Yerqazarlar (Soricidae) oilasiga 270 ta tur kiradi. Yer yuzida keng tarqalgan. Yerqazarlar sirtidan sichqonlarga o`xshaydi, lekin baxmal kabi mo`ynasi va cho`ziq tumshug’i borligi bilan sichqonlardan yaxshi ajralib turadi. Yerqazarlarning hamma tishlari bir xil tuzilgan. Ular juda serharakat bo`lib, asosan zax va nam joylarda yashaydi. Asosiy ozig’i hasharotlar va chuvalchanglar bo`lsa ham, lekin o`zidan yirikroq bo`lgan mayda kemiruvchilarga ham hujum qiladi. Yerqazarlar hasharotlarni qirib, qishloq xo`jaligiga foyda keltiradi.
Yerqazarlar tanasining yon tomonida va qo`ltig’i ostida hid tarqatadigan bezlari joylashgan. Ular bir sutkada o`z og’irligidan 1,5-2 marta ko`p oziq yeydi. Bir yilda 2-3 marta, 6-8 tadan bola tug’adi.
218-rasm. Hasharotxo`rlar turkumi vakillari: 1-Afrika sakrovchisi, 2-yerqazar, 3-tenrek,
4-krot, 5-vixuxol.
Oddiy o`rmon yerqazari (Sorex araneus), suv yerqazari yoki kutora (Neamys fodiens) hammadan ko`p tarqalgan. G’arbiy Yevropaning janubida, Kavkaz va O`rta Osiyoda uchraydigan mitti oqtish yerqazar (Suncus etruscus) va kichik oqtish yerqazar (Srocidura suaveolens) yer yuzidagi eng kichik sutemizuvchilardan hisoblanadi, ularning uzunligi 3,5 – 4 sm atrofida va massasi 1,2 – 1,5 g keladi.
G’arbiy Afrikaning tropiklarida eng katta yerqazarlardan biri- gigant yerqazar (Praesorex goliath) yashaydi. Uning tana uzunligi 15-18 sm va dumining uzunligi 11 sm keladi.
Krotlar (Talpidae) oilasiga 20 ga yaqin tur kiradi. Krotlar o`rmon va dashtli mintaqalarda keng tarqalgan, yerni kavlab yer ostida hayot kechiradi. Gavda tuzilishi yer ostida hayot kechirishga moslashgan. Oldingi panjalari yo`g’on va qisqa, tirnoqlari kuchli, mo`ynasi baxmaldek silliq va qalin, quloq supralari yo`q. Yer kavlashda, asosan o`tkir tirnoqli oldingi oyoqlarini ishlatadi. Ko`zlari kichkina yaxshi rivojlanmagan, ayrimlarida ko`zlari teri ostiga yashiringan. Gavda uzunligi 5 sm dan 21 sm gacha boradi. Hid bilish va eshitish organlari yaxshi rivojlangan, quloq suprasi murtak holda. Krotlarning tishlari 44 ta.
Tish formulasi: ta
Krotlar, asosan yer ostida chuvalchanglar va hasharotlarning lichinkalari bilan oziqlanadi. Bir yilda bir yoki ikki marta ko`payadi. Ular 2 – 8 ta bola tug’adi. Homiladorlik davri 40 kun. Krotlar bir yilda 3 marta tullaydi, mo`ynasi qimmatbaho hisoblanadi, zararkunanda hasharotlarning lichinkalarini qirib foyda keltiradi. Zarari esa yer ostidagi yomg’ir chuvalchanglarni yeyishi va bog’ hamda yaylovlarda yerni kavlab tuproqni yer ustiga uyum qilib chiqarib tashlashidir. Tipik vakiliga oddiy krot (Talpa europaea) kiradi, Rossiyaning o`rmonlarida yashaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |