Kutubxonachi.uz
105
bilmaydi, otangning kim ekanligi ham mutlaqo noma’lum. Onangni kim majbur qildi o‘z jigarporasidan
voz kechishga, g‘oyib bo‘lishga? Bu haqda biron narsa deyish amrimahol. Mening fikri ojizimcha, sen
onangning go‘riga g‘isht qalamasliging kerak. Yo‘q, ona aybdor bo‘lsa ham uni afv etish lozim. Sen
onangdan minnatdor bo‘lishing kerak desam jahling chiqmasin. Ha, minnatdor bo‘lishing joiz. Bu gaplar
qulog‘ingga g‘alati eshitilishi mumkin. O’zing bir o‘ylab ko‘r, Andryusha. Birni ko‘rib fikr qil, mingni ko‘rib
shukr qil. Sendagi favqulodda salohiyat onangdan, ota-onangdan meros, bu iste’dod onangdan, u orqali
o‘tgan. Seni tashlab ketish oson bo‘lmagandir u mushtiparga. Shunga jur’at qiptiki, seni asrab qolishning
boshqa chorasini topolmagan, sho‘rlik. Bunga mening iymonim komil. Tavakkal qilib tahlikaga borgan.
Bunday yo‘l tanlashga nima majbur qilgan uni? Bilmayman. Eng muhimi, sen omon qolding. Gap gap
bilan, ammo mamlakatimizdagi bolalar uylari chakki emas. O’zingga qarab baho beraverishing mumkin.
Gap yana onangga borib taqaladi. Sening bo‘yi-basting, aqli hushing onangdan meros. Sendagi jismoniy
va aqliy iqtidor aksari tabiatdan, demakki onangdan. Mening senga bir maslahatim bor: sening onang
noilojlikdan shu yo‘lni tutgan, bu so‘zlarimni qulog‘ingga qo‘rg‘oshinday quyib ol. Voyaga yetgach, oq-
qorani o‘zing ajratib olarsan.
Yillar o‘tib men shunday xulosaga keldimki, Vava qandaydir favqulodda vaziyatlarni, ochiq muhokama
qilib bo‘lmaydigan sirlarni nazarda tutgan ekan. Vavaning o‘z fikrlariga naqadar amin ekanligi haqida
biron narsa deb bo‘lmaydi. Oradan bir necha yil o‘tgach, Moskvada universitetda o‘qib yurgan
kezlarimda Vava vafot etdi. Lekin Vavaning gaplari umrim bo‘yi qulog‘imda jaranglaydi, ammo
kampirning og‘zidan chiqqan so‘zlarining to‘g‘ri-noto‘g‘riligini isbotlaydigan biron dalil yo‘q.
Men to‘qqizinchi sinfda o‘qib yurgan paytlarimda Maleevka posyolkasida katta baxtsizlik ro‘y berdi.
Bir ayol va uning o‘n yetti yashar qizi o‘z jonlariga qasd qilishibdi. Avval ona, so‘ng qizi o‘zini osib
qo‘yibdi. Ona yolg‘iz qizi bilan turar ekan. U kompozitorlarning ijodiyot uyida farrosh bo‘lib xizmat qilar,
qizi esa maktabda o‘qir ekan. Bu ayol nemis qo‘shinlari Moskva ostonasidan chekinib ketgandan so‘ng
yarim yil o‘tgach tuqqan ekan, qizi nemis soldatidan, ya’ni bosqinchidan, istilochidan, fashistdan
tug‘ilgani hech kimga sir emas ekan. Qo‘shnilar sho‘rlik ayolga kun berishmas, maktabda esa qizchani
ko‘z ochirishmas ekan. O’sha kuni Vava bu fojiali voqeadan dahshatga tushib og‘zidan g‘alati so‘zlar
chiqib ketdi, men bo‘lsam kampirning ilmoqli so‘zlarini qulog‘imga quyib oldim: “Sirayam o‘zimga
kelolmayapman, Natalya, — dedi u tarbiyachilardan biriga, — qanday dahshat bu! Qanday vahshiyona
ajal bu! Onasi ham, qizi ham o‘z joniga qasd qilsa-ya!... Odamlarni ne ko‘yga solish mumkin, axir?!
Tanangga mundoq o‘ylab ko‘rsang, nima uchun shu darajaga borishdi? Urush urushda! Uning
vahshiyona qonun-qoidalari bor. Bir-birlari bilan urishishadi, bir-birlarini o‘ldirishadi. Lekin odamlarga
tokaygacha yomonlik sog‘inish, ta’na toshini otish, malomat qilish mumkin? Xo‘p, bo‘lar ish bo‘pti,
sho‘rlik ayol boshiga balo qilib nemisdan bolalik bo‘libdi, tug‘ibdi, o‘z boshiga sho‘rishu g‘avg‘oni sotib
olibdi. Nega endi undan o‘ch olish kerak ekan! Qanday vahshiylik bu! Qizchaning gunohi nima ekan?!
Axir hech kim ota-onasini tanlolmaydi-ku, ota-onang kim bo‘lishi Xudodan. Nega endi sho‘rliklarning
ko‘zini ochirishmaydi? Bordiyu ona o‘z jigarporasini eshik oldiga tashlab ketganda, mushtday
farzandning chivinday joni omon qolsin, el qatori unib-o‘ssin deb o‘zi ochiq mozorga kirgandek, nom-
nishonsiz yo‘qolganda, tirik murda bo‘lib yurganda anavilarning qichig‘i qonarmidi?”
O’sha paytlardan boshlab vaqt-soati yetib jo‘ja tuxum po‘chog‘ini teshib chiqqani kabi, miyamda bir
fikr nish urdi: mening onam ham, xuddi o‘shanaqa bo‘lib chiqsa-chi, onam norasidani eshik yoniga
tashlaboq dorilbaqoga rixlat qilgan bo‘lsa-chi?..
Bunday hodisa nechuk va qanday holatlarda yuz bergan bo‘lishini tasavvur etishga urinib ko‘rdim.
Xayol oti olib qochdi, kallamga nimalar kelmadi deysiz. Hechvaqo yo‘q, kimsasizlik, ma’naviy yolg‘izlik.
Dengizda kemadan qolib ketgan kishi xuddi shunday ahvolga tushsa kerak... Ovozing boricha
qichqirsang ham kema ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Tevarak-atrofda tirik jon ko‘rinmaydi, qayoqqa qarasang
faqat dengizni ko‘rasan. Qirg‘oqdan nom-nishon yo‘q... Kimdir uni dengizga tashlab yuborgandir? U kim
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |