www.ziyouz.com
kutubxonasi
6
hisobladim. Albattaki, hamma narsaning ibtidosi ma’naviy mukammallashuvimda edi, ammo oradan
ko‘p o‘tmay, uning o‘rnini umuman mukammallashuv egalladi, ya’ni o‘z-o‘zimning nazdimda yoxud
Xudoning qarshisida yaxshiroq bo‘lish istagi emas, balki boshqa odamlar oldida yaxshiroq bo‘lish
istagi egalladi. Oradan ko‘p o‘tmay boshqa odamlar qarshisida yaxshiroq bo‘lishga intilish o‘rnini
boshqa odamlardan kuchliroq bo‘lish, ya’ni boshqalarga qaraganda shuhratliroq, dongdorroq,
badavlatroq bo‘lish istagi egalladi.
II
Vaqt-soati kelsa, men hayotim tarixini hikoya qilib beraman — yoshligimdagi o‘n yillik umrim
juda ibratli va ta’sirchan kechgan. O‘ylaymanki, mening ko‘nglimdan kechgan tuyg‘ularning ko‘pi
boshqalardan ham kechgan. Men butun qalbim bilan yaxshi bo‘lishga intilgandim; ammo men yosh
edim, hirslarimga asir edim, ammo yaxshi bo‘lish yo‘llarini izlaganimda yolg‘iz edim, mutlaqo yolg‘iz
edim. Har gal qalbimdagi eng yaxshi mayllarimni, ya’ni ma’naviy jihatdan yaxshi bo‘lmoqchi
ekanimni namoyish qilsam, meni mazax qilishar va menga nafrat bildirishardi; yomon ehtiroslarga
beriladigan bo‘lsam, har gal meni maqtashar va rag‘batlantirishar edilar.
Manfaatparastlik, shuhratparastlik, hokimiyatparastlik, shahvoniyat, mutakabbirlik, g‘azab, intiqom
- bularning hammasi hurmatga sazovor edi. Bu hislarga berilganimda men katta odamlarga o‘xshab
qolardim va mendan mamnun ekanliklarini his qilardim. Men xolajonim bilan birga turardim. Qo‘y
og‘zidan cho‘p olmagan bu pokiza ayol hamisha menga bir tilak bildirib, «er ko‘rgan ayol bilan
aloqada bo‘lishingni istayman, chunki boadab ayol bilan aloqa qilgan yigitning savodi tez chiqadi»
derdi. U menga yana bir toifa baxt tilardi - mening ad’yutant bo‘lishimni, bo‘lganga yarasha
podshoning ad’yutanti bo‘lishimni istardi; uning menga tilagan eng katta baxti shu ediki, mening juda
ham badavlat qizga uylanishimni istar, bu uylanish oqibatida, menda son-sanoqsiz qullar bo‘lishini
xohlar edi.
Dahshatsiz, ijirg‘anmasdan, yurak zil ketmasdan shu yillarni eslay olmayman. Men urushda odam
o‘ldirganman, o‘ldirmoq niyatida duelga chaqirganman, tasarrufimdagi mujiklarni qartaga boy
berganman, ularning mehnati evaziga yashaganman, ularni qatl etganman, fahsh ishlar bilan
shug‘ullanganman, aldaganman. Yolg‘onchilik, o‘g‘irlik, har xil rangdagi zinokorlik, ichkilikbozlik,
zo‘ravonlik, qotillik... Men qilmagan jinoyat qolgan emas va buning hammasi uchun meni maqtashgan,
tengdoshlarim meni nisbatan vijdonli odam, deb hisoblashgan va hozir ham hisoblashadi.
Shu ahvolda o‘n yil yashadim.
Bu davr mobaynida shuhratparastligim, manfaatparastligim, mutakabbirligim vajidan yoza
boshladim. Hayotda nima noma’qulchilik qilgan bo‘lsam, yozganlarimda ham shuni yozdim.
Shuhratga erishmoq va pul topmoq uchun jamiki yaxshi narsani yashirib, yomon narsani yozmoq kerak
edi. Men shunday qildim. Men yozgan narsalarimda loqaydlik pardasi ostida va hatto, jinday istehzo
aralash yaxshilikka intilishlarimni necha martalab yashirib ketganman. Holbuki, yaxshilikka intilish
hayotimning mazmunini tashkil qilardi. Shu yo‘l bilan shuhratga erishdim — meni maqtadilar.
Yigirma olti yoshga to‘lib, urushdan keyin Peterburgga keldim va yozuvchilar bilan topishdim.
Meni o‘zlariga yaqin olib qarshi olishdi, menga xushomadlar qilishdi. Bir aylanib ulgurmasimdan men
topishgan odamlarning hayotga mutakabbirona qarashlarini o‘zlashtirib oldim va yaxshiroq bo‘lish
borasida qilgan hamma avvalgi urinishlarim tag-tugi bilan xayolimdan uchdi-ketdi. Ushbu qarashlar
beboshlik bilan kechirayotgan umrimga qo‘shilib bu hayotni oqlaydigan nazariyaga aylanadi.
Yozuvchilik borasidagi bu sheriklarimning hayotga qarashi shundan iborat edi: umuman hayot o‘z
yo‘lida rivojlanib boradi va uning bu rivojida biz, ya’ni fikrlovchi odamlar asosiy ishtirokchilar sifatida
ko‘rinamiz; fikrlovchi odamlar orasida esa biz — san’atkorlar, shoirlar asosiy ta’sir kuchiga egamiz.
Zimmamizdagi burchimiz — odamlarni o‘rgatish. Ammo bunda o‘z-o‘zingga beriladigan savol
ko‘ndalang bo‘lishi mumkin — xo‘sh, men o‘zim nimani bilamanu, odamlarga nimani o‘rgataman?
Lev Tolstoy. Iqrornoma
Do'stlaringiz bilan baham: |