www.ziyouz.com
kutubxonasi
35
yolg‘iz qoldirishdi. Men bilganimcha eshkak eshib, suzib ketdim. Ammo o‘rtaga yetganim sari oqim
tezlasha bordi; oqim meni manzildan boshka tomonga sudrardi. Yo‘lda esa oqim ixtiyoriga tushib
menga o‘xshab sarsari suzayotgan yo‘lovchilar borgan sari ko‘proq uchray boshladi. Eshkak eshishda
davom etayotgan yolg‘iz yo‘lovchilar ham bor edi. Eshkaklari qo‘lidan tushgan yo‘lchilar ham bor edi.
Odam liq to‘la katta qayiqlar, zo‘r kemalar ham bor edi — ularning ba’zilari oqimga qarshi kurashar,
ba’zilari esa ixtiyorlarini butunlay oqimga topshirib qo‘yishgan edi. Men suzib borganim sari yo‘nalish
bo‘ylab quyiga, barcha suzib borayotganlar oqimiga qarar ekanman, menga berilgan yo‘nalishni
ko‘proq unutardim. Oqimning qoq o‘rtasida, quyi tomonga ketayotgan kemalar va qayiqlar qatorida
men yo‘nalishni butunlay yo‘qotib qo‘ydim va eshkaklarni tashladim. Mening tevaragimda har
tomonimdan yelkanli va eshkakli qayiqlarda yo‘lchilar shodu xurramlik bilan qiyqirishib quyi tomonga
yelib borishar va meni ham, bir-birlarini ham boshqa yo‘nalishning bo‘lishi mumkin emasligiga
ishontirishmoqchi bo‘lishardi. Men ularga ishondim va ular bilan suzib ketdim. Suzib ketaveribman,
ketaveribman. Juda olislab ketib qolibman. Shu qadar oliski, shovvalarning ovozini eshitdim. Men bu
shovvalarda toshlarga urilib nobud bo‘lishim muqarrar edi. Shovvalarda dabdalasi chiqqan qayiqlarni
ko‘rdim. Birdan hushim joyiga keldi. Ancha vaqtgacha menga nima bo‘lganini, qanaqa ahvolga tushib
qolganimni aniqlay olmay turdim. Men qarshimda halokatdan boshqa narsani ko‘rmas edim. Men shu
halokat sari yelib-yuguribman, undan juda qo‘rqar edim va hech qaerda undan qutulish chorasini
ko‘rmasdim, nima qilishimni bilmay qolgan edim. Ammo orqamga o‘girilib qarab, hormay-tolmay
oqimni yorib kelayotgan son-sanoqsiz qayiqlarni ko‘rdim, sohil esimga tushdi, eshkaklarni, yo‘nalishni
esladim va orqaga — oqimga qarshi sohil tomonga suza boshladim.
Sohil — Xudo edi, yo‘nalish — rivoyat edi, eshkaklar — menga berilgan erk edi. Men ularning
yordamida sohilga — Xudoning jamoliga erishmoqqa suzmog‘im kerak edi. Shunday qilib, menda
hayot qudrati qaita tirildi va men yana yashay boshladim.
XIII
Men davramizning hayoti zohiran hayotga o‘xshasa-da, aslida hayot emasligini tan olib, undan yuz
o‘girdim. Biz yashayotgan farovonlik sharoiti bizni hayotni anglash imkonidan mahrum qilar edi.
Hayotni anglamoq uchun men istisnolar hayotini, o‘zimizning, ya’ni hayot daraxtiga yopishib olgan
tekinxo‘rlar hayotini emas, oddiy mehnatkash xalq hayotini anglamog‘im, shu xalq hayotga beradigan
ma’noni tushunmog‘im lozim edi. Mening tevaragimdagi oddiy xalq rus xalqi edi. Men unga murojaat
qildim, shu xalq hayotga beradigan ma’noga murojaat qildim. Bu ma’noni ifodalash mumkin bo‘lsa, u
quyidagicha edi: har bir odam bu dunyoga Xudoning irodasi bilan keladi. Xudo odamzodni shunday
yaratgan-ki, har bir odam o‘zining jonini nobud qilishi yoki asrab qolishi mumkin. Odamning
hayotdagi vazifasi — o‘z jonini saqlab qolishdir. O‘z jonini saqlab qolish uchun Xudoning
buyurganlariga amal qilib yashamoq lozim. Xudoning buyruqlariga amal qilib yashash uchun esa
hayotning hamma sharoitidan voz kechish shart, mehnat qilib, mutelik bilan, sabr-qanoat bilan
saxovatlik bo‘lib yashamoq kerak. Bu ma’noni xalq o‘zi sig‘inadigan diniy e’tiqoddan topadi; bu
e’tiqodlarni esa ularga ruhoniy buzruklar yetkazib kelgan va hozir ham yetkazib turadilar. Shuningdek,
bu e’tiqodlar xalq ichida yashaydigan rivoyatlarda, afsonalarda, maqollarda va hikoyalarda ifodalanadi.
Bu ma’no menga yasuda ayon edi va yuragimga yaqin edi. Ammo xalq iymonining ana shu ma’nosi
bilan xalqimizda juda ko‘p shunaqa narsalar bog‘lanib ketadiki, ular meni o‘zidan uzoqlashtiradi. Men
ularga izoh topolmayman: turli-tuman sehru jodular,-cherkov marosimlari, ro‘za tutishlari,
avliyolarning suyaklariga va suvratlariga sajda qilishlar shular jumlasidan. Xalq ularni bir-biridan
ajrata olmaydi, men ham ajrata olmayman. Ammo xalq e’tiqod qo‘ygan narsalarning ko‘pchiligi
menga har qancha g‘alati tuyulmasin, men ularning hammasini qabul qildim, cherkovga qatnadim,
ertalab va kechqurunlari ibodat qildim, ro‘za tutdim, dastlabki paytlarda aqlim hech narsaga qarshilik
qilmadi. Avvallari nazarimda sira qilishning iloji bo‘lmagan narsalar endilikda menda hech qanaqa
Lev Tolstoy. Iqrornoma
Do'stlaringiz bilan baham: |