Yalqovlar (Bradypodidae) oilasi vakillari daraxt bargi va mevalar bilan oziqlanadi va butun umrini daraxtda orqasini pastga qilib osiltirgan holda o`tkazadigan tungi hayvonlardan hisoblanadi.
Ularning barmoqlari 2 – 3 ta bo`lib, bir nav ilmoq hosil qiladi, hayvon shu barmoqlari yordamida daraxtlarga osilib turadi va sekin-asta harakat qiladi. Tirnog’i uzun, qovurg’alari serbar, qornidagi junlari yelka tomonga qaragan bo`ladi.
Bu beozor hayvonning himoyalanish usuli ko`zga ilinmaydigan bo`lishidir. Uzun va dag’al mo`ynalari orasiga o`rnashib olgan suvo`tlari mo`ynani yashil qilib ko`rsatadi. Yalqovlarning faqat oziq tishlari bor va bu tishlar umrbod o`sib turadi. Tana harorati +25°+35°C orasida o`zgarib turadi. Tanasining uzunligi 50 – 65 sm bo`ladi. Boshini 270° burchakka aylantira oladi. 5 ta turi bor. Bir yilda bitta bola tug’adi.
Yalqovlar Janubiy va Markaziy Amerikaning tropik o`rmonlarida tarqalgan. Yalqovlar terisi, go`shti va tirnog’i uchun ovlanadi. Tirnog’i bezak sifatida ishlatiladi.
Chumolixo`rlar (Myrmesophagidae) oilasi vakillarning uzunligi 15 sm dan 120 sm gacha boradi. Tipik vakillariga yerda hayot kechiradigan katta chumolixo`r (Myrmecophaga tridactyla) va changal dumli kichik chumolixo`r kiradi. Asosiy ozig’i chumoli va termitlar hisoblanadi. Hasharotlarni tiliga yopishtirib oladi. Ularning uzun naysimon tumshug’i va juda uzun yopishqoq tili bor, tishlari yo`q. Chumolixo`rlar faqat Markaziy va Janubiy Amerikada tarqalgan. Uchta turi bor, ular o`rmon va savannalarda yashaydi. Bir yilda bitta bola tug’adi.
222-rasm. Noto`liq tishlilar va yasherlar: 1-chumolixo`r, 2-yalqov, 3-yasher, 4-zirhli.
Sovutlilar (Dasypodidae) oilasi vakillari yerda hayot kechiradi, ular yerni kavlashga yaxshi moslashgan. Gavdasining ustida suyak qalqonlari va ularni ustidan qoplab olgan shox qalqonlari bor.
Qalqonlar bir-biriga harakatchan tarzda birikkan, shu sababli hayvon yumaloq bo`lib o`ralib oladi. Jun qoplami reduktsiyalangan, faqat qorni va oyoqlari siyrak junlar bilan qoplangan. Oldingi oyoqlarining tirnoqlari kuchli bo`lib, yerni kavlashga moslashgan. Sovutlilarda tishlarining soni har xil, ya`ni 8 tadan 100 tagacha bo`ladi. Tishlari bir xil o`tkir uchli konus shaklida bo`ladi.
Ular aralash ozuqa bilan oziqlanadi, ya`ni har xil mayda hayvonlar, o`limtiklar va o`simliklar ildizlari bilan oziqlanadi. Tili uzun, chuvalchangsimon, yopishqoq bo`ladi. 20 ta turi bor. Sovutlilar, ya`ni zirhlilar Janubiy va Markaziy Amerikaning cho`l hududlarida hamda Shimoliy Amerikaning janubida (Texas, Luiziana, Florida) tarqalgan. Tipik vakili Janubiy va Marqaziy Amerikada tarqalgan – bronenosets, ya`ni zirhli (Dasypus novemcinctus) hisoblanadi. Sovutlilar tanasining uzunligi 12 sm dan 100 sm gacha, dumi esa 2,5 sm dan 50 sm gacha va vazni 0,3 kg dan 55 kg gacha boradi. Ular 2 tadan 12 tagacha bola tug’adi. Go`shti va sovuti uchun ovlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |