ERNING XOTIN ILTIJOSINI TIRIKCHILIK TALABI DEB QABUL QILGANI VA XOTIN E’TIROZINI HAQNING ISHORATI DEB BILGANI:
Har aqlning dono, bilguvchisi bor,
Aylanuvchin aylantirguvchisi bor.
Aytganidan chekdi afsus er shu on,
Qatl etilmoq fursati kelgansimon.
Dedi: “Jon joniga jabr etdim nechun?
Tepkilab, jon boshini ezdim nechun?”.
Ko’z yumilgaydir Qazo kelganda, bas,
Qayda qo’l, qayda ayoq, aql anglamas. 2440
Gar Qazo o’tgach, o’zin qilgay ado,
Parda yirtib, chok-chok aylar yaqo.
Er dedi: “Afsusdaman, yorim, biroq,
Erdimu kofir, musulmonman bu choq.
Men gunohkorman, rahm qilgil bukun,
Sen qulatma ildizim birlan butun!
Keksa kofir gar pushaymon qilgusi,
Tavba aylab, so’ng musulmon bo’lgusi”.
Mehru shafqat manbai Xoliq erur,
Boru yo’qlik unga chin oshiq erur. 2445
Kufru iymon oshiq Ul siymo uchun,
Mis, kumush ham bandadir kimyo uchun.
Do'stlaringiz bilan baham: |