216-rasm. Tuxum qo`yuvchi sutemizuvchilar: 1-yexidna; 2-o`rdakburun; 3-proyexidna.
Bu turkumga O`rdakburunlar (Ornithorhynchidae) va Yexidnalar (Tachyg-lossidae) oilalari kiradi.
O`rdakburunlar oilasining bitta o`rdakburun (Ornithorhynchus anatinus) turi bor. O`rdakburunning massasi 1,5 kg gacha boradi. U Avstraliya va Tasmaniyada tarqalgan.
Suvda va quruqlikda hayot kechiradi. Tana uzunligi 65 sm atrofida bo`ladi. Uning terisi qalin, qisqa, mayin jun bilan qoplangan. O`rdakburunning serbar yassi tumshug’ining ikki yoniga shox plastinkalar o`rnashgan, bu shox plastinkalar tilining shox plastinkalari bilan birga g’alvir hosil qiladi, natijada shu g’alvir bilan balchiqdan o`z ozig’ini suzub oladi. Qisqa besh barmoqli oyoqlarida suzgich pardalari bor, oldingi oyoqlaridagi pardalari uzunroq bo`lib, barmoq uchidan chiqib turadi, yerni qaziganda (quruqda) pardalar orqaga qayriladi. Yosh o`rdakburunlarda bir nechta tish bo`lib, voyaga yetganda ular yo`qolib ketadi. Erkagi yirikligi va dumi ostida tikansimon o`simtasi borligi bilan urg’ochisidan farq qiladi.
Kloakasidan maxsus yo`l orqali dum tikanchasiga zaharli suyuqlik oqib turadi va erkak o`rdakburun ushbu zaharli tikani bilan dushmanlarini zaharlaydi. O`rdakburunlar tuxum qo`yishdan oldin 5-20 m keladigan qilib yer ostida uya qaziydi. Uyaga kirish joyi ancha keng bo`lib, ichkariga qarab toraya boradi. Odatda uyaga kirish joyi suv ostida bo`ladi. Uyaga 1,5-1,8 sm li 2 ta, ba`zan 1 ta yoki 3 ta yumshoq qobiqli tuxum qo`yadi. So`ngra urg’ochi o`rdakburunlar uya teshigini ichkaridan suvab tuxumini bosib yotadi. Urg’ochi o`rdakburun faqat cho`milish uchun uyasidan tashqariga chiqadi va har gal uyasiga kirganda uya teshigini qaytadan suvaydi.
Shuni ta`kidlash kerakki, urg’ochi o`rdakburun jinsiy organida otalangan tuxum 15 kun davomida tuxum yo`lida rivojlanadi va keyin tashqariga chiqadi. Shuning uchun o`rdakburunning urg’ochisi tashqariga otalangan tuxum qo`ymasdan, balki rivojlanishining yarmidan ko`prog’i ona organizmida o`tgan usti yumshoq tuxum qobig’i bilan qoplangan embirion chiqaradi. Tuxum xaltasi bo`lmasligi bilan yexidnalardan farq qiladi. Bu yarim rivojlangan yumshoq po`stli tuxumni urg’ochi o`rdakburun uyasida 9-10 kun bosib yotadi, so`ngra bolasi tishlari yordamida tuxum qobig’ini teshib tashqariga chiqadi. U juda nozik bo`lib, 4 oy mobaynida uyasidan chiqmaydi va bu davrda onasi uni sut bilan boqadi. O`rdakburunlar suvda yaxshi sho`ng’iy oladi va suvdagi mollyuskalar, qisqichbaqasimonlar, hasharotlarning lichinkalari hamda chuvalchanglar bilan oziqlanadi. Ular, asosan ertalab va kechqurun faol bo`ladi. O`rdakburunlarning mo`ynasi qimmatbaho hisoblanadi, mo`ynasi uchun ilgarilari ko`p ovlangan. Hozirgi vaqtda o`rdakburunni ovlash taqiqlangan. Go`shti hidli bo`lsada, mahalliy xalq ovqatga ishlatadi. Tutqunlikda uzoq yashamaydi. Faqat Nyu-York hayvonot bog’ida 2 ta o`rdakburun 10 yil yashagan.
Yexidnalar oilasi-yexidnalar va proyexidnalar urug’iga bo`linadi. Bu oilaga 2 ta tur yexidna va 3 ta tur proyexidna kiradi. Yexidnalar urug’iga kiruvchi Avstraliya yexidnasi (Tachyglossus aculeatus) Avstraliyada, Tasmaniyada va Yangi Gvineyada yashaydi. Proyexidnalar urug’iga kiruvchi proyexidna (Zaglossus bruijni) turining 3 ta kichik turi bor. Proyexidna faqat Yangi Gvineyada uchraydi. Proyexidna yer kavlashga mohir darranda hisoblanadi. Gavda uzunligi 80 sm bo`lib, terisi jun aralash 6-8 sm gacha bo`lgan o`tkir uchli ninalar bilan qoplangan, oyoqlari qisqa, lekin tirnoqlari kuchli rivojlangan, tumshug’i uzun va shox qin bilan qoplangan. Ingichka yopishqoq so`lak bilan qoplangan tili chuvalchangsimon uzun. Yexidnalar uyada yashaydi, asosan chumolilar va termitlar bilan oziqlanadi, og’irligi 10 kg gacha boradi. Yexidnalar yerga 1-1,5 sm kattalikdagi 1 ta, ba`zan 2 ta tuxum qo`yadi. Ona organizmida otalangan tuxum 16-27 kun rivojlanishi mumkin. Tuxum qo`yishdan oldin urg’ochisining qorin tomonida teri xaltasi hosil bo`ladi. Urg’ochisi tuxumini (yexidna) teri xaltasiga solib, rivojlanish davrini o`tkazadi.
Tuxum sariqligi hisobiga rivojlanadi va 10-11 kundan keyin tuxumdan bolasi chiqadi. Xaltadagi harorat +33 +350C bo`ladi.
Yexidnalar tunda faol bo`lib, tog’ va tekislikdagi sernam qalin butazorlarda yashaydi. Yexidnalar tuxumidan chiqqan bolasining kattaligi 2 sm bo`ladi, u 8 sm bo`lgancha onasi xaltasida sut yalab o`sadi, so`ngra xaltadan chiqib mustaqil hayot kechiradi. Ular tutqunlikda yaxshi yashaydi. Tutqunlikda 27 yilgacha va tabiatda 30 yilgacha umr ko`rishi mumkin. Mahalliy aholi yexidnaning go`shti va yog’i uchun ov qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |