www.ziyouz.com
kutubxonasi
39
o‘z diniy e’tiqodlarini o‘sha ramzlar va o‘sha so‘zlarda ifodalamasa, pravoslavlar ularga dushmanlik
munosabatida bo‘lar ekanlar. Albatta, pravoslavlar buni yashirishga urinishardi. Holbuki, aslida o‘zi
shundoq bo‘lishi ham kerak. Sababki, birinchidan, «sen yolg‘onga botgansan, men haqiqatga erishgan»
degan gapning o‘zi bir odam boshqa odamga aytishi mumkin bo‘lgan eng shafqatsiz gapdir.
Ikkinchidan, o‘zining farzandlari va birodarlarini yolg‘on iymonga sig‘intirishni istagan odamlarga
do‘stlik munosabatida bo‘lishi mumkin emas. Qizig‘i shuki, diniy ta’limotni qancha ko‘proq bilishsa,
bu dushmanlik shuncha kuchaya boradi. «Haqiqat odamlarning sevgi orqali birlashuvidadir», — deb
hisoblaganim uchun beixtiyor menga shunday ko‘rindiki, diniy ta’limot o‘zi barpo qilishi kerak
bo‘lgan narsani o‘zi vayron qilyapti.
Bizga o‘xshagan ma’rifatli odamlarga bu holning bema’niligi o‘z-o‘zidan ayon; shu darajada
ayonki, dastlabki pallalarda shunaqa munosabatlarning bo‘lishi mumkinligiga aql bovar qilmaydi. Biz
aholisi turli dinlarga sig‘inadigan har xil mamlakatlarda yashaganmiz va ko‘rganmiz: katolik
pravoslavga va protestantga, protestant katolik va pravoslavga, pravoslav ham har ikkoviga nafrat bilan
muomalada bo‘ladi, bir-birlarining e’tiqodini sira ikkilanmay, komil ishonch bilan rad etishadi.
Qadimchilar, pashkovchilar va boshqa mazhablarga munosabat ham xuddi shuning o‘zi. O‘z-o‘zingga
deysan: «Axir, bunday bo‘lishi mumkin emas, nahotki bu shu qadar jo‘n bo‘lsa? Axir, ikki xil fikr
qarama-qarshi bo‘lib, bir-birini rad etsa, na unisida, na bunisida iymonni tashkil qiluvchi yagona
haqiqat bo‘lishi mumkin».
Odamlar buni ko‘rmasliklarining sira ham iloji yo‘q. Bu yerda nimadir bor. Buni qandaydir izohi
bo‘lishi kerak. Men shunday izoh bor deb o‘ylagan edim va uni qidira boshladim, shu masalaga
taallukdi adabiyotlarning imkoni boricha hammasini o‘qidim, iloji bo‘lgan odamlarning bari bilan
maslahatlashdim. Lekin hech qanaqa izoh topa olmadim. Faqat topganim latifanamo bir izoh bo‘ldi —
unga ko‘ra Suma gusarlari butun dunyodagi eng peshqadam polk deb Suma polkini hisoblashadi, sariq
ulanlar esa dunyodagi eng peshqadam polk deganda sariq ulanlar polkini tushunishadi. Turli-tuman
diniy e’tiqodlarga mansub ruhoniy arboblar, ularning eng yaxshi vakillari menga: «Biz o‘zimizni
haqqa erishgan deb bilamiz, qolganlar adashadi, ularning haqiga duo qilishdan boshqa hech narsa
qo‘limizdan kelmaydi», — degan gapni aytishdi, xolos. Men arximandritlar, arxiereylar, pirlar,
tarkidunyo qilgan keksalar huzuriga bordim, lekin ularning hech qaysisi menga buni tushuntirib
berishga urinib ham ko‘rgani yo‘q. faqat ulardan bittasigina menga hamma narsani tushuntirib berdi,
ammo shundoq tushuntirdiki, men keyin hech kimdan hech narsa so‘ramay qo‘ydim.
Men degan edimki, dinga ishonmaydigan odamlar ichidan kimda-kim iymonga yuz o‘girsa
(bizning jamiki yosh avlodimiz iymonga yuz o‘tirmog‘i kerak) birinchi ko‘ndalang bo‘ladigan masala
«Nima uchun haqiqat lyuteranlikda emas, katoliklikda emas, balki pravoslaviyada?» — degan masala
bo‘ladi. Katolik bilan protestant ham birdan-bir haqiqat o‘zlarining dinlarida ekanini tasdiqlaydi. Buni
mujik bilmasligi mumkin, lekin yoshlar biladi, chunki buni ularga gimnaziyada o‘qitishadi. Har bir
xudojo‘y o‘z e’tiqodlarini ro‘yobga chiqarayotganda o‘z tomoniga tortqilaydigan dalillar kifoya emas.
«Diniy ta’limotni eng oliy yuksaklikda anglasa bo‘lmasmikin? — dedim men. — Shu darajada yuksak
bo‘lsaki, unda tafovutlar yo‘q bo‘lib ketsa? Qadimchilar bilan birga biz bir yo‘ldan boramiz-ku! Shu
yo‘ldan yana nariga ketaversak bo‘lmasmikin? Ular salb, hamd-sano va mehrob tevaragida aylanish
bizda boshqacha deyishadi. Biz ularga dedik: sizlar Nikeya ramziga, yetti sir-sinoatga ishonasizlar, biz
ham ishonamiz. Kelinglar, shunda bahamjihat bo‘laylik, qolganida istaganingizni qiling. Bizni bular
bilan birlashtirgan narsa shu bo‘ldiki, biz iymondagi eng muhim narsani nomuhim narsadan yuqori
qo‘ydik. Endi katoliklarga ham «sizlar falon va falon masalalarga ishonasizlar, bular eng muhim
masalalar, boshqa masalalarda istagan ishlaringni qilaveringlar» desak bo‘lmasmikin? Xuddi shu
gaplarni protestantlarga aytib, ular bilan ham eng asosiy masalada hamjihat bo‘lsak bo‘lmaydimi?
Suhbatdoshim mening fikrimga qo‘shildi, lekin dediki, bunaqa yon berishlar diniy hokimiyatni
malomatga qo‘yadi, uni ota-bobolarimizning dinidan chekinishda va dindorlar o‘rtasida ixtilof
tug‘dirishda ayblashadi, holbuki diniy hokimiyatning asosiy vazifasi bizga bobokalonlarimizdan meros
Lev Tolstoy. Iqrornoma
Do'stlaringiz bilan baham: |