Tashqi ko`rinishi. Ko`pchilik akulalarning gavdasi duk shaklida bo`ladi
(35-rasm). Gavda chegarasi noaniq uch qismga: bosh, tana va dumga bo`linadi. Boshining oldingi tomonida uzun rostrumi bor. Boshining ikki yonida kattagina ko`zlari joylashgan. Akulalarning ko`zida harakatchan qovoqlari yo`q. Ko`zining orqasida ikkita teshik - sachratg’ich bo`lib, bu teshik halqum bilan tutashgan. Sachratg’ich qachonlardir jag’ yoyi bilan til osti yoylari oralig’ida joylashgan jabra teshigining qoldig’i hisoblanadi. Ko`ndalang tirqish shaklidagi og’iz teshigi boshining pastki qismida joylashgan. Jag’laridagi o`tkir tishlari, asosan shakli o`zgargan plakoid tangachalardir. Boshning pastki qismida og’ziga yaqin joyda bir juft burun teshigi bor. Burun teshiklari teri parda bilan ikkiga bo`lingan. Boshining ikki yonida beshtadan tirqishsimon, vertikal joylashgan jabra teshiklari bor. Oxirgi (beshinchi) jabra teshigi bosh bilan tana qismi oralig’idagi chegara hisoblanadi.
Boshi va tanasining yon tomonlarida yon chiziq organi joylashgan. Ular suvdagi barcha o`zgarishlarni sezuvchi seysmosensor organi hisoblanadi. Oxirgi jabra teshigidan akulaning tana qismi boshlanib, u kloaka bilan chegaralanadi. Gavdaning kloaka teshigidan keyingi bo`limi dum qismi hisoblanadi.
35-rasm. Akulaning tashqi tuzilishi:1–tumshug’i (rostrumi), 2–ko`zi, 3–sachratg’ichi, 4–og’iz teshigi, 5–burun teshigi, 6-jabra yoriqlari, 7–yon chiziq organi teshiklari, 8–kloakasi, 9–ko`krak suzgich qanoti, 10–qorin suzgich qanoti, 11–orqa suzgich qanoti,
12–dum suzgich qanoti.
Akulalarning juft va toq suzgich qanotlari bor. Tanasining oldingi qismi ikki yon tomonida gorizontal ko`krak juft suzgich qanoti va kloaka yon tomonlarida qorin juft suzgich qanotlari joylashgan. Erkaklarida qorin juft suzgich qanotlarining ichki qismi (suzgich qanoti bazal elementlari) o`zgarib, juft kopulyativ organga aylangan. Bu organlar uzun va qattiq o`simta shaklida bo`ladi. Akulalarning orqasida ikkita toq orqa suzgich qanoti bo`ladi.
Dum qismi kuchli serbar geterotserkal tipdagi dum suzgich qanoti bilan tugaydi.
Teri qoplami. Akulalarning terisi talaygina bir hujayrali bezlari bo`lgan ko`p qavatli epidermis va plakoid deb ataladigan bir talay tangachali qattiq koriumdan iborat. Har qaysi tangacha yumaloq plastinka shaklida bo`lib, bu plastinkada uchi orqaga qayrilgan tishchalar bor. Tangacha suyakka yaqin turadigan maxsus modda – dentindan tuzilgan, tishchalarning uchi esa qattiq modda emal bilan qoplangan. Plakoid tangachalar jag’ga o`tib, kattalashib, chin tishlarga aylanadi. Boshi bilan tanasining ikki yon tomonida yon chiziqlari uzunasiga ketgan bo`lib, sezuv organi vazifasini bajaradi. Yon chiziqlari ketma-ket o`rnashgan qator teshikchalardan iborat, bu teshikchalar teri sezuv organlari o`rnashgan kanal bilan qo`shiladi.
Skeleti. Tog’ayli baliqlarning skeleti tog’ay to`qimadan hosil bo`lgan va u quyidagi bo`limlarga bo`linadi: bosh skeleti, o`q skeleti (umurtqa pog’onasi), juft suzgich qanotlari va ularning kamarlari skeleti hamda toq suzgich qanotlari skeleti (36 rasm).
Bosh skeleti. Akulaning bosh skeleti ikkita bo`limga, ya`ni miya qutisi va vistseral (og’iz va jabra apparatlari skeleti)ga bo`linadi (37-rasm). Miya qutisining tepa qopqog’i faqat tog’aydan tuzilgan. Bosh miyani orqa tomondan ensa o`rab turadi, bu bo`limda katta ensa teshigi bo`ladi. Bosh miya ensa teshigi orqali orqa miya bilan qo`shiladi. Eshituv kapsulalari ko`z kosasining orqasida, eshituv bo`limining yon devorlariga joylashgan. Ko`z soqqalari joylashgan chuqurcha – ko`z kosalari miya qutisi oldingi qismining ikki yonida o`rnashgan. Miya qutisining ensa bo`limiga tananing birinchi umurtqasi birikadi. Miya qutisining asosi keng bo`lib, ko`z kosalarini ikkiga ajratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |