www.ziyouz.com
kutubxonasi
10
ma’nosini izlash borasidagi har qanday xatti-harakatlardan butunlay qaytardi. Bu vaqt mobaynida
mening butun diqqat-e’tiborim oilamga, xotinimga, bolalarimga qaratildi, shuning uchun tirikchilik
yo‘lida tuzukroq mablag‘ topish tashvishlari birinchi o‘ringa chiqdi. Kamolotga intilish o‘rnini,
avvalroq, umuman kamolotga, taraqqiyotga intilish egallagan edi. Endi uning o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri
oilamning ahvolini baqadri imkon yaxshilash ishtiyoqi paydo bo‘ldi.
Shu ahvolda yana o‘n besh yil o‘tdi.
Men yozuvchilikni hech narsaga arzimaydigan behuda ish deb hisoblasam-da, bu o‘n besh yil
mobaynida yozishda davom etdim. Men endi yozuvchilikning mazasini tushunib qolgandim,
arzimagan mehnat uchun olinadigan jaraq-jaraq qalam haqiga, qarsaklaru ofarinlarga mazaxo‘rak
bo‘lib qolgandim. Shuning uchun damimni ichimga yutib, ulardan moddiy ahvolimni yaxshilash
vositasi sifatida foydalanishda davom etdim va ular yordamida mening hayotim va umuman hayotning
ma’nosi to‘g‘risidagi ko‘nglimdagi har qanaqa savollarning unini o‘chirishga harakat qildim. Bu
kezlarda men uchun yagona haqiqat bor edi — shunday yashaginki, buning oqibatida o‘zing oilang
bilan birga huzur-halovatda hayot kechir, imkoni boricha farog‘atda yasha. Yozgan asarlarimda ham
shunday ta’lim berdim. Shu ahvolda yashashda davom etdim, ammo bundan besh yilcha muqaddam
men g‘alati holatlarni kechira boshladim — avvallariga bir necha daqiqa davomida hayotim to‘xtab
qolayotganday, dovdirab qolayotganday bo‘ladigan bo‘lib qoldim. Go‘yoki qanday yashashim
kerakligini, nima qilmog‘im kerakligini mutlaqo bilmas edim. Bunday hollarda esankirab,
tushkunlikka tushib qolardim. Ammo bu o‘tib ketardi va men avvalgiday yashashda davom
etaverardim. Keyin bu dovdirash daqiqalari tez-tez takror bo‘la boshladi. Bu har gal bir xil shaklda
sodir bo‘lardi. Hayotning bunday to‘xtab qolishlari har gal bir xil — nima uchun? Xo‘sh, keyin-chi? —
degan savollarda ifodalanardi.
Avvaliga menga shunday tuyuldiki, bular maqsadsiz, noo‘rin berilgan savollar. Nazarimda
bularning hammasi ma’lum gaplar edi, agar men vaqti-soati kelib ularni hal qilish bilan
shug‘ullanadigan bo‘lsam, bu ish men uchun sira-sira qiyin bo‘lmaydi, faqat hozir bu bilan
shug‘ullanishga ortiqcha vaqtim yo‘q, kerak bo‘lganda ularning hammasiga javob topa olaman. Biroq
savollar ustma-ust qalashib yog‘ilaverdi, borgan sari qat’iyroq tarzda ularga javob talab qilinaverdi va
ustma-ust bir nuqtaga tushgan kabi bu javobsiz savollar birlashib, kattakon bir qora dog‘ni tashkil
qildi.
Odamzod dardi bedavo bir dardga chalinadigan bo‘lsa, odatda shunday bo‘ladi. Avvaliga
xastalikning arzimas belgilari namoyon bo‘ladi. Bemor ularga e’tibor bermaydi. Keyin bu belgilar
takror-takror uchrayveradi va bora-bora bo‘linmaydigan, bitta yaxlit dardga aylanadi. Dard
kuchaygandan kuchayadi va bemor biror tadorikni ko‘rib ulgurmay anglaydiki, u oddiy xastalik deb
qabul qilgan narsa uning uchun dunyodagi eng muhim narsa ekan. Bu — ajal ekan!
Men ham xuddi shuni boshimdan kechirdim. Men angladimki, bu tasodifiy xastalik emas, balki
boshqa juda muhim bir narsa. Modomiki bir xil savollar takror-takror ko‘ndalang bo‘laverayotgan
ekan, ularga javob bermoq kerak. Shunda men ularga javob berishga unnab ko‘rdim. Savollar juda
jo‘n, bolalarnikiga o‘xshagan, bema’ni savollarga o‘xshardi. Ammo men ularni olib, hal qilishga
unnashim bilanoq shunga amin bo‘ldimki, birinchidan, ular bolalarning savoli emas, behuda emas,
balki hayotdagi eng muhim va eng teran savollar ekan. Ikkinchidan, men har qancha boshimni
qotirmay, ularni sira ham hal qilolmayman. Samaradagi mulkim bilan shug‘ullanishdan avval,
o‘g‘limning tarbiyasiga kirishmoqdan, qo‘lga qalam olib kitob yozishga o‘tirmoqdan avval bularning
hammasini nima maqsadda qilmoqchi ekanligimni bilmog‘im kerak. Nima maqsadda ekanini
bilmagunimcha, men hech narsa qilolmayman. O‘sha kezlarda xo‘jalik haqidagi fikrlar juda ham fikru
zikrimni band etgan edi. Bir kuni shu o‘ylar ichida bir fikr miyamga keldi: «Xo‘p, yaxshi, Samara
guberniyasida sening 6000 desyatina yering, 300 bosh yilqing bo‘lsin... Xo‘sh, keyin-chi?..» Mening
juda Ham boshim qotib qoldi. Undan nari nima deb o‘ilashni ham bilmay qoldim. Yoki bolalarni
qanday tarbiyalayotganim haqida o‘ylay boshlashim bilanoq, o‘zimga: «Nima uchun?» — derdim.
Lev Tolstoy. Iqrornoma
Do'stlaringiz bilan baham: |