www.ziyouz.com
kutubxonasi
122
— U yoqqa borishingdan foyda yo‘q. Chunki u ikki ayolning asirlikdagi ahvoli xatda
yozilganidan ham ko‘ra ortiqroq. Do‘stimiz Hammod bizni qattiq qo‘rqitib yubormaslik
uchun uni yengilroq qilib ko‘rsatibdi. Xatni qaragin, katta pop Notis har ikkoviga,
xususan, Jahonga qattiq hirs qo‘ygan, deb yozibdi. Ya’ni, u Jahonni sevib, o‘ziga
mo‘ljallab turibdi, demoqchi. Uning changalidan Jahonni qutqazish uchun hiyla-
nayrangning o‘zi yetmaydi, albatta, kuch ishlatish kerak. Hammod o‘z xatining oxirida
shunga ozgina ishorat qilibdi.
— Agar muhoroba lozim bo‘lsa, bu masalani sendan bo‘lak hech kim qo‘zg‘ata olmaydi.
Chunki xarifa oldida obro‘ying katta. U sening aytganlaringdan chiqmaydi. — Shu onda
Zirg‘om irg‘ib o‘rnidan turdi-da, Vardonni tashlab uyiga ketdi.
Kiyimlarini kiyib, to‘g‘ri xalifaning oldiga borib, kirishga ruxsat so‘radi. Xalifa qozi Ahmad
bilan o‘tirgandi. Ikkalasining yuzida g‘amginlik alomatlari sezilib turardi. Zirg‘om kirib
salom berishi bilan xalifa uni qarshi olib: «Juda vaqtida kelding. Men hozir senga kishi
yubormoqchi bo‘lib turgan edim. Qani, o‘tir», — deb yonidan joy ko‘rsatdi.
Zirg‘om o‘tirib:
— Nima uchundir huzuringizga kelgim kelaverdi. Chunki mening fikri zikrim hamma vaqt
sizda. Yaxshi istaklaringizga sherik bo‘lganim uchun ko‘nglimizga keladigan gapimiz ham
doim bir yerdan chiqaveradi, — dedi.
Qozi gap boshladi:
— Bazzni fath qilishda ko‘rsatgan qahramonliging uchun xalifa sendan xursand
bo‘lganlarini eshitdim. Sening to‘g‘ringdagi fikrlarim to‘g‘ri chiqqanidan mamnunman.
Mana, janob xalifaning nazarlarida katta obro‘ga ega bo‘lding, sening maslahatingga
qo‘shiladigan, qilichingga suyanadigan bo‘ldilar.
Zirg‘om odob saqlab bosh egdi, qozining gapiga javob qaytarmadi. Xalifa qozining
gapiga ilova qildi:
— Rum mamlakatidan bizga kelgan ma’lumotga qaraganda, la’nati Tiyufil Zibatro va
Maltiyyaga kelib, xalq-qa juda azob bergan, musulmonlarga nisbatan ko‘z ko‘rmagan,
quloq eshitmagan noma’qulchiliklarni qilgan emish. Zirg‘om muddaoni aytdi:
— Bu xususda mening ra’yimni so‘rasalar, Horun ar-Rashid tadbiriga amal qilib, qilich
solishdan bo‘lak chora yo‘q. Ularga hujum boshlab, mamlakatlarini yakson qilish kerak.
Tiyufil kishilarining ko‘z o‘yish, burun kesish va ayollarni asir olish kabi yovuzliklariga biz
musulmonlar chiday olmaymiz. Askarlaringizni tayyorlatishingizni, ularning bir zafardan
ikkinchi zafarga bel bog‘lashlarini sizdan iltimos qilardim.
Kamina qulingiz bo‘lsa, bu urushga hammadan avval otlanaman.
Xalifam erkak musulmonlarning ko‘zi o‘yilishiga chidasalar ham, musulmon ayollar asir
olinishiga sira toqat qila olmasalar kerak, deb o‘ylayman. — Zirg‘om shu gaplarini
gapirib turib ko‘zidan o‘t chaqnab, g‘azabidan lablari pir-pir uchdi. U xalifa oldida
ortiqcha harakatlar qilganini o‘z so‘zini tugatgandan keyin sezib qoldi. Boshini ko‘targan
edi, Mu’tasimning jahli chiqqanidan rangi o‘chib, ko‘zlari qizarib, chaqnab ketganini
ko‘rdi. U o‘tirgan yerida hayajonlanib gapirarkan, Zirg‘omga tikildi. Bir narsaga hamla
qilmoqchi bo‘layotgan sherdek botir bo‘lib ketdi. «Jur’at qilib so‘zlaganim uchun uning
jahlini chiqardimmi», deb qo‘rqqan Zirg‘om uzr aytish uchun gap boshlagandi, qozi
Ahmad uni to‘xtatib:
— Sen amiralmo‘’mininning musulmonlar foydasiga bo‘lgan hamiyatlarini qo‘zg‘atding.
O‘zlariga shu ish sir bo‘lmasa ham, xuddi shunday hamiyatni o‘z askarlari va
bahodirlarida ko‘rishni sevadilar.
Xalifa:
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |