www.ziyouz.com
kutubxonasi
17
sohadagi ilm, ya’ni yarim doiraning qutbini tashkil qiluvchi metafizika yoxud ilmi aqliya — falsafa
ana shunaqa. Bu ilm bitta masalani aniq-ravshan qo‘yadi: «Men va butun dunyo nima? Men nima
uchun yashayapmanu dunyo nima uchun mavjud?» Bu ilm vujudga kelganidan beri bu savolga bir xil
javob berib keladi. Faylasuf mendagi va jamiki mavjud narsadagi hayotning mohiyatini g‘oya deydimi,
substantsiya deb ataydimi yoki ruh, iroda deb belgilaydimi, bari bir, bitta gapni aytadi: «Bu mohiyat
mavjud va men o‘sha mohiyatni tashkil qilaman». Biroq u aniq mutafakkir bo‘ladigan bo‘lsa, bu
mohiyatning nima uchun kerakligini bilmaydi va bu savolga javob bermaydi. Men so‘rayman: «Bu
mohiyatning borligi nimadan? Bu mohiyat mavjud bo‘lsa va kelgusida ham bo‘lsa, bundan nima kelib
chiqadi?» Falsafa nafaqat bu savolga javob bermaydi, balki o‘zi ham qo‘shilishib so‘raydi. Agar u
chinakamiga falsafa bo‘ladigan bo‘lsa, uning butun ishi shundan iborat bo‘lmog‘i kerakki, u shu
masalani aniq-taniq qo‘ymog‘i kerak. Agar u o‘z vazifasiga qattiq rioya qiladigan bo‘lsa, «men
nimaman va butun dunyo nima?» degan savolga «hamma narsa va hech narsa» deb, «dunyo nechun
mavjud va men nimaga yashayapman»? degan savolga «bilmayman» deb javob berishdan o‘zga iloji
bo‘lmas edi.
Shunday qilib, falsafaning ilmi aqliya borasidagi javoblarini harchand aylantirib ko‘rmaylik, men
ulardan javobga o‘xshagan hech narsa topolmayman. Buning sababi nima bo‘lsaykin? Albatta,
tajribaga asoslangan fanlardagi kabi javob savolimga taallukdi bo‘lmay qolganidan bo‘lmasa kerak.
Yo‘q, bu o‘rinda hamma aqliy faoliyat mening savolimga javob topishga qaratilgan, lekin shunda ham
javob berilmadi. Negaki, javobning o‘zi yo‘q. Shuning uchun javobning o‘rniga yana o‘sha savolning
o‘zi ko‘ndalang bo‘laveradi. Faqat har gal yangi, murakkablashgan shaklda...
VI
Hayot savoliga javob izlar ekanman, men xuddi o‘rmonda adashib qolgan odamda kechadigan
tuyg‘uni kechirdim. Yura-yura o‘rmon chetidagi yalanglikka chiqdim. Bir daraxt tepasiga chiqib, olis-
olislardagi hududsiz makonni ko‘rdim, ammo unda bironta ham imorat yo‘q va bo‘lishi ham mumkin
emas edi. Qaytib o‘rmon qa’riga kirdim, u yerda zulmat hukmron edi, bu yerda ham bironta imorat
yo‘q edi.
Shu ahvolda inson bilimlari o‘rmonida tentirab yurdim. Bir tomonimda matematik bilimlar va
tajribaga asoslangan bilimlar yog‘dusi. lar mening ko‘z o‘ngimda ravshan ufqlarni namoyon etdi, biroq
ular shunday ufqlar ediki, uni mo‘ljallab borib, bironta ham imoratga yo‘liqa olmasding, chunki
imoratning o‘zi yo‘q edi. Ikkinchi tomonimda ilmi akdiyaga mansub ilmlar zulmati. Men bu zulmat
qa’riga kirib borganim sari zulmat quyuqlashgandan quyuqlasha borardi. Nihoyat, ishonch hosil
qildimki, qutulishning iloji yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas.
Bilimlarning nurli tomonlariga mahliyo bo‘lib yurib, anglardimki, men savoldan o‘zimni olib
qochyapman, xolos. Mening nigohim qarshisida namoyon bo‘lgan ufqlar har qancha ravshan, har
qancha jozibador bo‘lmasin, bu intihosiz ilmlar qo‘yniga sho‘ng‘imoq har qancha maroqli bo‘lmasin,
men endi yaxshi anglardimki, ular, ya’ni bu bilimlar menga qancha kamroq kerak bo‘lsa, mening
savolimga javob berishdan qancha uzoq bo‘lsa, shunchalik ravshanroq edilar.
«Ha, ilm-fan shu qadar matonat bilan nimalarni bilishni istashi endi menga ma’lum», — derdim
o‘z-o‘zimga. Ammo bu yo‘lda mening hayotim ma’nosi haqidagi savolga javob yo‘q. Ilmi aqliya
sohasida esa bilardimki, ilmning maqsadi to‘g‘ridan-to‘g‘ri mening savolimga javob berishga
qaratilgan bo‘lishiga qaramay, balki ayni shu qaratilgani tufayli bo‘lsa ham ajab emas, men o‘z-
o‘zimga bergan javobdan boshqa javob yo‘q edi: «Mening hayotimning qanday ma’nosi bor?» —
«Hech qanday». Yoki: «Mening hayotimdan nima chiqadi?» — «Hech narsa». Yoki: «Hamma mavjud
narsa nima uchun mavjud va men nima uchun mavjudman?» — «Mavjudliging uchun mavjudsan».
Insoniyat ilmining bir tomonini so‘roqqa tutib, men so‘ramagan narsalarim haqida behisob miqdorda
aniq javoblar oldim. Ular yulduzlarning kimyoviy tarkibi, quyoshning Gerkules yulduzlari turkumi sari
Lev Tolstoy. Iqrornoma
Do'stlaringiz bilan baham: |