www.ziyouz.com
kutubxonasi
8
maqsadda, bir-birimizga ofarinlar yog‘dirdik va bir-birimizni maqtab, ko‘klarga ko‘tardik. Bu
olag‘ovur ichida ahyon-ahyonda g‘azabimiz ham qo‘zib turar va bir-birimizning ovozimizni bosib,
qichqirishga tushardik. Bu ayni jinnixonaning o‘zi emasmi?!
Minglab ishchilar, tunu kun kuchdan qolib, horib-toliqib ishlashar, millionlab so‘zlarni terishar va
bosishar, pochta esa ularni butun Rossiya bo‘ylab tarqatar edi, biz esa hamon uzluksiz ravishda
jazavaga tushib o‘rgatar, o‘rgatar va yana o‘rgatar edik, bu o‘rgatishimizning keti-oxiri ko‘rinmas edi
va biz yana zarda ham qilib qo‘yardik — bizning gapimizni kam tinglashyapti.
Ko‘p g‘alati edi bu, lekin endi menga hammasi tushunarli. Haqiqiy, chin yurakdan chiqqan
mulohazamiz shu ediki, biz imkoni boricha ko‘proq pul olishni va maqtov eshitishni istar edik. Bu
maqsadga erishish yo‘lida biz kitob yozish va gazeta chiqarishdan boshqa hech narsa bilmas edik. Biz
shu ishlarni qildik ham. Ammo shu qadar behuda ishlarni qilib turib, o‘zimizni juda kerakli ulkan
odamlar deb komil ishonch bilan hisoblamog‘imiz uchun, bizning faoliyatimizni oqlaydigan, unga
biron ma’no ato etadigan mulohaza ham kerak edi. Shu sababdan biz quyidagi gapni to‘qib chiqardik:
mavjud narsaki bor, ularning hammasi aqlga muvofiqdir. Nimaiki mavjud bo‘lsa, ularning hammasi
rivoj topadi. Rivojlanish esa ma’rifat vositasida amalga oshadi. Ma’rifat deganimizning darajasi kitob
va gazetalarning qay darajada tarqalishi bilan o‘lchanadi. Biz kitob yozganimiz va gazeta
chiqarganimiz uchun bizga pul to‘lashadi, shuning uchun ham biz eng foydali va yaxshi odamlarmiz.
Agar biz hammamiz shu mulohazaga qo‘shilsak, undan yaxshi mulohaza bo‘lmas edi. Ammo bir odam
tomonidan aytilgan bitta fikrga qarshi boshqa odam har doim butunlay unga zid boshqa bir fikr aytardi,
bu esa bizni o‘ylanishga majbur etardi. Ammo biz buni payqamas edik. Bizga pul to‘lashardi va
firqamizga mansub odamlar bizni maqtashardi — shundoq bo‘lgandan keyin bizning har qaysimiz
o‘zimizni haq deb hisoblardik.
Endi menga ayonki, bularning bari jinnixonadagi ahvoldan sira ham farq qilmaydi. U paytlarda esa
men buni g‘ira-shira anglardim, xolos va hamma jinnilarga o‘xshab o‘zimdan boshqa hammani jinni
deb atar edim.
III
Ana shu tentaklik qo‘ynida men uylangunimga qadar yana olti yil umr kechirdim. Bu vaqt ichida
men xorijga borib keldim. Ovro‘podagi hayot haqida Ovro‘podagi ilg‘or, o‘qimishli odamlar bilan
muloqot shu paytgacha amal qilib yashab kelganim mukammallashuv haqidagi e’tiqodimni yanada
mustahkamladi, chunki bu yerdagi odamlar ham ayni shu e’tiqodga sig‘inar ekanlar. Mendagi e’tiqod
bizning davrimizdagi o‘qimishli odamlarning ko‘pchiligida bo‘lgani kabi odatiy bir shaklga kirdi. Bu
e’tiqod «taraqqiy» degan so‘z bilan ifodalanar edi. U paytlarda menga bu so‘z allaqanday ma’no
anglatadiganday tuyular edi. U paytlarda hali tushunmas edimki, men «qanday qilib yaxshiroq
yashamog‘im kerak?» deganga o‘xshash savollar girdobida iztirob chekayotgan har qanday odam kabi
«taraqqiyga muvofiq yashamoq kerak», deb javob berar ekanman, to‘lqinlar yuzida shamol har
tomonga sudrayotgan qayiqqa tushib qolgan odam «yo‘l bo‘lsin?» degan uning uchun yagona va
asosiy savolga javob berish o‘rniga «allaqayoqqa yelib ketib boryapmiz» degandek bo‘lgan ekanman.
U paytlarda men hali buni payqamagan edim. Bizning davrimizda hayotni tushunib yetmagan
odamlar ana shu umumiy xurofot qobig‘iga burkanib oladilar. Men ahyon-ahyonda aqlim bilan emas,
tuyg‘ularim bilan bundan norozi bo‘lib qo‘yardim. Masalan, Parijda bo‘lgan vaqtimda qatl manzarasini
ko‘rdimu, mendagi taraqqiyga e’tiqodning zamini bo‘sh ekanini sezib qoldim. Qatl qilingan odamning
kallasi tanasidan judo bo‘lib, ikkovi ham gupillab qutiga tushganday bo‘lganini ko‘rib, aqlim bilan
emas, butun vujudim bilan angladimki, mavjud narsaning aqlga muvofiqligi va taraqqiyot haqidagi
hech qanday nazariya bu ishni sira-sira oqlay olmaydi. Agar dunyodagi hamma odamlar qandaydir
nazariyalarga amal qilib, dunyo yaratilgandan beri shuni zarur deb hisoblab kelgan ekanlar, men
bilamanki, bu kerak emas, bu yomon ish. Shuning uchun nima narsa yaxshiyu nima narsa zarur ekanini
Lev Tolstoy. Iqrornoma
Do'stlaringiz bilan baham: |