Ta’ma noniga lab ochguncha boʻl och,
Ta’ma boʻyi koʻrinmay boʻyidin qoch.
Nafsi shum bayonida:
Qoʻyar kajlikka doim nafsi bad yuz,
Qachon oʻt tuz yonar yolborsang oʻttuz.
Agar nafsing sani yetmish boshingdin,
Na boʻlgʻay foyda yetmish yoshingdin.
Agar nafsing muroding izlamaksan,
Agar saksonga umring yetsa sakson.
Agar kundin agarchi xavfi yoʻqsan,
Agar toʻqsonga kirsang, koʻngli toʻqsan.
Burungʻa bodi kibr qoʻymay burundin,
Burunduq anga qoʻymay burundin.
Gila botdim, gila qilmam oʻzimdin,
Koʻrarman barcha oʻz nafsim ishidin.
“Maslak ul-muttaqin” Soʻfi Olloyorning forsiy tildagi eng yirik masnaviy asari boʻlib, hajmi 12000 baytdan ortiqroqdir. Bu haqda shoirning oʻzi “Sabot ul-ojizin”da ma’lumot yozadi.
Bitibmen forsiy tilda bir kitobi, Tamom anda masoyilning javobi.
Hama fatvovu-taqvoning bayoni, Oʻn ikki ming baytdan ortiq oni.
Bu asar ham “Sabot ul-ojizin” kabi Soʻfi Olloyor ijodidagina emas, umuman, 17-asrdan soʻngi islom olamida oʻziga hos ma’naviyat dasturi vazifasini oʻtab kelgan. Shoirning yuqoridagi soʻzlaricha, asarda birinchi navbatda odamlarga imon tushunchasining diniy-falsafiy mohiyatini tushuntirish: ikkinchidan, hidoyat haqidagi kitoblarning barchasi arab tilida boʻlib, avom tushunadigan, uning hazm qilishiga qulay forsiy nusxaning yoʻqligi e’tiborga olinib, ommabop asar yaratish fikri tugʻilgan.
“Maslak ul-muttaqin” imon va aqida tashviqotiga bagʻishlanganligi sababli “Sabot ul-ojizin” bilan gʻoyaviy-fikriy jihatlari koʻp. Biroq,
“Sabot ul-ojizin” forsiy tilida bitilgan shu asarning tarjimasi emas. Eslatib oʻtilganidek, “Sabot ul-ojizin”ni muallif avval fors tilida bitib chiqgan, soʻng turkiy yoronlar ehtiyojini hisobga olib uning turkiy nusxasini ham yaratgan.
“Maslak ul-muttaqin”da “Sabot ul-ojizin”da qalamga olinmagan, zikr etilmagan shariat aqidalari, imon-e’tiqod, tahorat, namoz, roʻza va boshqalarga keng oʻrin ajratilgan. Asar kompozitsiyasida muallif, huddi “Sabot ul-ojizin” asarida uchratganimizdek, an’anaviy hikoyat, munojot, masal va boshqa tasvir navlaridan unumli foydalangan. Bularni shoir masnaviyda bayonetilayotgan biror diniy aqida yoki shariat qoidalarini mustahkamlash uchun keltiradi. Demak, “Maslak ul-muttaqin” ham “Sabot ul-ojizin” kabi asosan bir maqsadni , komil insonni, xudojoʻy, solih musulmonni tarbiyalashga moʻljallangan. Ikki asarning gʻoyaviy mushtarak jihatlari bilan birga, bir-birni takrorlamaydigan farqli tomonlari ham bor. Buning ustiga, biri forsiy tilda, ikkinchisi oʻzbek tilida yozilgan. “Maslak ul-muttaqin” aruzning hafif bahrida, “Sabot ul-ojizin” eas, hazaj bahrida tasnif etilgan. Allomaning bu asari ham koʻp tadqiqotlarningmavzui boʻldi. S.Raf’iddinov hamda Q.Tohirov uni oʻzbek tiliga tarjima qildilar. “Murod ul-orifin” asari esa, mullifning toʻrtinchi forsiy masnaviysidir. Uning muqaddima sahifalarida faqiru haqir, tavakkul eronlarining hoki poyi Olloyor ibn olloh quli doʻstlar maslahati bilan din muhiblari e’tiqodiga muvofiq tasavvuf gʻoyalari va toʻgʻri yoʻl haqida kitob bitilishini iltimos qildilar, deyiladi. Kitob 15 fasldan iborat . Unda tasavvuf ilmlari, tavhid, dunyo va Ollohni tanish, fano va faqo, maqsadga va muhabbatga erishtiradigan vositalar, islom olamining oʻttizga yaqin mashhur ulamolari va buyuk soʻfiylarning risolalariga suyangan holda tushuntirilgan. Bu asarda soʻfiylik yoʻliga kirgan orif kishilarning fazilatlari, e’tiqodlari, tirikchiliklari, tariqatning bosqichlari, aqidalari va talabalari xususida fikr yuritiladi. Jumladan, shoir “soʻfiy” istilohining ma’nolariga toʻhtalib, “ularni shuning uchun ham soʻfiy” deb ataydilar-ki, ularning koʻngillaridagi sirlari sof va pokizadir. Oʻz sirlarini oʻzgalardan yashiradilar, ular Haqdan oʻzgaga etimodi yoʻq. Soʻfiy qanday ishni, xizmatni bajarmasin qaalloblikdan yiroq,xizmatini ta’na qilmaydi, balki oʻzini qusrli hisoblaydi, havolanmaydi; ularning oʻzlarini nafs va shahvatdan tiyadilar deb yozadi.
Prezidentimiz I.A. Karimov “Samarqandning moviy osmoni” ostida kamol topgan Mirzo Ulugʻbek, Abu Lays Samarqandiy, Mahmudhoʻja Behbudiy, Siddidiy-ajiziy singari ilm va ma’rifat namoyondalarini “yurtimiz shuhratini dunyoga tarannum etganlar” degan edi.Soʻfi Olloyor ham 17-asrning 2-yarmi 18-asrning dastlabki choragida xalqqa ma’rifat tarqatib, jamiayat va uning fuqarolarining imonini, e’tiqodini mustahkamlashga katta hissa qoʻshib dunyoviy shuhrat qozongan edi.
Xulosa oʻrnida shuni aytishimiz mumkin – ki, Soʻfi Olloyor oʻzining yaratgan asarlari, sermahsul ijodi bilan oʻzbek mumtoz adabiyotida soʻnmas yulduz boʻlib porlab turadi.
Soʻfi Olloyorning ijodi yoshlarni fikrlashga, soʻz boyligini oshirishga, har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashga hizmat qilib kelgan. Soʻfi Olloyorning ijodi bugungi kunda oʻquvchilar tomonidan yaxshi oʻrganilar ekan, uning ijodi eng mukammal asarlar sirasidadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |