VII.2. Sutemizuvchilar (Mammalia) sinfining sistematikasi
Sutemizuvchilar sinfiga 4000-4500 ga yaqin tur kiradi. O`zbekistonda 7 ta turkumga kiruvchi 108 ta tur sutemizuvchilar uchraydi. Sutemizuvchilar sinfi bir-biridan keskin farq qiladigan 2 ta kenja sinfga bo`linadi:
1. Ateriyalar (Atheria) kenja sinfi;
2. Teriyalar, ya`ni tirik tug’uvchilar (Theria) kenja sinfi.
Ateriyalar kenja sinfi o`z navbatida 2 ta infrasinfga bo`linadi:
1. Sodda yoki dastlabki darrandalar - Prototheria (qirilib ketgan trikonodontlar va kloakalilar turkumlari ) infrasinfi.
2. Alloteriyalar - Allotheria (qirilib ketgan ko`p bo`rtiqlilar turkumi) infrasinfi.
Teriyalar kenja sinfiga esa 3 ta infrasinf kiradi:
1. Uch bo`rtma-tishlilar – Pantotheria (qirilib ketgan) infrasinfi.
2. Tuban darrandalar - Metatheria (xaltalilar turkumi) infrasinfi.
3. Yo`ldoshlilar - Eutheria yoki Placentalia (hozirda yashab turganlari 17-23 ta turkumga va qadimgi qirilib ketganlari 12 ta turkumga bo`linadi) infrasinfi.
Dastlabki darrandalar (Prototheria) infrasinfi vakillari Avstraliya va unga yaqin joylashgan orollarda yashaydigan tuban sutemizuvchilarning juda kam sondagi guruhi hisoblanadi. Tuxum qo`yib ko`payishi bilan boshqa sutemizuvchilardan farq qiladi. Biroq tuxumi rivojlanishining yarmidan ko`prog’i ona organizmida o`tganligi sababli tuxum shaklidagi holat 50% dan ko`proq rivojlangan qobiq ichidagi embriondir. Keyinchalik dastlabki darrandalar tuxum bosadi (o`rdakburun) yoki tuxumini maxsus xaltachasida (yexidna) rivojlantiradi. Dastlabki darrandalarda qushlar va reptiliyalardagi singari kloaka bo`ladi. Ularning bosh miyasi nisbatan sust rivojlangan.
Dastlabki darrandalar (Prototheria) infrasinfiga birteshiklilar, ya`ni kloakalilar (Monotremata) turkumi kiradi. Birteshiklilar quyidagi primitiv belgilari bilan xarakterlanadi:
1) sariqlik moddasiga boy bo`lgan katta (diametri 14 mm) tuxum qo`yish yo`li bilan urchiydi;
2) ichaklari va siydik–tanosil teshiklari tashqariga mustaqil ochilmay, balki kloakaga ochiladi;
3) ko`krak so`rg’ichlari bo`lmaydi, sut bezlari ko`pgina teshiklar bilan maxsus bezli joyga ochiladi va bolalari shu yerga chiqqan sutni yalaydi, chunki sut bezlari tugmachalari yo`q;
4) bosh miyasida qadoqli tana yo`q;
5) yelka kamari sudralib yuruvchilarning yelka kamariga o`xshaydi;
6) gavda harorati doimiy emas, ya`ni +22 +370C o`rtasida o`zgarib turadi;
7) tumshug’i shoxsimon moddadan iborat g’ilof bilan qoplangan, voyaga yetganlarida tishlari yo`q;
8) urg’ochilarida (yexidnada) faqat chap tuxumdoni rivojlangan.
Birteshiklilar asosan Avstraliya, Tasmaniya va Yfngi Gvineyada tarqalgan
(216-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |