Ayiqlar (Ursidae) oilasining vakillari yirik, vazmin, oyog’ining kaftiga tayanib yuradi. Boshi katta, bo`yni qisqa va yo`g’on, tumshug’i cho`zinchoq, dumi kalta, qalin juni orasida deyarli sezilmaydi. Qoziq va kurak tishlari yirik. Hid bilish organi kuchli rivojlangan. Ayiqlarning 4 ta urug’i va 7 ta turi bor: qo`ng’ir ayiq (Ursus arctos), oq ayiq (Ursus maritimus), qora yoki Himolay ayig’i (Ursus thibetanus), ko`zoynakli ayiq (Tremarctos ornatus), Malayziya ayig’i (Helarctos malayanus), baribal (Ursus americanus) va labdor ayiq (Melursus ursinus).
Qo`ng’ir ayiq Yevropa, Osiyo, Shimoliy Afrika va Amerikaning o`rmonli hududlarida tarqalgan. Tanasining uzunligi 2,5 m, og’irligi 300-600 kg gacha yetadi. O`zbekistonning tog’ o`rmonlarida qo`ng’ir ayiq uchraydi. O`simlik va hayvonlar bilan oziqlanadi. Qishda uyquga ketadi. Qo`ng’ir ayiq oktyabr-noyabr oylaridan mart-aprel oylarigacha daraxtlar kovagi, toshlar ostidagi kovaklarda, tabiiy chuqur joylar yoki o`zi qazigan iniga kirib, qishki uyquga ketadi. Urg’ochilari uyada 2-3 ta, ba`zan 1 yoki 4 ta nimjon bola tug’adi.
Qora ayiq, ya`ni Himolay ayig’ining tanasi birmuncha kichik va xipcharoq, quloqlari yirik, juni qora, faqat ko`kragining oldingi tomonida tasmaga o`xshash oq juni bo`ladi. Janubi-Sharqiy Osiyoning aralash va keng bargli subtropik o`rmonlarida hamda Rossiyaning Ussuriy o`lkasida yashaydi. Qora ayiq ham qo`ng’ir ayiq singari mevalar, o`simliklarning barglari, yosh novdalari, turli hasharotlar va hayvonlarning murdalari bilan oziqlanadi. Ular yerda va daraxtlarda yashaydi.
Oq ayiq Arktika muzliklarida tarqalgan, asosan baliq va tyulenlar bilan oziqlanadi, yil davomida faol hayot kechiradi, ya`ni qishki uyquga ketmaydi, faqat urg’ochilari bolalash vaqtida qor uyalariga kirib yotadi. Oq ayiqlar tanasining uzunligi 3 m va og’irligi 700 kg dan ortiq bo`ladi.
Urg’ochi oq ayiqlar 4 yoshida voyaga yetadi va har 2-3 yilda bir marta 1-3 tagacha bola tug’adi. Bo`g’oz oq ayiq qirg’oqda yoki oqmaydigan muzlarda in qazib, bola tug’adi. Hozir yer yuzida 10-20 mintagacha oq ayiq bor, shundan 7 mingi MDHning Arktikasida uchraydi.
Baribal Shimoliy Amerikada tarqalgan, juni silliq, tanasining uzunligi 1,5-1,8 m, og’irligi 120-150 kg gacha yetadi. Janubiy Osiyoning tropik va subtropik o`rmonlarida Malayziya ayig’i, Hindiston va Seylonda labdor ayiq, Janubiy Amerikada esa ko`zoynakli ayiq uchraydi.
MDHda, asosan qo`ng’ir ayiq, qora ayiq va oq ayiq uchraydi. Janubda yashaydigan ayiqlar ko`proq o`simlikxo`r bo`lsa, shimolda yashaydigan ayiqlar etxo`r va hammaxo`r hisoblanadi. Ayiqlar 3-4 yoshidan boshlab ko`paya boshlaydi. Homiladorlik davri 7 oyga to`g’ri keladi, 1 tadan 5 tagacha bola tug’adi. Ayiqlar 30-40 yil umr ko`radi. Ko`pchilik ayiqlar mo`ynasi va yog’i uchun ovlanadi. Barcha turlarining soni keskin kamayib ketganligi sababli bir qator mamlakatlarda ayiqlar muhofaza qilinadi. Ayiqlarning 5 ta turi Xalqaro «Qizil kitob»ga, qo`ng’ir ayiq esa O`zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |