Ayirish organi. Barcha tuban umurtqalilarnikiga o`xshash akulalarda ham mezanefros buyrak bo`ladi. U ikkita uzunchoq tanacha shaklida bo`lib, umurtqa pog’onasining ikki yonida tana bo`shlig’ining deyarli ko`krak suzgichlari atrofidan to kloakasigacha cho`ziladi. Har qaysi buyrakdan bittadan ingichka siydik yo`li - Volf nayi chiqadi. Siydik yo`llari keyingi tomonda o`zaro qo`shiladi. Ular urg’ochilarida siydik so`rg’ichining va erkaklarida siydik-jinsiy so`rg’ichining tepasidan o`tib umumiy teshik bilan kloakaga ochiladi (45-rasm).
Jinsiy sistemasi. Erkak akulaning urug’donlari bir juft uzunchoq tana shaklida bo`lib, qizilo`ngachning yon qismi va jigarning tagida joylashgan (45-rasm). Urug’donlardan oq ipga o`xshash ingichka urug’ chiqarish yo`llari boshlanadi. Urug’ chiqarish yo`llari buyrakning yuqorigi, odatda urug’don ortig’i vazifasini bajaruvchi uchiga ochiladi. Buyrakning bu bo`limidagi kanalchalar (yo`llar) birlashib, qorin yuzasining ichki qirg’oqlari bo`ylab o`tadigan urug’ yo`llariga aylanadi. Urug’ yo`llarining keyingi uchlari kengayib, yupqa devorli urug’ pufakchalarini hosil qiladi. Urug’ yo`llari siydik yo`llari bilan birgalikda siydik-tanosil so`rg’ichiga ochiladi.
Erkaklik jinsiy hujayralari urug’donning kanallarida shakllanadi. Hali yetilmagan spermatozoid urug’ chiqarish yo`li orqali buyrakning oldingi qismidagi urug’don ortig’iga tushadi va bu yerda ular to`liq yetilgach, urug’ pufagiga yig’iladi.
B
A
45-rasm. A- Erkak akulaning siydik-tanosil sistemasi sxemasi: 1-buyrak, 2-siydik yo`li,
3-siydik-tanosil so`rg`ichi, 4-chap urug`don (o`ng urug`don ko`rsatilmagan), 5-urug` chiqaruvchi kanallar, 6-urug` yo`li, 7-urug` pufagi, 8-qizilo`ngach, 9-jigar, 10-qorin juft suzgichining kopulyativ o`sig`i, 11-kloaka bo`shlig`i. B-Urg`ochi akulaning siydik-tanosil sistemasi sxemasi:1-buyrak, 2-siydik yo`li, 3-siydik-tanosil so`rg`ichi, 4-chap tuxumdon (o`ng tuxumdon ko`rsatilmagan), 5-tuxum yo`li, 6-har ikki tuxum yo`li uchun umumiy voronka,
7-qobiq bezi, 8-bachadon, 9-tuxum yo`li teshigi, 10- qizilo`ngach,
11-jigar, 12-kloaka bo`shlig`i.
Otalantirish vaqtida urug’ pufakchalarining devorlari qisqarib, spermatozoidlarni kloakaga tushiradi, so`ngra bu yerdan kopulyativ organ orqali urg’ochisining kloakasiga to`kiladi.
Urg’ochilarining juft tuxumdoni ham qizilo`ngachning ikki yonboshida joylashgan. Juft tuxum yo`llari (Myuller naylari) esa qorin (ventral) qismida yotadi. Tuxum yo`llarining oldingi uchi jigar atrofidan o`tib, jigarning qorin (ventral) tomonidagi markaziy pallada joylashgan umumiy voronkaga qo`shiladi. Tuxum yo`llarining yuqori uchidan bir oz pastroqda bittadan yumaloq bo`rtma bo`lib (sekreti tuxum qobig’ini shakllantiradi), qobiq bezi ana shu bo`rtmaning ichiga o`rnashgan. Tuxum yo`llarining pastidagi ancha kengaygan qismi bachadon deb ataladi. U kloakaga mustaqil teshik bilan siydik so`rg’ichining yonida ochiladi.Yetilgan tuxumlar tuxumdon devorini yorib, tana bo`shlig’i orqali tuxum yo`lining voronkasiga tushadi. Shunday qilib, urg’ochi akulaning tuxum yo`llari tuxumdon bilan qo`shilmasdan to`g’ridan-to`g’ri tana bo`shlig’iga ochiladi. Tuxum yo`llarining devori qisqarib turishi tufayli ichidagi tuxumlar bachadon tomonga qarab harakatlanadi. Tog’ayli baliqlarda otalanish ichki bo`ladi, bunda spermatozoid bilan tuxum hujayra tuxum yo`lining yuqori bo`limida qo`shiladi. Tirik tug’uvchi vakillarida embrion to`liq shakllanguncha tuxum yo`lining bachadon bo`limida saqlanib turadi. Tuxum qo`yib ko`payadigan turlarida esa qalin pardaga o`ralgan tuxumlar tashqariga chiqariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |