www.ziyouz.com
kutubxonasi
23
lahzalik huzur-halovat ato etadigan bir daqiqalik tasodifdan ham mamnun bo‘lolmasdim. Uchinchi
chora — hayot yovuz va ma’nosiz narsa ekanini anglab, o‘z joniga qasd qilmoqdir. Men buni anglab
yetgandim, lekin nima uchundir hadeganda o‘zimga qo‘l ko‘tarolmai kelyapman.
To‘rtinchi chora — Sulaymon payg‘ambar va Shopengauer holatida yashash, ya’ni hayot menga
nisbatan qilingan bir bema’ni, tahqirli hazid ekanini bilib turib, yashashda davom etishdir. Hech narsa
bo‘lmaganday yashayverasan, har kuni bet-qo‘lingni yuvasan, kiyimlaringni kiyasan, tushlik qilasan,
gap sotasan va hatto, kitoblar yozasan. Bu men uchun turgan-bitgani azob-uqubat edi, o‘z-o‘zimdan
ijirg‘anar edim, lekin shu ahvolda qolishda davom etardim.
Endilikda bir narsani ko‘rib turibman — agar men o‘zimni o‘zim o‘ldirmagan bo‘lsam, buning
sababi shundaki, yuritgan mulohazalarimda allanechuk adolatsizlik bor ekanini g‘ira-shira his qilardim.
Hayotning ma’nosizligini tan olishga olib kelgan mening mulohazalarimning va donolar
mulohazalarining mantig‘i har qancha ishonchli va shubhasiz tuyulmasin, menda o‘z
mulohazalarimning ibtidosi chinligiga allaqanday shubha saqlanib qolgan edi.
Bu shubha quyidagicha edi: men o‘z aqlim bilan hayotning bema’ni ekanini e’tirof etdim. Agar
oliy tafakkur bo‘lmasa (bunday tafakkur yo‘q va hech narsa uning borligini isbot qilib berolmaydi),
unda oddiy tafakkur men uchun hayotning ijodkoridir. Agar mening tafakkurim bo‘lmasa, men uchun
hayot ham bo‘lmas edi. Ammo tafakkurning o‘zi, aqlning o‘zi hayotning ijodkori bo‘lsa, u qanday
qilib, nechuk hayotni inkor etadi. Yoki boshqa tomondan olib ko‘raylik: agar hayot bo‘lmasa edi,
mening tafakkurim, aqlim ham bo‘lmas edi. Binobarin, aql — hayotning farzandi ekan-da! Hayot —
hamma narsa. Aql hayotning samarasi va shu aql hayotning o‘zini inkor etadi. 5u o‘rinda nimadir
joyida emasligini, allanechuk xatolik borligini his qilardim. «Hayot ma’nosiz yovuzlikdir, bunga shak-
shubha yo‘q», — derdim men o‘zimga-o‘zim. Ammo men yashab keldim, yashayapman, butun
insoniyat yashab keldi va yashamoqda. Nechuk shunday? Yashamay qo‘ya qolsa ham bo‘laveradigan
bir holda u nima uchun yashaydi?
Nima balo, biz Shopengauer bilan ikkimiz shu qadar donomizki, hayotning ma’nosizligini va
yovuz narsa ekanini faqat ikkovimiz tushundikmi?
Hayotning o‘tkinchiligi, behudaligi haqidagi mulohazalar unchalik murakkab emas, eng oddiy
odamlar ham ko‘pdan beri shunday mulohaza yuritishadi va yashashda davom etishadi. Qandoq
bo‘ldi? Ular yashashda davom etaverib, hayotning aqlga muvofiqligiga shubha qilishni hech qachon
xayollariga keltirmaydimi?
Donolarning donolari tomonidan ma’qullangan mening bilimim tufayli kashf qildimki, bu dunyoda
hamma narsa — organik dunyo ham, noorganik dunyo ham haddan tashqari oqilona tartibga ega, faqat
birgina mening ahvolim bema’ni, xolos. Bu tentaklar esa, ya’ni oddiy odamlarning ko‘pchiligi olamda
organik va noorganik dunyo qanday tartiblanganidan butunlay bexabar, lekin shunday yashashadiki,
go‘yo ularga Hayotlari haddan tashqari aqlga muvofiq tartiblanganday tuyuladi.
Shunda birdan miyamga bir fikr keldi — balki men biron narsadan bexabardirman? Hali bilib
ulgurmagan biron sinoat bordir? Axir bilimsiz odam ham shunday qiladi-ku? Bilimsizlik hamma vaqt
shunday deydi-ku? Agar u biron narsani bilmasa, bilmagan narsasini bema’ni, ahmoqona narsa deb
ataydi. Bundan kelib chiqadiki, insoniyatni yaxlit oladigan bo‘lsak, u o‘z hayotining ma’nosini anglab
yetganday shu paytgacha yashab keldi va yashamoqda, agar uni anglamaganida, tushunib yetmaganida
insoniyat yashay olmasdi, men bo‘lsam, bu hayotni boshdan-oyoq ma’nosiz deyapman va yashay
olmayman, deb nola chekyapman.
Hayotni inkor etishga Shopengauer ikkovimizga hech kim xalaqit bermaydi. Unday bo‘ladigan
bo‘lsa, o‘zingni o‘ldir-qo‘y, mulohaza yuritmaysan. Yashashda davom etib, hayotning ma’nosini
tushuna olmas ekansan, hadeb tipirchilashni bas qil, hayotni anglay olmayapman, deb gap sotishlarni,
nola chekishlarni bas qil. Biror quvnoq davraga tushib qolsang, ko‘rasanki, hamma shodu xurram,
hamma nima qilayotganini yaxshi biladi, senga esa yoqmaydi, zerikasan, siqilasan. O‘rningdan tur-da,
ket.
Lev Tolstoy. Iqrornoma
Do'stlaringiz bilan baham: |