www.ziyouz.com
kutubxonasi
37
ulug‘ sevgini keltirib chiqarishi mumkinligini, lekin zinhor-bazinhor Nikey ramziyotida muayyan
so‘zlar bilan ifodalangan diniy haqiqat berilishi mumkin emasligini bilmagan edim. Xuddi shuningdek,
muhabbat haqiqatning ma’lum ifodasini birlashtirmoq uchun hammaga majburiy bir narsa
qilolmasligini ham ko‘rmagandim. Men hali U paytlarda bu mulohazalardagi xatoliklarni
sezmagandim va shu sababdan pravoslav cherkovi marosimlarining ko‘p qismini tushunmagan holda
qabul qilish va bajo keltirish imkoniga ega bo‘lgandim. U paytlarda men butun qalb kuchim bilan har
qanday mulohazakorlikdan qochishga, ziddiyatlarni chetlab o‘tishga intilgandim va o‘zim unchalik
qoniqmagan cherkov qoidalarini imkoni boricha oqilona izohlashga harakat qilgandim.
Cherkov marosimlarini bajo keltirar ekanman, men aqlimni tizginlab olib, butun insoniyat rioya
qiladigan rivoyatlarga o‘zimni bo‘ysundirdim. Men o‘z ajdodlarim bilan, sevikli otam, onam,
bobolarim, buvilarim bilan birlashdim. Ular va ulardan avval o‘tganlar dinga ishonib yashashgan va
meni dunyoga keltirishgan. Men xalqdan chiqqan, o‘zim hurmat qiladigan millionlab odamlar bilan
birlashdim. Bundan tashqari, bu harakatlarimning hech qaysisida biron yomon jihat yo‘q edi (yomon
deb men nafs balosiga berilishni hisoblardim). Erta tongda cherkov ibodatiga turar ekanman, bu ishim
yaxshi ekanini bilardim. Negaki, fikratimdagi murakkab birlikni jilovlamog‘im uchun, o‘tgan
ajdodlarim va zamondoshlarim bilan yaqinlashmog‘im uchun, hayot ma’nosini izlamoq niyatlarida
jismim farog‘atidan kechmoqda edimda. Ro‘za tutganimda ham, har kungi toat-ibodatni bajo
keltirganimda ham, boshqa har xil rasm-rusumlarga rioya qilganimda ham shu bo‘lardi. Bu qurbonlar
har qancha arzimas bo‘lmasin, ular yaxshilik yo‘lidagi qurbonlar edi. Men ro‘za tutar, Uydagi va
cherkovdagi kundalik toat-ibodatlarni bajo keltirardim. Cherkovdagi ibodatlar vaqtida amri ma’ruflarni
tinglar ekanman, ularning har bir so‘zini anglashga va ilojim bo‘lgan kezlarda ularga ma’no berishga
harakat qilardim. Ibodatdagi men uchun eng muhim gap — «Bir-birimizni sevib hamfikr bo‘laylik...»
— degan gap edi. Undan keyin keladigan «Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruhga sig‘inaylik» degan iborani
tushirib qoldirardim, negaki ularni tushuna olmas edim.
XIV
Yashamoq uchun iymonga ega bo‘lmoq o‘sha kezlarda menga shu qadar zarur ediki, men diniy
e’tiqodlarning ziddiyatlari va noaniqliklarini o‘z-o‘zimdan ongsiz ravishda yashirib keldim. Ammo
marosimlarni bunday idrok etishning chegarasi bor edi. Ibodatlar vaqtida rohiblar tomonidan
aytiladigan ba’zi bir iltimosnomalarning mazmuni menga borgan sari ravshanroq bo‘laverdi. Men
ulardagi ayrim iboralarni bir amallab o‘zimga o‘zim tushuntirib berdim. Podsho va uning qarindosh-
urug‘lari haqida tez-tez takrorlanib turadigan ibodatlarni shu bilan izohladimki, ular yo‘ldan
ozdiradigan parchalarga ko‘proq ro‘para keladilar, shuning uchun ularning haqiga ko‘proq ibodat
qilmoq kerak. Yana ba’zi bir tushunish qiyin bo‘lgan ibodatlarni dushmanning yovuzligi bilan
izohladim. Ammo yana bir qator ibodatlar va sehrli marosimlar bor ediki, ularni harchand tushuntirgan
bilan tushunib bo‘lmas edi. Yoki men ularni bir amallab tushuntirmoqchi bo‘lar ekanman, gaplarim
yolg‘on ekanini his qilardim va bu bilan o‘zimning Xudoga munosabatimni yakson etayotganimni va
iymonli bo‘lishning har qanday imkonini butunlay yo‘qotib qo‘yayotganimni fahmlab turardim. Asosiy
bayramlarni bayram qilishda ham men xuddi shularni boshdan kechirardim. Shanba kunini yodda
tutish zarurligi, ya’ni bir kunni Xudoga murojaat qilishga bag‘ishlash kerakligi menga tushunarli edi.
Ammo asosiy bayram qayta tirilish hodisalarini eslash ediki, men uning chinligini sira tasavvur qila
olmas va anglay olmas edim. Va har haftada bayram qilinadigan kun ana shu qayta tirilish nomi bilan
atalardi. Xuddi shu kuni sirli Yevxaristiya marosimi sodir bo‘lar ediki, buni men mutlaqo tushuna
olmasdim. Mavluddan boshqa qolgan o‘n ikki bayram mo‘‘jizalar haqidagi xotirotlardan iborat edi.
Eslasam, ularni inkor etmay degan maqsadda men ular to‘g‘risida o‘ylamaslikka harakat qilardim. Bu
bayramlar Me’roj, Xudoning jamol ko‘rsatishi va boshqalar edi. Bu bayramlar bayram qilinganda men
uchun haddan tashqari arzimas bo‘lib ko‘ringan narsalarga allanechuk muhimlik berilayotganini
Lev Tolstoy. Iqrornoma
Do'stlaringiz bilan baham: |