www.ziyouz.com
kutubxonasi
40
bo‘lib qolgan yunon-rossiya pravoslav dinini ko‘z qorachig‘iday pokiza saqlashdir.
Shunda men hamma gapga tushundim. Men iymon izlayman, hayotning qudratini izlayman, ular
esa odamlar oldidagi muayyan insoniy majburiyatlarini yaxshiroq ado etish vositalarini izlashadi. Bu
insoniy ishlarni ado etar ekanlar, ularni insoniy tarzda bajaradilar. Ular adashgan birodarlari uchun
taassuflari haqida, Xudoning taxtiravoni oldida ularning haqiga qiladigan ibodatlari to‘g‘risida har
qancha gapirishmasin, insoniy ishlarni ado etmoq uchun kuch ishlatmoq kerak. Kuch hamisha
ishlatilgan, hozir ham ishlatilyapti, bundan keyin ham ishlatiladi. Ikki xil tariqat har qaysisi o‘zini
haqiqat yo‘lida deb bilsa, bir-birlarini esa yolg‘onga cho‘mgan deb hisoblasa, birodarlarini haqiqatga
jalb qilmoq uchun ular o‘z ta’limotlarini targ‘ib qiladilar. Agar yolg‘on ta’limotni cherkovning o‘zini
haqiqatga oshno deb hisoblovchi tajribasiz qavmi o‘rtasida targ‘ib qilsa, cherkov bu kitoblarni yoqib
yubormasligi, qavmini vasvasga solgan odamni ko‘zdan nari qilmasligi mumkin emas. Pravoslav
cherkovining fikriga ko‘ra soxta olov alangasida yonayotgan va eng muhim masalada, iymon
masalasida cherkov qavmini yo‘ldan ozdirayotgan mazhabparastni nima qilmoq kerak? Uning kallasini
olmoqdan yoki o‘zini zindonga solmoqdan o‘zga iloj bormi? Aleksey Mixaylovich zamonida gulxanda
yoqishtan, ya’ni zamonasining oliy jazosini qo‘llashgan; bizning davrimizda ham yana o‘sha oliy
jazoni qo‘llashadi — bir kishilik hibsga mahkum etishadi. Men diniy e’tiqod yo‘lida qilinayotgan ana
shunaqa ishlarga e’tiborimni qaratdim-da, dahshatga tushdim va pravoslaviyadan deyarli yuz o‘tirdim.
Cherkovning hayotiy masalalariga ikkinchi munosabati uning urushga va qatllarga munosabati edi.
Shu paytda Rossiyada urush boshlanib qoldi. Ruslar xristian sevgisini alqab o‘z birodarlarini
o‘ldira boshlashdi. Bu to‘g‘rida o‘ylamaslikning iloji yo‘q edi. Qotillik har qanday dinning birlamchi
asoslariga zid bo‘lgan yovuzlik edi. Buni ko‘rmaslik mumkin emas edi. Holbuki, cherkovlarda bizning
qurolimizning muvaffaqiyati uchun ibodatlar qilindi va din peshvolari qotillikni dindan kelib chiquvchi
ish, deb tan olishdi. Nafaqat urushdagi bu qotillikni, balki urushdan keyin sodir bo‘lgan g‘alayonlar
vaqtidagi odam o‘ldirishlarni ham shar’iy bir narsa deb e’tirof etishdi. Men cherkov arboblarini,
pirlarini, monaxlarni ko‘rdim — ular adashgan nochor yigitlarning o‘ldirilishini ma’qullashdi. Men
xristian diniga sig‘inadigan odamlar tomonidan qilinadigan ishlarning hammasiga e’tiborimni
qaratdim. Qaratdim-u, dahshatga tushdim.
XVI
Shunda shubhalarni yig‘ishtirib, uzil-kesil amin bo‘ldim — men kelib baridan tutgan iymon bilimi
hali to‘la haqiqat emas ekan. Avvallari bu diniy ta’limot boshdan-oyoq hammasi yolg‘on derdim;
ammo endilikda bunday deb bo‘lmas edi. Butun xalq haqiqatni bilishga erishgan edi, bunga shubha
bo‘lmog‘i mumkin emas edi, aks holda bu xalq yashamagan bo‘lar edi. Haqiqatni taniy oladigan bo‘lib
qolganimdan tashqari men allaqachon shu haqiqat bilan yashamoqda va uning jamiki chinligini his
qilmokda edim, biroq ana ngu bilimimning o‘zida yolg‘on ham bor edi. Bunga ham mening shubham
yo‘q edi. Shunday qilib, avvallari meni bezdirgan narsalarning hammasi endilikda jonli bir tarzda
qarshimda gavdalandi.
Ammo yolg‘on qayoqdan kelib qoldi-yu, haqiqat qayoqdan keldi? Yolg‘on ham, haqiqat ham
cherkov deb atalgan narsa tomonidan tarqatiladi. Yolg‘on ham, haqiqat ham rivoyatlarning
tarkibidadir. Ularni muqaddas rivoyatlar va muqaddas kitoblar deb atashadi.
Shu tarzda xohlasam-xohlamasam men ana shu rivoyatlar va kitoblarni o‘rganishga, tadqiq etishga
majbur bo‘ldim. Holbuki, hozirgacha ayni shundan qo‘rqar edim.
Men bir vaqtlar keraksiz narsa sifatida nafrat bilan o‘zim uloqtirib tashlagan dinshunoslikni
o‘rganishga kirishdim. U paytlarda dinshunoslik menga bir qator keraksiz bema’ni narsalarning
yig‘indisiday tuyulgandi, u paytlarda mening tevaragimni har tomondan menga aniq-ravshan va
ma’noga to‘liq bo‘lib tuyulgan hayot hodisalari qurshab olgan edi, endilikda esa sog‘lom kallaga
sig‘mayotgan narsani bajonidil uloqtirib ham tashlar edimu, ammo noiloj qolgan edim. Bu — diniy
Lev Tolstoy. Iqrornoma
Do'stlaringiz bilan baham: |