Olmaxonlar (Sciuridae) oilasiga 260 ga yaqin tur kiradi. Ular Avstraliya va Antarktidadan tashqari barcha materiklarda tarqalgan. Olmaxonlar oilasiga olmaxonlar, burunduqlar, yumronqoziqlar va sug’urlar kiradi. Olmaxonlarning uzunligi 20–31 sm atrofida bo`ladi. 20–30 sm li dumi sakraganda boshqaruv vazifasini bajaradi. Olmaxonlar changal tirnoqlari va vibrissalari yordamida daraxtga o`rmalab chiqishga, shoxdan–shoxga sakrashga layoqatlangan. Oddiy olmaxon (Sciurus vulgaris) nina bargli o`rmonlarda tarqalgan va daraxtlarda yashaydi.
Asosiy ozig’i ninabargli daraxtlarning mevasi va qo`ziqorin hisoblanadi. Oddiy olmaxon qishki uyquga ketmaydi. Ular Yevropa va Shimoliy Amerika o`rmonlarida keng tarqalgan. MDHda Qrimda, Kavkazda va Tyanshanda iqlimlashtirilgan.
Oddiy olmaxon mo`ynali hayvon hisoblanadi. Olmaxon juda qattiq sovuqda «gayna» deb ataladigan uyasidan bir necha kungacha chiqmaydi. Oddiy olmaxon bir yilda 2-3 marta bolalaydi, 3 tadan 10 tagacha usti yalang’och, ko`zi yumiq bola tug’adi.
Olasichqon yoki burunduq olmaxondan kichikroq, tanasi yo`l–yo`l, dumining olmaxonga nisbatan uncha baroq bo`lmasligi bilan farq qiladi. Asosan yerda va daraxtlarda yashaydi, uyasini yerda quradi. Qishda uyquga ketadi. Sibir o`rmonlarida va Yevropa sharqida Sibir burundug’i (Tamias sibiricus) uchraydi. Ov ahamiyatiga ega. Kuzda kedr yong’og’i, boshoqli va dukakklilar donini g’amlaydi.
Ko`p sonli yumronqoziqlar va sug’urlar oilaning yerda yashaydigan vakillari hisoblanadi. Yumronqoziqlarning ko`pchiligi cho`llarda bir qismi tog’larda yashaydi. Ular koloniya bo`lib, yer uyalarda yashaydi, qishda qattiq uyquga kiradi. Yumronqoziqlar g’alla ekinlarning zararkunandalari hisoblanadi. O`rta Osiyo va Qozog’istonning cho`l va dashtlarida yashovchi sariq yumronqoziq (Citellus fulvus)ning uyqusi uzoq davom etadi, uning uyqusiz davri 4 oy.
Mo`ynasi boshqa kemiruvchilar mo`ynasiga nisbatan qadrlanadi. Mavsumda bir marta ko`payadi va 6-8 ta bola tug’adi. Rossiyaning Yevropa qismi cho`llarida, Kavkazortida va Qozog’istonda kichik yumronqoziq (Citellus pygmaeus), MDHning Yevropa qismida esa chipor yumronqoziq (C.suslicus) yashaydi.
O`zbekistonda ingichka barmoqli yumronqoziq, sariq yumronqoziq, kichik yumronqoziq va relikt yumronqoziq turlari uchraydi.
Janubi-sharqiy Yevropa, Qozog’iston, O`rta Osiyo tog’larida va G’arbiy Sibir dashtlarida sug’urlar tarqalgan. O`zbekistonning tog’li hududlarida sug’urlardan qizil sug’ur (Marmota caudata) va ko`k sug’ur (Marmota menzbieri) tarqalgan. Ko`k sug’urning terisi yuqori baholanadi, yog’idan tabobatda foydalaniladi. Yumronqoziqlar va sug’urlar o`lat (chuma) va tulyaremiya kasalliklarini tarqatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |