Miksinalar (Myxini) kenja sinfiga bitta miksinasimonlar (Myxiniformes) turkumi kiradi. Ular ko`pincha tinch turgan va suzib yurgan baliqlar bilan oziqlanadi. Miksinalar baliqlarning ichiga kirib olib, butun ichki organlarini yeb qo`yadi, faqat baliqlarning skeleti bilan terisi qoladi. Demak, miksinalar vaqtincha bo`lsa ham haqiqiy endoparazitlar hisoblanadi. Miksinalar tanasining shakli yirik chuvalchanglarga o`xshab ketadi (30-rasm).
30-rasm. Miksinalar.
Parazitlik qilib yashashi munosabati bilan ular ko`p tomondan regressiv evolyutsiyani boshidan kechirgan, ya`ni orqa suzgich qanoti va jabra apparatining skeleti yo`qolib ketgan.
Ko`zi zaif rivojlangan bo`lib, terisi ostiga yashiringan. Ularning og’iz oldi voronkasi atrofida 2 juft mo`ylovlari bo`lib, og’iz va burun teshiklarini o`rab turadi. Minogalarnikidek, shox tishchalar bilan qurollangan, parmalovchi organ vazifasini bajaradigan juda kuchli tili bor. Burun teshigi hidlash xaltasiga tutashgan. Xalta halqum bo`shlig’iga ochiladi. Shuning uchun miksinalar burun teshigi orqali ham suvni halqumiga tortib olishi, ya`ni og’zi yopiq bo`lganda ham nafas olishi mumkin.
31-rasm. Miksinaning jabra apparati: 1-qam-ragichlari; 2-halqumi;
3-jabra xaltachasi; 4-umu-miy jabra kanali; 5-qi-zilo`ngachi.
Miksinalarning ko`pgina turlarida jabra xaltalari tashqi yo`llari teriosti nayiga yig’iladi va tashqariga bir juft teshik bilan ochiladi. Jabra xaltalarining va teshiklarining soni 15 juftgacha boradi (31-rasm). Burun teshigi og’iz voronkasining ustiga o`rnashgan. Miksinalarda alohida nafas nayi yo`q. Shuning uchun ham jabra yoriqlari o`tgan halqumi bevosita qizilo`ngachga tutashgan bo`ladi.
Miksinalarning qon aylanish sistemasi o`ziga xos tuzilgan. Qonni jabralar orqali haydovchi yurak bilan bir qatorda miksinalarning boshi, jigari va dum qismida yana uchta yuragi bor. Bu yuraklarning qisqarishi tufayli vena qoni qon tomirlari bo`ylab oqadi. Miksinalarning qon aylanish sistemasi ochiq tipda tuzilgan.
Miksinalar terisi ostida juda ko`p shilimshiq ajratadigan bezlari bor, ular tanasining ikki yon tomonida uzunasiga qator bo`lib joylashgan. Shu bezlar orqali teri ustiga ko`plab shilimshiq ishlab chiqarish xususiyatiga ega.
Miksinalar germafrodit, yosh miksinalar faqat urug’larni ishlab chiqaradi, keksa miksinalar esa faqat tuxumlarni ishlab chiqaradi. Otalanish tashqi, ya`ni suvda o`tadi. Miksinalar 20-30 ta tuxum qo`yadi. Tuxumlarining kattaligi 2-2,5 sm keladi. Tuxum sarig’i ko`p bo`ladi. Miksinalar tuxumlarini suv tagidagi birorta substratga ilashtirib qo`yadi. Ular ikrasini, asosan yozda suvga chiqaradi. Rivojlanishi metamorfozsiz, ya`ni to`g’ridan-to`g’ri boradi.
Miksinalar turkumiga 18-20 ta tur kiradi va ular ikkita: Miksinalar (Myxinidae) va Bdellostomalar (Bdellostomidae) oilalariga va 5 ta avlodga bo`linadi. Miksinalar, asosan mo`tadil va subtropik iqlimdagi okeanlarda (Atlantika, Tinch va Hind okeanlar) va dengizlarda tarqalgan.
Ular kunduzi qumga ko`milib oladi, kechasi faol bo`lib, dengiz chuvalchanglari va boshqa umurtqasiz hayvonlarni hamda baliqlarni qidirishga kirishadi. Bdellostomalar oilasi vakillarida 5 juftdan 15 juftgacha bo`lgan jabra teshiklari mustaqil ravishda tashqariga ochilishi bilan miksinalar oilasi vakillaridan farq qiladi. Ular ozig’i, asosan baliqlar hisoblanadi. Bdellostomalar Hind va Tinch okeanlarida tarqalgan, baliqchilik xo`jaligiga katta ziyon yetkazadi. Miksinalar, ayniqsa, to`rga tushgan baliqlarni yeb baliq oviga katta zarar yetkazadi.
Bitta treska balig’ining ichida 123 ta miksinalar parazitlik qilishligi fanga ma`lum. Miksinalarning sanoatda deyarli ahamiyati yo`q. Ayrim turlari inson tomonidan iste`mol qilinadi. Ammo miksinalar to`rga tushgan baliqlarda parazitlik qilib katta zarar yetkazadi. Ular dengizlarda 20 m dan 500 m gacha, ba`zilari hatto 1000 m gacha bo`lgan chuqurliklarda yashaydi.
Miksinalar turkumi vakillarining uzunligi 50-60 sm gacha, ayrimlari (bdellostomalar oilasi turlari) hatto 1 m gacha boradi. Miksinalardan oddiy miksina (Myxine glutinosa) Hind va Tinch okeanlarida, Shimoliy va Janubiy Amerika, Yaponiya, Afrika va Yangi Zelandiya qirg’oqlarida ko`p uchraydi. Uning uzunligi 35-40 sm ga yetadi. Miksinalar chuvalgangsimon bo`lgani uchun Linney ularni chuvalganglar sinfiga kiritgan. Yuqorida ta`kidlanganidek, miksinalarning ko`zlari reduktsiyaga uchragan. Lekin ularda yorug’likni sezishning boshqa yo`llari paydo bo`lgan, ya`ni miksinalarning boshi va dum qismida “teri ko`zlari” bo`lib, ular yordamida yorug’likni yaxshi sezadi. Miksinalar o`ljani ikki juft sezish mo`ylovlari va sezish organlari yordamida topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |