Ayirish organlari. To`garak og’izlilarning embrional rivojlanishida dastlab tanasini old tomonida bosh buyraklar deb ataluvchi birlamchi buyraklar (pronefros) shakllanadi. Bunday buyraklarni asosini buyrak naychalari tashkil etadi. Har bir naycha selomga ochiladigan voronkadan boshlanadi. Voronka devoriga malpigi tanachalari deb ataluvchi kapillyarlar tomirlari chigali tegib turadi. Dissimilyatsiya mahsulotlari qondan jigar orqali, tana bo`shlig’i selomdan esa voronka orqali naychalarga o`tadi. Barcha naychalari tutashib bitta siydik chiqarish nayini hosil qiladi. Chiqarish nayi anal teshigidan orqaroqda tashqariga ochiladi. Ayrim to`garak og’izlilar (Bdellostoma avlodiga kiruvchi miksinalar)da bosh buyraklar umri davomida saqlanib qoladi. Ko`pchilik to`garak og’izlilarning voyaga yetgan davrida bosh buyraklar (pronefros) o`rniga birmuncha murakkab tuzilgan tana buyraklar (mezanefros) rivojlanadi. Mezanefroslarning kapillyarlar chigali (malpigiy tanachalari) voronka nayi bilan tutashib ketadi va kapillyarlar chigali atrofida boumenov kapsulasi hosil bo`lishi tufayli dissimilyatsiya mahsulotlarini qondan naychalarga o`tishi yengillashadi. Mezanefrosning naychalari pronefrosga nisbatan uzun va qalinroq kapillyarlar to`ri bilan qoplangan.
Ko`payishi. To`garak og’izlilar ayrim jinsli. Jinsiy bezlari toq bo`lib, bitta urug’don va bitta tuxumdondan iborat. Jinsiy bezlar ko`payish davrida tana bo`shlig’ining ko`p qismini egallaydi. Jinsiy bezlarining alohida qisqarish yo`llari bo`lmaganligi tufayli jinsiy hujayralar yetilganida gonadalar devori yorilib jinsiy hujayralar tana bo`shlig’iga tushadi va u yerdan siydik – jinsiy sinus (tana bo`shlig’ining chegaralangan qismi) teshigi orqali suvga chiqadi va urug’lanish suvda sodir bo`ladi.
Rivojlanishi. Minogalar metamorfoz orqali rivojlanadi. Diametri 1 mm keladigan minoga tuxumida sariqlik modda kam bo`ladi va tuxum to`la bo`linadi. Minoganing tuxumidan bo`yi 10 mm keladigan qumteshar deb ataluvchi lichinka chiqadi. Lichinkalar mikroskopik suv o`tlari, mayda hayvonlar va organik qoldiqlar bilan oziqlanadi. Lichinkasining boshskeletsizlarga o`xshash endostili bo`ladi. Lichinka lantsetnik singari suv tubida qumga ko`milib yashaydi. Uning tuzilishi va hayot kechirish xususiyatlari to`garak og’izlilarni boshskeletsizlardan kelib chiqqanligini ko`rsatadi.
Qumteshar voyaga yetgan minogadan bir qator belgilari bilan farq qiladi, ya`ni ularda alohida nafas nayi bo`lmaydi, chunki halqum ichakning boshqa bo`laklaridan ajralmagan. Jigari naysimon, miyasi birmuncha katta, ko`zlari murtak holda bo`lib, teri bilan to`la qoplangan. Og’iz oldida so`rg’ich voronkasi bo`lmaydi, tishlari yo`q. Og’zining oldi 2 ta lab bilan o`ralgan bo`ladi.