www.ziyouz.com
kutubxonasi
11
Yoki xalq qanday qilib farovonlikka erishmog‘i mumkinligi to‘g‘risida mulohaza yuritganda, to‘satdan
o‘z-o‘zimga: «Mening nima ishim bora!»— deb yuborardim. Yoki mening asarlarimni qanday shon-
shuhratlar kutayotgani haqida o‘ylasam, o‘zimga o‘zim derdim: «Xo‘p, yaxshi, sening shuhrating
Gogolnikidan, Pushkinnikidan, Shekspirnikidan, Molernikidan, dunyodagi jamiki yozuvchilarnikidan
ham ortiqroq bo‘ladi. Xo‘sh, nima bo‘pti? Innaykeyin-chi?»
Bu savolga javob topolmay, tilimni tishlab qolardim.
IV
Hayotim to‘xtab qoldi. Men nafas olishim, ovqat yeyishim, suv ichishim, uxlashim mumkin edi,
nafas olmasam ham, ovqat yemasam ham, suv ichmasam ham, uxlamasam ham bo‘laverar edi. Lekin,
bari bir, hayotim to‘xtab qolgan edi. Negaki, menda «qondirsam aqlga muvofiq ish qilgan bo‘laman»
deb hisoblaydigan bironta xohish qolmagan edi. Agar men biror narsani xohlab qolsam, avvaldanoq
bilar edimki, uni qanoatlantiramanmi yoki yo‘qmi, bari bir, bundan hech narsa chiqmaydi.
Agar biror sehrgar farishta kelsayu menga hamma istaklaringni bajo keltiraman desa, men unga
nima deyishimni bilmagan bo‘lardim. Agar shirakayf vaqtlarimda ko‘nglimda istak emas, yo‘q,
avvalgi ko‘nikilgan istaklarning qoralamasi ko‘rinib qolsa, sog‘ daqiqalarimda bilamanki, bularning
bari ro‘yo, istaydigan narsaning o‘zi yo‘q. Hatto haqiqatni bilishni ham istamay qo‘ygandim, haqiqat
nimada ekanini sezib turardim.
Haqiqat shunda ediki, yashashda hech qanday ma’no yo‘q edi.
Men go‘yoki yashab-yashab, yurib-yurib bir tubsiz jarlik bo‘yiga kelib qolganday va oldinda
halokatdan boshqa hech narsa yo‘qday edi. To‘xtash ham mumkin emas, orqaga qaytib ham
bo‘lmaydi, oldinaa yolg‘on hayot va yolg‘on baxtdan o‘zga, chinakam iztiroblar va chinakam
o‘limdan, ya’ni to‘la-tutal mahv bo‘lishdan boshqa hech narsa yo‘qligini ko‘rmaslik uchun ko‘zni
yumib ham bo‘lmaydi.
Hayot ko‘nglimga urdi — allaqanday yengib bo‘lmaydigan bir kuch meni bir amallab undan xalos
bo‘lishga unday boshladi. Menda o‘z-o‘zimni o‘ldirish istagi paydo bo‘ldi, deb aytolmayman. Meni
hayotdan xalos bo‘lishga chorlayotgan kuch xohishdan ko‘ra kuchliroq, to‘laroq, umumiyroq edi. Bu
kuch avvallari menda jo‘sh urgan yashash istagiga o‘xshardi, faqat unga teskari yo‘nalishga ega edi.
Men butun kuchim bilan hayotdan mosuvo bo‘lishga intilardim. Avvallari hayotni yaxshilash haqidagi
fikrlar ko‘nglimga qanchalik tabiiy kelgan bo‘lsa, endi o‘zimni o‘ldirish haqidagi fikr ham shunaqa
o‘z-o‘zidan keldi. Bu fikr shunchalar jozibador ediki, shoshib-pishib uni amalga oshirib qo‘ymaslik
uchun men o‘zimga nisbatan ba’zi bir chora-tadbirlarni ko‘rmakka majbur bo‘ldim. Men faqat bir
boisdangina shoshmaslikni ixtiyor etdim — kalavaning uchini topmoq uchun hamma harakatni qilib
ko‘rmoqchi bo‘ldim. Kalavaning uchini topolmasam, «bu ishni qilishga hamma vaqt ulguraman»
dedim o‘z-o‘zimga. Men baxtli odam ekanman-da — o‘shanda har kuni oqshomlarda o‘zim yolg‘iz
o‘tiradigan xonadan tizimchani olib chiqib tashladim — yechinayotib, bexosdan ikki javon o‘rtasidagi
to‘singa o‘zimni o‘zim osib qo‘ymay dedim-da. Ovga ham miltiq ko‘tarib bormay qo‘ydim, chunki
tepkini bir bosish bilan odam osongina hayotdan mahrum bo‘ladi-qo‘yadi — shunga laqqa uchmay
dedim. Nima istashimni o‘zim ham bilmay qolgan edim: bir tomondan hayotdan bezib bo‘lgan edim,
undan xalos bo‘lishni istardim va ayni chog‘da undan yana nimadir umidvor edim.
Bu voqealar boshimga tushgan kezlarda men har jihatdan mukammal baxt egasi deb hisoblanishim
kerak edi, ya’ni men hali ellik yoshga to‘lganim yo‘q edi. Mening olijanob ayolim bor edi, u meni
sevardi, men uni sevardim, farzandlarim yaxshi bolalar edi, mulkim bor edi — men sira harakat
qilmasam-da, u o‘sib, gullab-yashnab yotardi. Yaqinlarim va tanishlarim meni hurmat qilishar,
begonalar meni avvalgiga qaraganda o‘n chandon ortiqroq maqtashar va hech qanday zo‘rma-
zo‘rakiliksiz men o‘zimni mashhur odam, deb hisoblasam bo‘laverardi. Buning ustiga men nafaqat
jismonan yoki ruhan biron xastalikka chalingan edim, balki, aksincha, ham jismonan, ham ruhan
Lev Tolstoy. Iqrornoma
Do'stlaringiz bilan baham: |