Vixuxollar (Desmanidae) oilasini ko`pincha krotlar oilasining bir urug’i yoki kichik oilasiga kiritiladi. Vixuxollar suv hayvoni hisoblanadi. Bu oilaga 2 ta tur kiradi. Pireney vixuxoli (Galemys pyrenaecus) pireney yarimorollarida tarqalgan. Uning tana uzunligi 12-15 sm, dumining uzunligi ham 12-15 sm keladi. Oddiy vixuxol (Desmana moschata) tipik yarim suv hayvoni hisoblanadi. Uning tana uzunligi 18-20 sm, dumi tana uzunligi bilan bir xil. Massasi 250 g. U Don, Volga va Ural daryolarining sekin oqadigan suv havzalarida tarqalgan. Yiliga bir marta urchiydi, 1 tadan 5 tagacha bola tug’adi. Mo`ynali hayvon sifatida qadrlanadi. Mo`ynasi o`zidan suv o`tkazmaydi, ovlash ta`qiqlangan. Vixuxollar suvda mollyuskalar, hasharotlar, ba`zan esa baliqlar bilan oziqlanadi. Ularning dum asosida muskus bezlari bo`lib, sanoatda ishlatiladi. Vixuxollarni soni juda ham oz qolgan, ovlash ta`qiqlangan. Xalqaro «Qizil Kitob»ga kiritilgan.
Tipratikanlar (Erinaceidae) oilasiga 15 ta tur kirib ular Osiyo, Afrika va Yevropada tarqalgan. MDHda 7 ta turi, shu jumladan, O`zbekistonda 2 ta turi uchraydi. Gavdasining uzunligi 10 – 45 sm bo`ladi. Shakli tikanli sharga o`xshash, tanasi va ikki yon tomondan ignalar bilan qoplangan. Ularda teri osti muskullari va ayniqsa, halqali muskullari kuchli rivojlangan bo`lib, xavf tug’ilganda bu muskullar qisqarilishi natijasida tipratikan o`ralib oladi va dushmandan o`zini himoya qiladi. Tipratikanlar tunda faol bo`ladi.
O`rmon, dasht va cho`l hududlarida tarqalgan. Ular hasharot va kemiruv-chilarni yeb qishloq xo`jaligiga foyda keltiradi. Tipratikanlar yana mollyuskalar, ilon, qushlarni tuxumi va jo`jalarini, kaltakesaklarni ham tutib yeydi. Tipik vakillariga o`rmon va dasht hududlarda yashaydigan oddiy tipratikan (Erinaceus eupopaeus), Afg’oniston tipratikani, uzun ignali tipratikan (Hemiechinus hypomelas), o`rmonda cho`l va sahrolarda yashaydigan quloqdor tipratikan (Hemiechinus auritus) kiradi. Oxirgi ikki turi O`zbekistonda ham tarqalgan. Tipratikanlar boshqa hasharotxo`rlardan farq qilib, qish boshlanishi bilan oziq yetishmasligi tufayli iniga kirib, qishki uyquga ketadi, uning tana harorati pasayadi, nafas olishi va yurak urishi sekinlashib, karaxt holatga o`tadi. Bahorda havo isiy boshlashi bilan tipratikanlar karaxtlikdan chiqadi. Tipratikanlar yiliga bir marta 7 tagacha bola tug’adi. Uzun ignali tipratikan O`zbekiston «Qizil Kitob»iga kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |