Yuksak darrandalar (Eutheria) yoki yo`ldoshlilar
(Placentalia) infrasinfi
Bu infrasinf vakillari barcha qit`alarda va turli–tuman muhitlarda yashaydi. Sutemizuvchilar sinfining aksariyat ko`pchilik turlari shu infrasinfga kiradi.
Yo`ldoshlilar infrasinfining asosiy xarakterli xususiyatlariga, avvalo ularning xaltalari va qopchiq suyaklari bo`lmaydi, embrioni bachadonda rivojlanadi. Haqiqiy yo`ldoshi yaxshi rivojlangan, birmuncha rivojlangan va mustaqil holda sut ema oladigan bola tug’adi. Embrioni yo`ldoshi orqali onasiga bog’langan holda rivojlanadi. Bosh miyasida kuchli taraqqiy etgan ikkilamchi miya gumbazi (neopallium) bor, uning ikkala pallasi qadoqsimon tanacha bilan qo`shilgan. Voyaga yetgan sutemizuvchilarning tana harorati yuqori va doimiy bo`ladi. Sut tishlari chin tishlar bilan almashinadi. Qini hamma vaqt toq bo`ladi. Yo`ldoshlilar infrasinfi 17 – 18 ta turkumlarga bo`linadi.
Hasharotxo`rlar (Insectivora) turkumiga kiruvchi sutemizuvchilar eng qadimgi va tuban tuzilgan yo`ldoshlilar hisoblanadi. Tanasining uzunligi 3,5 sm dan 44 sm gacha boradi. Oldingi miya yarimsharlari kichik va burmasiz, bosh miyasining hidlov bo`laklari kuchli rivojlangan. Bachadoni ikki shoxga bo`lingan. Uchi tumshuqqa aylangan, kichkina harakatchan xartumchasi bor. Oyoqlari 5 barmoqli, barmoqlarining uchida kichikroq tirnoqlari bor. Hasharotxo`rlar tovoni bilan yuradi. Ko`pchilik turlari quruqlikda tarqalgan, ayrim turlari esa yer ostida, suvda va daraxtda yashaydi. Tishlari o`tkir, yaxshi ixtisoslashmagan, yaxlit bir qator bo`lib joylashgan. Jun qoplami kalta, yumshoq yoki terisi tikanlar bilan qoplangan. Ko`pchiligida hidli bezlari rivojlangan. Hasharotxo`rlar Avstraliya va Janubiy Amerikadan tashqari, barcha qit`alarda tarqalgan. Ular tunda faol. Hasharotxo`rlar qazilma holida bo`r qatlamidan topilgan. Ularning 370 ta turi bo`lib, tipratikanlar (Erinaceidae), krotlar (Talpidae), tenreklar (Tenrecidae), cho`l uzunoyoqlari (Macroscelididae), oltin krotlar (Chrysochloridae), yerqazarlar (Soricidae) va boshqa oilalarga bo`linadi (218-rasm).
MDHda hasharotxo`rlar turkumining 3 ta oilasi, ya`ni yerqazarlar, tipratikanlar va krotlar uchraydi. O`rta Osiyoda, shu jumladan, O`zbekistonda hasharotxo`rlar turkumining tipratikanlar va yerqazarlar oilalariga mansub 6 ta turi (qora ignali tipratikan, quloqdor tipratikan, mitti oqtish, ola putorak, kichik oqtish, oq qorin oqtish) uchraydi.
Hasharotxo`lar turkumining vakillari o`rmon xo`jaligiga zarar keltiruvchi ko`plab umurtqasiz hayvonlarni qirib foyda keltiradi. Ayrim turlari ovlanadi. 8 ta turi Xalqaro «Qizil kitob»ga kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |