Ovqat hazm qilish organlari. Akulaning og’zida harakatchan tog’aydan iborat jag’lari bor. Hazm sistemasi og’iz bo`shlig’iga olib kiradigan og’iz teshigidan boshlanadi
(42-rasm).
Og’iz bo`shlig’ining chetlarida teri plakoid tangachalarining o`zgarishidan paydo bo`lgan konussimon o`tkir tishlar bir necha qator bo`lib joylashgan. Tishlari yeyilib, yangisi bilan almashinib turadi. Kuchli chaynash muskullari va tishlari bilan qurollangan jag’lari yordamida oziq uzib olinadi va mexanik ishlanadi. Og’iz bo`shilig’ining to`rida til joylashgan. Til boshqa baliqlardagi singari o`z muskuliga ega emas. Til harakatini tilosti yoyi bajaradi. Og’iz bo`shlig’i sekin-asta jabra teshiklari ochiladigan keng va katta halqumga tutashadi.
4 2-rasm. Ichi yorilgan akula (erkagi):
1–burun teshigi, 2–og’iz teshigi, 3–jabralar,
4–tashqi jabra teshiklari, 5–venoz qo`ltig’i,
6–yurak oldi bo`lmasi, 7–yurak qorinchasi,
8–arterial konusi, 9–qorin aortasi, 10–olib keluvchi jabra arteriyasi, 11–oshqozonning kardial qismi, 12–oshqozonning pilorik qismi,13–ingichka ichak, 14–ichi yorilgan spiral klapanli yo`g’on ichagi, 15–to`g’ri ichak,
16– rektal bezi, 17–kloakasi, 18–jigari, 19–o`t pufagi, 20–o`t yo`li, 21–oshqozon osti bezi,
22–talog’i, 23–buyragi, 24–urug’ yo`li, 25–qorin juft suzgich qanotining kopulyativ o`simtasi, 26–qalqonsimon bez, 27–urug’don.
Halqumdan keyin qizilo`ngach va lotincha V harfga o`xshab bukilgan oshqozon keladi. Oshqozonning oldingi qismi kardial, keyingi qismi esa – pilorik deb ataladi. Oshqozonning pilorik qismidan juda kalta ingichka ichak boshlanadi. Ingichka ichak bilan oshqozonning orasida oshqozon osti bezi yotadi. Uch palladan iborat bo`lgan katta jigarda o`t pufagi bor, unga jigarda ishlangan o`t suyuqligi yig’ilib, o`t yo`li orqali ingichka ichakka quyiladi. Tog’ayli baliqlarning jigari gavda massasining 14-25% ni, jigar massasining esa 60-70% ni yog’ zaxirasi tashkil qiladi. Ingichka ichakdan keyin yo`g’on ichak va kloakaga ochiladigan to`g’ri ichak keladi. Yo`g’on ichak juda keng bo`lib, ichida burmalar – spiral klapanlar bor, bu klapanlar ovqat hazm qilish yuzasini kengaytiradi. To`g’ri ichakning o`rta qismidan barmoqsimon, ichi bo`sh o`simta – rektal bezi chiqadi. Rektal bez tuz almashinish organi vazifasini bajaradi. Bu bez organizmdagi ortiqcha tuzni ajratib chiqaradi. Oshqozonning keyingi bukilgan, ya`ni pilorik qismida konussimon taloq – qora jigar joylashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |