224-rasm. Yirtqichlar turkumi vakillari: 1 – bo`ri, 2 – chiyabo`ri, 3 – oq tulki,
4 – yo`lbars, 5 – tulki, 6 – suvsar, 7 – oq ayiq, 8 – latcha, 9 – olaqo`zan, 10 – gepard,
11 – yenotsimon it, 12 – yenot poloskuni, 13 – silovsin, 14 – o`rmon mushugi.
Mushuklar oilasi vakillarining oyoqlari nisbatan uzun, oldingi oyoqlarida 4 tadan barmoqlari bor. Bu yirtqichlarning xarakterli ov usuli pisib turib o`ljasini ustiga birdan tashlanadi. Ularning yirtqich tishlari kuchli rivojlangan. Ko`pchilik turlari bir yilda bir marta 1 tadan 7 ta gacha, ko`pincha 2-4 ta bola tug’adi. Sher 2 yilda bir marta ko`payadi, bo`g’ozlik davri 110 kun, 2-3 ta bola tug’adi. Mushuklar oilasi vakillari mo`ynasi uchun ovlanadi. Ayrim turlari chorvachilikka zarar keltiradi.
Suvsarlar (Mustelidae) oilasi vakillari mayda va o`rtacha kattalikda, gavdasi cho`ziq, egiluvchan, oyoqlari kalta, va 5 barmoqli, tirnoqlari ichiga tortilmaydi, yarim tovonda yoki tovonda yuradi. Ayrim turlari barmoqlarining orasida parda tortilgan, dengiz qunduzi (kalan)ning orqa oyoqlari eshkakka, kurakka aylangan.
Anal teshigi atrofida o`tkir hidli suyuqlik chiqaradigan muskus bezlari yaxshi rivojlangan. Suvsarlar Avstraliyadan tashqari hamma joyda tarqalgan. Suvsarlar oilasining sistematikasi hozirgacha aniq ishlab chiqilmagan. Hozirgi vaqtda suvsarlar oilasiga 24 ta urug’ va 64 ta turi kiradi. MDHda 18 ta turi, shu jumladan, O`zbekistonda 9 ta turi (O`rta Osiyo qunduzi, Hind asalxo`ri, bo`rsiq, tog’ suvsari, olaqo`zan, qora latcha, oq latcha, sassiqqo`zan, Amerika norkasi) uchraydi. Suvsarlar oilasining eng muhim vakillariga o`rmon suvsari (Martes martes), sobol (Martes zibellina), sassiqqo`zan (Mustela eversmanni), Yevropa norkasi (Musttlf lutreola), Amerika norkasi (Mustela vison), oq latcha (Mustela erminea), latcha (Mustela nivalis), daryo qunduzi (Lutra lutra), bo`rsiq (Meles meles), rosomaxa (Gulo gulo), dengiz qunduzi yoki kalan (Enhydra lutris), Hind asalxo`ri (Mellivora capensis) va boshqalar kiradi.
Suvsarlarning yungi qalin va yumshoq, Ular qimmatbaho mo`ynasi uchun ovlanadi. Oq latcha bilan latcha qishda yozdagi jigarrang mo`ynasini o`zgartirib, qordek oppoq rangga kiradi. Suvsarlarning ko`pchiligi yiliga 2 marta tullaydi, yiliga bir marta ko`payib, 1 ta dan 18 ta gacha bola tug’adi. Masalan: olaqo`zanlar har yili 12 tadan 18 tagacha bola tug’adi. Olaqo`zan bolalari 45 kundan keyin go`sht bilan oziqlanadi, 3 oydan keyin onasining orqasidan yura boshlaydi. Sobol ham yiliga bir marta urchiydi, homiladorlik davri 230-280 kun, 2-5 ta bola tug’adi.
Suvsarlar har xil muhitlarda (suvda, quruqlikda) yashaydi, in kavlaydi yoki boshqa hayvonlar qazigan inlaridan foydalanadi. Amerika norkasi iqlimlashtirilgan, maxsus mo`ynachilik fermalarida boqiladi. Suvsarlar ham etxo`r, zararkunanda kemiruvchi hayvonlarni qirib foyda keltiradi. Ko`pchilik turlarining soni keskin kamayib ketgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |