www.ziyouz.com
kutubxonasi
36
qarshilik uyg‘otmadi.
Mening iymonga avvalgi munosabatim bilan Hozirgisi bir-biridan mutlaqo farq qilardi. Avvallari
menga hayotning o‘zi ma’noga to‘laday tuyulardi va iymon menga mutlaqo luzumsiz bo‘lgan, aql
bovar qilmaydigan va hayot bilan bog‘lanmagan qoidalarning ko‘ngil tusagan bir tarzdagi tasdig‘iday
ko‘rinardi. O‘sha paytlarda men o‘zim o‘zimdan bu qoidalar qanaqa ma’noga ega ekanini so‘rab va
ularning ma’nosiz ekanigd ishonch hosil qilib, ulardan yuz o‘girganman Endi esa butunlay buning aksi
— men qat’iy bilamanki, mening hayotim hech qanaqa ma’noga. ega emas va ega bo‘lolmaydi ham,
shuning uchun iymon qoidalari menga nafaqat luzumsiz ko‘ringanlari yo‘q, balki men chinakam tajriba
orqali shunday to‘xtamga kelgan edimki, faqat iymonning ana shu qoidalarigina hayotga ma’no beradi,
Avvallari men ularga tishim o‘tmaydigan mutlaqo keraksiz yozuvlarga qaragandek qarardim, endi esa,
mabodo ularni tungunmasam, bilardimki, ularning ma’nosi bor va men o‘z-o‘zimga ularni anglamoqni
o‘rganish kerak derdim.
Men quyidagicha mulohaza yuritardim. Men o‘zimga derdim: iymonni bilish ham butun insoniyat
va uning aqli kabi sirli bir ibtidodan kelib chiqadi. Bu ibtido Xudodir, bu - inson jismining ham,
aqlining ham ibtidosi. Mening jismim menga Xudodan vorislik yo‘li bilan qanday yetib kelgan bo‘lsa,
mening aqlim va mening hayotni tanishim ham menga shunday yetib kelgan. Shuning uchun hayotni
tanishimning hamma rivojlanish bosqichlari yolg‘on bo‘lishi mumkin emas. Odamlar chinakamiga
ishongan nimaiki bo‘lsa, u haqiqat bo‘lmog‘i kerak; u har xil yo‘sinda ifodalanmog‘i mumkin, biroq u
yolg‘on bo‘lmog‘i mumkin emas, shuning uchun ham mabodo u menga yolg‘on bo‘lib tuyulsa, buning
ma’nosy shundan iboratki, uni men anglamabman. Bunday tashqari yana o‘zimga dedim: har qanday
iymonning mohiyati shundan iboratki, u hayotga o‘lim mahv etolmaydigan ma’no beradi. Tabiiyki,
hashamat qo‘ynida jon taslim qilayotgan podshoning, mehnat azobida o‘layotgan qari qulning,
norasida go‘dakning, donishmand keksaning, devonasifat kampirning, baxtiyor juvonning, ehtiroslar
quyunida o‘rtanayotgan yigitning savoliga javob bermoq uchun, ya’ni turfa xil sharoitdagi har xil
ma’lumot darajasiga ega bo‘lgan odamlarning savoliga javob bermoq uchun — albattaki, hayotning
«Men nima uchun yashayapman? Mening hayotimdan nima chiqadi?» degan o‘sha yagona mangu
savoliga beriladigan javob bitta bo‘lsa, iymon beradigan javob mohiyatiga ko‘ra bir xil bo‘lsa-da,
o‘zining ko‘rinishlarida cheksiz xilma-xil bo‘lmog‘i kerak. Albattaki, bu javob naqadar bir xilroq,
teranroq, chinroq bo‘ladigan bo‘lsa, har bitta odamning ma’lumoti va mavqeiga mos tarzda ifoda
qilishga urinilishi jihatidan shunchalik g‘alati va badbashara ko‘rinmog‘i lozim. Ammo men uchun
iymonning marosimiy tomonlarining g‘alatiligini oqlaydigan bu tarzdagi mulohazalar men uchun
yagona bo‘lgan hayot ishida, ya’ni iymonda keyin o‘zim pushaymon qiladigan xatti-harakatlar
qilishimga yo‘l qo‘ymoqlik uchun harholda kifoya emas edi. Men xalq iymonining marosimli
jihatlarini bajo keltirar ekanman, qalbimning jami kuchlari orqali xalqqa singib ketishni istardim,
ammo bunday qila olmas edim. Agar shunday qiladigan bo‘lsam, o‘z-o‘zimni aldagan bo‘lib
chiqardim, o‘zim uchun muqaddas bo‘lgan narsani mazax qilgan bo‘lardim. Shu o‘rinda bizning rus
dinshunoslarining yangi asarlari menga yordamga keldi.
Bu dinshunoslarning tushuntirishiga ko‘ra iymonning asosiy aqoidi gunohlardan xoli turuvchi
cherkovdir. Bu aqoidni tan olishdan muqarrar bir tarzda cherkov sig‘inadigan hamma narsa haqiqatdir,
degan xulosa kelib chiqadi. Bir-birlari bilan muhabbat orqali bog‘langan va shuning uchun ham
chinakam bilimga ega bo‘lgan xudojo‘ylar majmui sifatida cherkov mening iymonimning negizi bo‘lib
qoldi. O‘zimga-o‘zim dedimki: «Xudoning haqiqatiga bir odam yolg‘iz o‘zi erisha olmaydi, u bir-
birlari bilan muhabbat orqali bog‘langan odamlar majmuigagina namoyon bo‘lishi mumkin. Haqiqatni
tanimoq uchun bo‘linmaslik kerak; bo‘linmaslik uchun esa bir-birlarimizni sevmoq lozim va o‘zing
rozi bo‘lmagan narsa bilan murosa qilmoq zarur. Haqiqat sevgi qarshisida jamol ko‘rsatadi; shundoq
ekan, agar sen cherkov marosimlariga bo‘ysunmasang, sevgiga shikast yetkazgan bo‘lasan, sevgiga
shikast yetkazish bilan esa haqiqatni tanish imkonidan mahrum bo‘lasan». Men hali u paytlarda bu
mulohaza zamirida yotgan safsatani ko‘rmagan edim. Men hali u paytlarda sevgi orqali birlashish juda
Lev Tolstoy. Iqrornoma
Do'stlaringiz bilan baham: |