitishimcha qor uyumlarida onamning izlari qolgan,
boshqa hech qanday nishona topilmagan ekan.
Men endi tasavvur qilaman – butalar orasida yashirinib turish va tashlandiq bolasining chinqirig‘ini
eshitib ham yoniga kelmaslik onamga oson bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Men tez-tez, doimo bir xil tush
ko‘raman: qalin qor uyumlari uzra qadam tashlayman va onam izlarini axtara ketaman, bu izlar esa
qorong‘i o‘rmonga olib boradi: meni vahima bosadi, qor ko‘mib tashlaydi, sovqotaman: “Ona! Onajon!”
deya faryod solaman-da, uyg‘onib ketaman.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |