www.ziyouz.com
kutubxonasi
42
chorlayotgan tubsiz o‘pqonda biror narsani ko‘ryapmanmi, yo‘qmi?
Yuragim uvushadi, o‘zim
dahshatga tushaman. Quyiga qarash qo‘rqinchli. Sezib turibman, pastga qarasam, yotgan joyimdan
sirg‘anib tushib ketamanu nobud bo‘laman. Men qaramayman, lekin
qaramaslik yana ham yomon,
chunki men «hozir tushib ketsam nima bo‘ladi?» deb o‘ylayman. Sezib turibman, qo‘rquvdan eng
so‘nggi kuchlarimni yo‘qotib, asta-asta orqamda sirg‘alib, pastga tushib ketyapman. Yana bir lahzadan
keyin tamom. Shunda birdan xayolimga: «Bu haqiqat bo‘lishi mumkin emas, — degan fikr keladi. —
Bu — tush. Uyg‘on». Men uyg‘onishga
harakat qilaman, lekin uyg‘onolmayman. «Nima qilish kerak?
Nima qilsa bo‘ladi?» — deya o‘zimdan-o‘zim so‘rayman va yuqoriga qarayman. Yuqorida ham
tubsizlik. Men samoning bu tubsizligiga qarayman-u, quyidagi tubsizlikni esdan chiqarishga
tirishaman va chindan ham unuta boshlayman. Quyidagi cheksizlik meni dahshatga soladi va o‘zidan
bezdiradi, yuqoridagi cheksizlik esa o‘ziga tortadi va menga kuch beradi.
Men hamon tubsizlik ustida
to‘r karavotda ilinar-ilinmas osilgancha muallaq turibman. Muallaq turganimni bilaman, lekin faqat
yuqoriga qarayman. Qo‘rquv meni asta-sekin tark eta boshlaydi. Ko‘pincha tushda bo‘ladigan kabi
allaqanday ovoz deydi: «Bilib qo‘y, bu — o‘sha!» — shunda men yuqoridagi tubsizlik qa’riga borgan
sari yutoqib qarayman va sekinasta xotirjam bo‘la boshlaganimni his qilaman. Nimaiki bo‘lib o‘tgan
bo‘lsa,
hammasi esimda; bularning bari qanday ro‘y berganini eslayman — mana, oyoqlarimni
qimirlatdim, mana, muallaq osilib qoldim, mana, qo‘rquvdan dahshatga tushdim, mana,
yuqoriga
qarab, qo‘rquvdan xalos bo‘ldim va halokatdan omon qoldim. Shunda o‘z-o‘zimdan so‘rayman:
«Xo‘sh, endi bu yog‘i nima bo‘ladi? Hamon muallaq osilib turibmanmi?
Endi men alang-jalang bo‘lmayman, lekin butun vujudim bilan qaysi nuqtaga tayanib turganimni
his qilaman. Ko‘ramanki, men ortiq muallaq osilib turganim yo‘q, qulayotganim ham yo‘q, balki
turgan joyimda mahkam turibman. Men o‘zimdan nechuk bunchalik mahkam turganimni so‘rayman,
tevaragimga qarayman, paypaslanaman, qarasam, ostimda, belimning tagida to‘r karavotdan bir bo‘lagi
bor ekan, men shuning ustida osmonga qaragancha yotibman va u meni avvalgiday ko‘tarib turibdi.
Xuddi shu chog‘da xuddi tushlarda bo‘ladigandek, meni ko‘tarib turgan kuch ko‘z o‘ngimda
namoyon
bo‘ladi. Garchi bu kuch o‘ngimda hech qanaqa ma’noga ega bo‘lmasa-da, tushimda g‘oyatda tabiiy,
tushunarli va hech qanday shubha tug‘dirmaydigan bo‘lib ko‘rinadi. Men tushimda hatto taajjub
qilaman — nechuk men buni avvallari anglamadim ekan? Buni qarangki, mening miyamning ichida
bir ustun bor ekan. Bu ustunning mustahkamligi har qanday shubhadan tashqari edi. Holbuki,
bu nozik
ustunning hech qanday tayanchi yo‘q edi. Keyin shu ustundan bir ip o‘tkazilgan ekan. U shunaqa
ustalik bilan va ayni chog‘da shunaqa jo‘n bir tarzda o‘tkazilgan ekanki, shu ipning ustiga beling bilan
yotib, yuqoriga qarasang, pastga
qulash haqidagi fikr, hatto, xayolingga ham kelmas ekan. Bularning
bari menga ayon bo‘ldi va men bundan mamnun bo‘lib, xotirim jam bo‘ldi. Go‘yo allakim menga:
«Buni ko‘rib eslab qol», — deganday bo‘ldi. Shu joyda uyg‘onib ketdim.