www.ziyouz.com
kutubxonasi
15
Ularning eng chekka nuqtasida metafizika turadi.
Ilk yoshligimdan boshlaboq men ilmi aqliyaga qiziqib kelganman, keyinchalik esa matematik
ilmlar ham, tabiiy fanlar ham e’tiborimni tortdi. Men o‘z savolimni oldimga aniq-ravshan qilib
ko‘ndalang qo‘ymagunimcha, bu savolning o‘zi ich-ichimda pishib o‘tmaguncha va qat’iyat bilan hal
qilinishini talab qilmaguncha, men bu ilmlar o‘sha savolga bergan soxta javoblar bilan qanoatlanib
keldim.
Tajriba sohasida men o‘z-o‘zimga derdim: «Hamma narsa rivojlanadi, tarkibiy qismlarga ajraladi,
murakkablashish va mukammallashish sari boradi. Bu harakatni belgilab turuvchi qonunlar bor. Sen —
butunning bir qismisan. Imkoni boricha butunni bilsang, rivojlanish qonunini bilsang, shu bilan sen shu
butunlikdagi o‘z o‘rningni ham bilgan bo‘lasan». Men uchun har qancha xijolatli bo‘lsa ham tan
olmog‘im kerakki, bir zamonlar men shu javobdan qanoat hosil qilgan edim. Bu o‘sha o‘zim
murakkablashib, mukammallashib borayotgan kezlarimda ro‘y bergan edi. Muskullarim chiniqib
pishib borar, xotiram boyir, fikrlash qobiliyatim va idrokim ortib borardi. Men o‘sib-ulg‘aymoqda
edim va butun vujudimda shu o‘sish-ulg‘ayishni his qilib turardim. Tabiiyki, men «o‘z-o‘zidan butun
dunyoning qonuni ayni shuning o‘zi bo‘lsa kerak va hayotim savollariga javobni ham shundan topsam
kerak» deb o‘ylagandim. Ammo vaqti soati kelib men o‘sishdan to‘xtadim, endi ortiq
o‘smayotganimni, quruqshab borayotganimni his qildim, muskullarim zaiflasha boshladi, tishlarim
to‘kila boshladi — shunda ko‘rdimki, boyagi qonun menga hech baloni tushuntirib berolmas ekan.
Qolaversa, hech qachon bunaqa qonunning o‘zi bo‘lmagan ekan va bo‘lishi ham mumkin emas ekan,
hayotimning muayyan bir davrida o‘zimda topgan narsani men qonun deb yurgan ekanman. Endi men
qonunni belgilashga yanada talabchanroq yondosha boshladim. Shunda menga ayon bo‘ldiki, intihosiz
rivojlanish qonunlarining bo‘lishi mumkin emas ekan; yana shu narsa ayon bo‘ldiki, «intihosiz
makonda va zamonda hamma narsa rivojlanadi, tarkibiy qismlarga ajraladi, murakkablashadi,
mukammallashadi» deyish hech narsa demaslik bilan barobar ekan. Bularning hammasi ma’nosiz
so‘zlar, negaki intihosiz narsada na murakkablik, na soddalik, na orqasi, na oldi, na yaxshi, na yomoni
bor.
Eng muhimi esa — mening shaxsiy savolim, ya’ni «xohishu istaklarim bilan birga men o‘zim
nimaman?» degan savol hali ham mutlaqo javobsiz qolmoqda edi. Shunda angladimki, bu ilmlar juda
qiziqarli va jozibali, ammo bu ilmlarning aniqligi va ravshanligi ularning hayot savollariga tatbiq
qilinishiga teskari mutanosibdir: ular hayot masalalariga qancha kam tatbiq qilinsalar, shuncha aniqroq
va ravshanroq bo‘ladilar, hayot masalalarini hal qilishga qancha ko‘proq harakat qilsalar, shuncha
mukammalroq va jozibasizroq bo‘la boradilar. Agar bu ilm sohalarining hayot masalalarini hal qilishga
uringanlariga, ya’ni fiziologiya, psixologiya, biologiya, sotsiologiya kabilarga murojaat qilsang, bunda
kishini lol qoldiradigan fikriy qashshoqlikni, uchchiga chiqqan mujmallikni, hal qilib bo‘lmaydigan
masalalarni hal qilaman degan behuda dag‘dag‘alarni ko‘rasan. Bunda bir mutafakkir boshqasi bilan
uzluksiz qirpichoq bo‘lib yotadi, hatto bir mutafakkirning o‘zida fikrlarida chigal ziddiyatlar uchraydi.
Agar bordi-yu, hayot masalalarini hal qilish bilan shug‘ullanmaydigan ilm sohalariga murojaat qilsang,
ular o‘zlarining ilmiy, maxsus savollariga bergan javoblarini ko‘rib, inson tafakkurining qudratiga lol
qolasan, lekin oldindan bilasanki, ularda hayot masalalariga javob yo‘q. Bu ilmlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri
hayot savollarini chetlab o‘tishadi. Ular deydi: «Sening kim ekaning va nimaga yashayotganing
to‘g‘risidagi savolga bizda javob yo‘q. Va, umuman, biz bu bilan shug‘ullanmaymiz. Ammo bordi-yu,
sen yorug‘lik qonunlarini, kimyoviy birikmalar qonunlarini, organizmlar rivojining qonunlarini
bilmoqchi bo‘lsang, mabodo sen jismlar, ularning shakllarining qonunlarini, sonlar va kattaliklar
nisbatini bilmoqni ixtiyor etsang yoxud o‘z aqling qonunlarini bilishga zaruriyat tug‘ilsa, bularning
hammasiga bizda aniq, ravshan va shubha tug‘dirmaydigan javoblar bor».
Umuman, tajribaga asoslangan ilmlarning hayot savoliga munosabatini bunday ifodalasa bo‘ladi.
Savol: «Men nima uchun yashayapman?» Javob: «Cheksiz katta fazoda cheksiz uzoq vaqt davomida
cheksiz kichkina zarralar cheksiz murakkablikda turlarini o‘zgartiradilar. Agar sen ana shu turlar
Lev Tolstoy. Iqrornoma
Do'stlaringiz bilan baham: |