atalgan. Rim aktyori qullikdan qutulgan yoki quldan chiqqan bo'lib, yunon
aktyoridan past ijtimoiy mavqeda turgan. Buning
sababi shunda ediki, Rim teatri
Dionis marosimi bilan bog'liq yunon teatridan farqli o'laroq, marosimlardan xoli,
deyarli butunlay dunyoviy muassasa sifatida dunyoga kelgan edi. Yunonistonda
aktyorlik kasbiga mo'tabar kasb tarzida qaralgani holda Rimda tahqirli kasb
sifatida qaralgan. Shunga qaramay, Rimda xalqning hurmat-e'tiboriga sazovor
bo'lgan aktyorlar ham yetishib chiqqan. Fojea aktyor Ezo'p va komik aktyor Rossiy
(mil. av.1 asr) shularning eng peshqadamlari bo'lgan. Ezo'p o'z o'yinining
ulug'vorligi bilan diqqatga sazovor bo'lganligini e'tirof etadilar.
Hikoya
qilishlaricha, kunlarning birida u podsho Atrey rolini o'ynayotganda rolga shu
qadar kirishib ketadiki, yoniga kelib qolgan bir qulni hassa bilan urib o'ldirib
qo'ygan ekan. Rossiy o'z rolini uzoq muddat davomida tayyorlar, har bir imo-
ishora ustida muttasil ishlar ekan. Zamondoshlarining
guvohlik berishicha, uning
o'yini jozibador bo'lgan, harakatlari jo'shqinligi bilan e'tiborni tortgan. Rossiy
san'atiga atoqli rim notig'i Sitseron yuqori baho bergan.
Rimda birinchi bor teatr ishini antreprenyorlik, ya'ni, tijoriy maqsadlar asosida
ma'lum boshchi — xo'jayin tashkilotchiligi asosiga qurish tartibi boshlanadi.
Aktyorlar antreprenyor boshchiligida shirkat — truppalarga uyushadilar.
Antreprenyor ma'murlar bilan kelishgan holda shirkat ishini yuritgan va o'zi bosh
rollarni ijro etgan. Truppada xotin-qizlar bo'lmagan, ayollar
rollarini ham erkaklar
ijro etishgan.
Mil. av. 55-yili Rimda toshdan ishlangan birinchi teatr binosi quriladi, unga 40
ming kishi siqqan. 1 asrning oxiriga kelib, yana ikkita teatr binosi quriladi. Rim
teatrida ham tomoshabinlar o'tiradigan joy yunon teatridagiga o'xshash
yarim doira
shaklida bo'lib, lekin bir necha yarusdan iborat bo'lgan. Orxestra, ya'ni yunon
teatrida aktyorlar o'ynovchi yarim doira maydon Rim teatrida senatorlar o'tiradigan
joyga aylantirildi, aktyorlar esa bir-bir yarim metr baland bo'lgan sahnada harakat
qilgan. Rim teatrida spektakl boshlanishida tepadan pastga tushirib, tugagach,
tepaga ko'tarib, sahnani berkituvchi pardadan foydalanilgan.
Liviy Andronikdan so'ng dramaturgiya sohasida Gney Neviy (taxm. 280—201-
yy.) barakali ijod qilgan. Odatda, bir janrda ijod qilgan yunon
dramaturglaridan
farqli ravishda Neviy ham komediya, ham tragediya sohasida asarlar yaratgan.
Lekin u komediya sohasida ayniqsa, keng shuhrat qozondi. Rimda Aristofan
komediyalariga o'xshash siyosiy o'tkir ijtimoiy janrning ildiz otishiga imkon yo'q
edi. Rim komediyasiga maishiy turmush mavzusiga asoslangan yunon yangi
komediyasi, xususan Menandr asarlari asos bo'lib xizmat qildi. Yunon
komediyalarini qayta ishlash asosida tug'ilgan rim komediyasini palliata deb
ataydilar. Palliatada qahramonlar yunon plashi — palliyda ko'rinar edi. Palliatada
qahramonlar yunoncha ismlar bilan nomlangan va voqealar ham doimo
Yunonistonning qayeridadir sodir bo'lar edi. Neviy o'z palliatalarida yunon
sujetlaridan foydalangan holda rim hayotiga xos muammolarni ham
aks ettirishga
harakat qilgan.
Rim teatrining ilk davridan bizga tragediya ham, komediya ham yetib
kelmagan. Saqlanib qolgan adabiy parchalar dramaturgiyaning har ikki —
komediya va tragediya janrida ham ko'plab badiiy namunalar yaratilganidan
dalolat beradi. Lekin oddiy xalq komediyani sevib tomosha qilgan. O'sha davr rim
komediyasining o'ziga xosliklari atoqli rim dramaturgi Plavt asarlarida o'z ifodasini
topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: